Nurobodda quyosh fotoelektr stansiyasi qurilmoqda
9 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, Energetika vaziri Alisher Sultonov va boshqa mas’ul mutaxassislar Nurobod tumanida barpo etilayotgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurilish maydonida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Prezidentimizning 2020 yil 13 mayda “Samarqand viloyatida quvvati 100 MVt bo‘lgan fotoelektrik stansiyani qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Fransiyaning “Total Eren SA” kompaniyasi bilan hamkorlikda Nurobod tumanida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurilmoqda.
Hozirda kirish yo‘llarini qurish va yer maydonini tekislash ishlari boshlangan. Elektr tarmog‘ining qurilish ishlari hamda loyiha yer maydonini to‘siqlar bilan o‘rab chiqish fevral oyining oxirida yakunlanishi ko‘zda tutilgan. Elektr stansiyasining ishga tushirilishi esa 2021 yilning to‘rttinchi choragiga belgilangan.
Energetika vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur investitsiya loyihasi doirasida barpo etilayotgan elektr stansiyasining umumiy yer maydoni 353 gektarni, loyihaning umumiy qiymati esa 100 million AQSh dollarini tashkil etadi va investor (Fransiyaning “Total Eren SA”) tomonidan 100 foiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtiriladi.