Nurobod tumanida poyezd yo‘liga tosh qo‘ygan maktab o‘quvchisi aniqlandi
Joriy yilning 29 oktyabr kuni Samarqand viloyati IIB transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasiga “Qarshi-Samarqand-Toshkent” yo‘nalishidagi “Afrosiyob” tezyurar yo‘lovchi poyezdi “Ulus-Gumbaz” temir yo‘l bekatlari oralig‘ida harakatlanayotgan vaqtida temir yo‘l iziga tosh qo‘yilganligi aniqlangan.
Surishtiruv ishlari natijasida temir yo‘l iziga tosh bo‘laklarini qo‘ygan fuqaro 6-sinf o‘quvchisi, Nurobod tumani Oltinsoy mahallasida yashovchi voyaga yetmagan S.J. ekanligi aniqlandi.
IIV transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, holat yuzasidan surishtiruv ishlari davom etmoqda.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish joizki, bunday qiziqishning oqibati ayanchli yakun topishi mumkin. Masalan, poyezd relsdan chiqib ketishi, insonlarning hayoti xavf ostida qolishi, shuningdek, texnogen yoki ekologik falokat yuz berishi mumkin. Bu kabi harakatlar yo‘lovchilar va yuklarni tashishda poyezdlar harakati xavfsizligiga bevosita tahdid soladi va harakat jadvalining buzilishiga olib keladi. O‘zingiz va o‘zgalarning hayotiga befarq bo‘lmang.