"Nurobod neftbazasi"dan asossiz bo‘shatilgan haydovchi vazifasiga qayta tiklandi
Bu haqda Majburiy ijro byurosining Past Darg‘om tuman bo‘limi davlat ijrochisi Najmiddin Yusupov xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Nurobod tuman sudining joriy yil 2 maydagi da’vogar X.E.ni javobgar “Nurobod neftbazasi” unitar korxonasiga ishga tiklash to‘g‘risidagi ijro hujjati bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.
Ijro harakatlariga kirishilib, korxona mansabdor shaxslariga X.E.ni darhol ishga tiklash majburiyati yuklatilgan.
O‘z navbatida mansabdor ijro hujjatining talabini bajarmagan taqdirda ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik belgilanganligi to‘g‘risida ogohlantirilgan.
Shundan keyin X.E. tegishli buyruq asosida "Nurobod neftbazasi" unitar korxonasi haydovchisi vazifasiga ishga tiklangan.
Ya’ni, sud qarori ijrosi etilib, xodimning buzilgan huquqlari tiklanishi ta’minlangan.