Nuroboddagi chekka maktabda o‘tgan yili bitiruvchilarning 75 foizi talaba bo‘lgan
Nurobod tumanining olis O‘rta Sho‘rcha qishlog‘idagi 36-maktab tashkil etilganiga 75 yil to‘ldi.
Shu munosabat bilan ta’lim muassasasida tantanali tadbir o‘tkazildi. Unda shu qishloq farzandi, marhum tarixchi olim Boymurod Sultonov hamkasblari bo‘lgan poytaxtlik professor-o‘qituvchilar, mazkur maktabni bitirib, nufuzli tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan sobiq o‘quvchilar, bundan 50 yil avval shu ta’lim muassasasini tamomlagan sinfdoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda Boymurod Sultonovning maktab tarixiga bag‘ishlangan risolasi taqdimoti ham o‘tkazildi.
Tadbir yakunida maktab bitiruvchilari uchun so‘nggi qo‘ng‘iroq chalindi.
- Maktabimizda 180 nafar o‘quvchi ta’lim oladi, - deydi muassasa rahbari Gulzoda Xolova. - Ularga 22 nafar o‘qituvchi dars beradi. Bu yil maktabni 13 nafar o‘quvchi bitiradi. Ularning barchasi talaba bo‘lish niyatida. Bitiruvchilar orasida chet tili bo‘yicha maxsus sertifikatga ega bo‘lganlari bor. O‘tgan yili 8 nafar bitiruvchidan 6 nafari OTMga o‘qishga kirgan edi.
Mehmonlar sovg‘a qilgan 100 dan ortiq kitob maktab kutubxonasi fondini boyitdi.
Barno Botirova.