Nuriddin Boboqandov (nuriy) – 75 yoshda!

 

AYoN BO‘LG‘AY

 

Har yaxshi yomon, ey do‘st,

nisbatda ayon bo‘lg‘ay,

Til birlan emas, tarzing

mehnatda ayon bo‘lg‘ay.

 

 

Zohirda jilo yalt-yult,

botinga baho bo‘lmas,

Suvratdamas kimliging

siyratda ayon bo‘lg‘ay.

 

Majlis-mashvaratlarda,

minbarda qiroatlar,

Bong urishlardan xorij

xilqatda ayon bo‘lg‘ay.

 

Elga e’tiqod birlan

farzandlik qilur ersang,

Senga elu yurt qilgan

hurmatda ayon bo‘lg‘ay.

 

Qo‘l cho‘zsa samolarga,

yetgusi boyonlarning,

Ko‘ngil mulkin bisoti

ishratda ayon bo‘lg‘ay.

 

Mehnatu mashaqqatda

qaddi yo yoronlarning,

Zahmati ular chekkan

hasratda ayon bo‘lg‘ay.

 

Ta’rifu tavsifdamas

mardning fe’li atvori,

Mardlik fazli odamning

jur’atda ayon bo‘lg‘ay.

 

Buqalamunlar bekor

banda tovlanishida,

Odatda odam nasli

xilvatda ayon bo‘lg‘ay.

 

Alqissa, ayon bo‘lmoq

sir asrori ko‘p, Nuriy!

Ammo odam eng so‘nggi

fursatda ayon bo‘lg‘ay.

 

***

 

SO‘RA

 

Orazlaring ol rangini

so‘rsam, deding-guldan so‘ra,

Guftorlaring shakkarligin

aytdingki bulbuldan so‘ra.

 

Xipcha bel murchamiyon ul

sarviqomat sirlarin,

Bilgim keluvdi, naylayin

ovsar! deding qildan so‘ra.

 

Ne erur jonsiz jasadga

ruh ato etgan sehr?

Bul siri asrorni mahbub

so‘zlagan tildan so‘ra.

 

Qaydin olgansan bu yanglig‘

noyob zakovat ganjini?

Iftixor birlan deding

piri komildan so‘ra.

 

Ne uchun Majnunu Mashrab

bo‘ldi xor ushshoqlar?

Telbayu devonaliklar

tarzini dildan so‘ra.

 

Men sanamni jondin ortiq

Ko‘rsam-u, ul boqmasa?

Mohi paykarni sevib

qolgan g‘ulom quldan so‘ra.

 

Ne edi aybi Mo‘min

Mirzo Humoyunning desam,

Oh! deding may deb atalgan

zahri qotildan so‘ra.

 

Bir zaminda voajab

anjir bilan kakra o‘sur!

Har ikkisin mehriboni

tuproq bilan gildan so‘ra.

 

Bilmaganni kim so‘rab,

o‘rgansa xo‘b a’lo emish,

Oqibat holin nodonning

do‘sti-johildan so‘ra.

 

So‘rma Nuriydan bu yanglig‘

oliymaqomlik sirlarin,

Hofizu Hayyom, Navoiy,

Sa’diy, Bedildan so‘ra.

 

***

 

AMMO O‘ZINGIZGA QOYIL, BIRODAR!

 

Ammo, o‘zingizga qoyil birodar!

Hech kim bo‘lolmaydi sizga barobar.

Nafsingiz yo‘lida duch kelsa agar,

Filni ham ko‘z yummay yutvorasiz.

“Hech gap bo‘lgan yo‘q”, deb kulib turasiz.

 

Halolu haromning farqi yo‘q sizga,

O‘marib olasiz narxi yo‘q sizga,

Lozimmi yo abas sharhi yo‘q sizga,

Yulduzni benishon ko‘kdan urasiz,

Qo‘lni qovushtirib, kulib turasiz.

 

Yetim-yesirlarning rizqi hamyonda,

Mehnat ul yonda-yu, rohat siz yonda,

Siz rizqin yeb qo‘ygan go‘dak giryonda,

Zarracha seskanmay ayshni urasiz,

Qabrlarni buzib, qasr qurasiz.

 

Ustingizda ancha po‘rim kiyim-kechak,

Zavjiyangiz zulfi gajak, taqib chechak,

Sog‘lom daraxt tanasida shum zarpechak,

Jaholat mulkida javlon urasiz,

Haqqin so‘raganga itday hurasiz.

 

Adolat haqida gap ochilsa gar,

Til soqov, ko‘z so‘qir, qulog‘ingiz kar,

Go‘yoki xo‘rlangan miskin mushtipar,

Ko‘zda yosh notavon yig‘lab turasiz,

Ko‘ksingiz changallab, ohlar urasiz.

 

Valekin, erta-kech muqarrar bir kun,

Qasosul minal haq so‘rovi uchun,

Tavba-tavalloda pushaymon dilxun,

Iltijolar qilib, nolon turasiz,

Endi nadomatda “davron” surasiz.

 

***

SIYRATI SENDA BU TANNING

Siyrati senda bu tanning,

suvrati men birladir,

Rohati jon sen tomonu

hasrati men birladir.

 

Bu tan ichra qahri qattiq –

qalb atalgan shoh bor,

Bor ziyosin senga bergan

zulmati men birladir.

 

Ne karam ko‘rsatding-u,

ne gunoh qildim faqir,

Shafqati senga ato.

shiddati men birladir.

 

Har zamon boshimga yoqqan

g‘am alamlar dardini,

Da’vatin tinmay qilursan

zaxmati men birladir.

 

Senga qul bo‘lgan xayolim

chorlayurman yolvorib,

Ruxsati ilkingda, lek

minnati men birladir.

 

Qay birin aytay, shahanshoh,

qahru mehri tarzini?

Himmatining bori senda,

kulfati men birladir.

 

Noumid ermaski, Nuriy

tun ketidan tong kutib,

Xud o‘shal tong ziynati sen,

tal’ati men birladir.

Nuriddin BOBOQANDOV.