“Nurobodliklarga pul emas, avvalo sharoit kerak”

“Nurobodliklarga pul emas, sharoit kerak”

O‘tgan yili viloyatimiz hududi tadbirkorlikni rivojlantirishda mavjud sharoit, salohiyat va imkoniyatlardan kelib chiqib besh toifaga bo‘lindi. Shunda Nurobod tumani to‘rtinchi, ya’ni, jozibadorligi yetarli bo‘lmagan hudud deb topilgan edi. Bu nafaqat tadbirkorlik, ma’lum ma’noda shu tumandagi aholining yashash sharoitiga ta’sir qiluvchi ko‘rsatkich hisoblanadi. Sababi biznes uchun sharoit yetarli bo‘lmagan holda, infratuzilmani rivojlantirish, iqtisodiy-ijtimoiy farovonlikni oshirish haqida gapirish qiyin. Xo‘sh, unda aholining daromadi qayerdan? Va bugunning eng dolzarb savoli: hududda kambag‘allik qanday qisqartirilyapti? Xizmat safarida buni aniqlashga harakat qildik.

Samarqand shahridan chiqishda elektron xarita oraliq masofani 90 kilometr deya ko‘rsatdi. Bu tuman markazigacha. Biz bormoqchi bo‘lgan chekka hududlarni qo‘shib hisoblaganda, yana shuncha yuriladi. Yo‘l-yo‘lakay tuman haqida ma’lumot to‘playmiz: Aholisi 163 ming nafarga yaqin. Yo‘llarining jami uzunligi 1800 kilometr. Shundan bor-yo‘g‘i 112 kilometri asfalt qilingan, 911 kilometri tosh va 781 kilometri tuproq yo‘llar. Aholining 17 foizi tabiiy gaz bilan ta’minlangan. Qolganlari suyultirilgan gaz balloni yoki o‘tindan foydalanadi. Bilishimizcha, hududning asosiy qismi sug‘orilmaydigan, qurg‘oqchil yerlar. Demak, o‘tin ham muammo.

“Kambag‘allar 8,5 foiz, lekin bu real raqam emas”

Nurobodga kelib, dastlab tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi rahbari G‘ayrat Musurmonov bilan uchrashdik. Unga ko‘ra, bugungi holatda tumanda istiqomat qiluvchi 38,9 ming oiladan 6,7 mingtasi kam ta’minlangan, shundan 3298 tasi kambag‘al hisoblanadi.

— Bu oilalarning 13 ming nafar mehnatga layoqatli a’zolari bor, - deydi G‘ayrat Musurmonov. – O‘rganish davomida ularning asosiy qismi doimiy ish bilan band bo‘lsa-da, to‘liqsiz ish rejimida yoki kam maosh olib ishlayotgani, 2629 nafarining doimiy ishi yo‘qligi, 488 nafari tadbirkorlik bilan shug‘ullansa-da, daromadi kamligi ma’lum bo‘ldi. Eng ko‘p uchraydigan holat – oilada er-xotinning kunlik topish-tutishi yaxshi, ammo rasmiy daromadi yo‘q. Ular o‘zini o‘zi band qiluvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, lekin bu oilaning real daromadini aniqlash imkonini bermaydi. Oqibatda ular kam ta’minlangan oila sifatida ro‘yxatda turaveradi.

Mas’ulning ta’kidlashicha, tumanda Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidagi vazifalar ijrosi doirasida ishlar boshlangan. Xususan, tumanning 10 ta eng og‘ir toifali mahallasi belgilanib, ayni kunda ularni kompleks rivojlantirish, aholi uchun munosib yashash va ishlash sharoitlarini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, barcha davlat idoralari va qator tadbirkorlik sub’yektlariga Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan 5 tadan oila biriktirgan. Ular bu oilalardagi ijtimoiy muhitni o‘rganib, ularni kambag‘allikdan chiqarishda amaliy ko‘mak berib borishadi.

— Shunday oilalarni o‘rganishda turli vaziyatlarga duch kelyapmiz, - deydi G‘ayrat Musurmonov. – To‘g‘ri, haqiqatda ahvoli og‘ir, ozgina ko‘mak berilsa, o‘z yo‘lini topib ketadigan fuqarolar bor. Ammo tan olishimiz kerak, atay daromadini yashiradigan fuqarolar ham yo‘q emas. Ularga rasmiy ish joyini taklif qilsangiz, ishlamaydi, tadbirkorlik uchun kredit ajratsangiz, to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lamay, vaziyatni yanada og‘irlashtiradi. Bunday fuqarolar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilib, reyestrdan chiqarilmoqda. Chunki ijtimoiy yordam aniq manziliga yetib borishi kerak.

Ma’lumotga ko‘ra, ayni kunda hududda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Xususan, yil yakunigacha 2568 oilani reyestrdan chiqarish, 4140 oilaning daromadini oshirish rejalashtirilgan.

Uy chevarligidan sex rahbarligigacha bir qadam

Safarimizning amaliy qismiga o‘tsak. Birinchi manzil tumanning Amir Temur mahallasi bo‘ldi. Mahalladagi hokim yordamchisi Toshtemir No‘monovning ta’kidlashicha, mahallaning 56 oilasi reyestrga kiritilgan. Ularda 37 nafar ishsiz fuqaro bo‘lib, shundan 12 nafari yoshlar, 15 nafari ayollar. O‘tgan vaqtda barcha ishsizlarga ish taklif qilingan ekan. Biroq ko‘pchilik ularda maosh kamligi yo boshqa sabablarni keltirib, ishlashdan bosh tortgan. Shu bois mahalla faollari ularni tadbirkorlikka jalb qilish yoki o‘ziga ma’qul boshqa kasblarga o‘qitish yo‘li bilan bandligini ta’minlash choralarini ko‘rmoqda.

Misol uchun, Munira Xo‘shbaqova yaqin-yaqingacha o‘z xonadonida chevarlik bilan shug‘ullanib, qo‘ni-qo‘shnilarining buyurtmalarini bajarish bilan cheklanar edi. Mahalla faollari unga tikuv sexini ochish uchun joy ajratilishi va kreditga tikuv mashinkalari olishida yordam berdi. Natijada ishbilarmon ayol mahallaning 10 nafar xotin-qizini ish va eng muhimi, yaxshi daromad bilan ta’minladi. Hozir ular aholining buyurtmalarini bajarish barobarida, mahsulot tayyorlab, bozorga chiqarishni boshlagan.

Shu mahallaning yana bir oilasida muqim yashash joyi yo‘q edi. Faollar maslahati bilan savobtalab fuqarolardan biri o‘z hovlisining bo‘sh turgan qismini shu oilaga berdi. Shuningdek oilaning bir nafar a’zosi oshpazlikni o‘rganish sharti bilan ovqatlanish shoxobchasiga maoshli ishga joylashtirildi. Uyda qolgan a’zolar daromad qilishi uchun kredit mablag‘lari hisobiga 52 dona zotli tovuq berildi va issiqxona qurib berildi. Agar oila bu imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalansa, yashash sharoiti hech kimnikidan kam bo‘lmaydi.

— Kambag‘allikdan chiqish ko‘proq fuqarolarning o‘ziga bog‘liq, - deydi Toshtemir No‘monov. – Hukumat buning uchun barcha sharoitni yaratgan. Ishlamoqchi bo‘lganlarga ish, biznes qilaman, deganlarga vosita yoki pul berilyapti. Shunday ekan, harakatda barakat. Asta-sekin boqimandalar ham buni tushunyapti va imkoniyatlardan foydalanishga harakat qilishyapti.

Nurdumliklar og‘ir hayotdan charchagan

Boqimandalik. Tumandaligimizda shu so‘z odatdagidan ko‘p ishlatildi.  Shunday tasavvur paydo bo‘ladiki, ehtiyojmandlarning asosiy qismi atay ishlamaydi va boshqalar berganini yeb yotadi. Har holda aksar mas’ullarning fikri shunday ekan. Lekin yordam pullariga birorta inson shohona hayot kechirganini ko‘rmadik. Bizningcha, muammo odamlarning ishlashni xohlamasligida emas, balki ularga munosib ish va maosh taklif qilinmayotganligida. Yoki tadbirkorlik uchun sharoit yo‘qligida.

Bu fikrimizning isbotini tuman markazidan chiqib, chetroqdagi mahallalarni o‘rganganimizda ko‘rdik. Masalan, tuman markazidan 25 kilometr uzoqlikdagi Nurdum mahallasiga yetib borishning o‘zi katta mashaqqat ekan. Unga eltuvchi yo‘l shu qadar abgorki, uncha-muncha haydovchi bu yo‘lga kirib, texnikasini “azob”lashni istamaydi. 7 qishloqdan iborat bu mahallada 6 mingga yaqin aholi istiqomat qilar ekan. Eng qizig‘i, ana shu katta mahallada bor yo‘g‘i 7 nafar tadbirkor bor.

— Yashirib nima qilaman, 80-90 foiz fuqarolarimizning daromadi mavsumiy ishlardan, - deydi mahalla raisi Safar Tog‘ayev. – Yana nima qilishsin, deysiz? Shu bilan kunini ko‘rayotganiga ham xursandmiz. Guvohi bo‘lganingizdek hududimizga kelishning o‘zi katta muammo. Suvsiz, yo‘lsiz bu yerda tadbirkorlik yoki sanoatni yuritib bo‘lmaydi. Odamlarimiz ish izlab chetga yoki boshqa tuman va viloyatlarga ketadi. Nurdumlik ustalarni poytaxtda ham yaxshi tanishadi. To‘g‘ri, uyda qoladiganlar chorvachilik bilan shug‘ullanyapti. Lekin bu ham tavakkal ish.

Nurdumning qurg‘oqchil yerlari faqat yomg‘ir va qor suvlaridan bahramand bo‘ladi. Chorvachilik ham shunga bog‘liq, yil yaxshi kelsa - daromadli, yomon kelsa - xarajatli. Bu tavakkalchilikda boyib ketish qiyin. Ichimlik suvi ham muammo. Mahalladagilarning aytishicha, quduqlardan toza suv chiqmaydi. Ko‘pchilik ichimlik suvini sotib oladi.

Savol tug‘iladi: mazkur mahalladagi 217 ta kam ta’minlangan oila qanday qilib kambag‘allikdan chiqariladi? Hududda ish o‘rni yaratish muammo, chorvachilik tavakkalchilik degani. Boquvchisini yo‘qotgan va nogironlarni ham kunlik ishga chiqarish kerakmi?

Aslida, bu muammoning yechimi juda oddiydek. Gap shundaki, mazkur mahalladan o‘tuvchi 4M-553 yo‘li Nurobod tumanini Kattaqo‘rg‘on shahri bilan bog‘lovchi qisqa yo‘l hisoblanadi. Shuningdek, bu yo‘l orqali Kattaqo‘rg‘on suv ombori atrofidagi dam olish maskanlariga borish mumkin. Demak shu ko‘cha asfalt qilinsa, 7 qishloq aholisining hayotini o‘zgartirish mumkin. Doimiy qatnov yo‘lga qo‘yilgan ko‘chada mahalliy aholi maishiy xizmat shoxobchalarini ochishi, tamaddixonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yishi mumkin. Bu suv ombori atrofidagi dam olish maskanlari bilan bog‘liq tadbirkorlikka qo‘shilish imkonini ham beradi. Ammo negadir mas’ullar tumanning qon tomiridagi bu “tromb”ni olib tashlab, hududni sog‘lomlashtirishga shoshilmayapti.

— Ko‘chamiz 2023 yil dasturga kirgan, lekin ta’mirlanmayapti, - deydi rais. – Shag‘al yotqizishgandi, ammo bu yo‘lda transport harakatlanishini yanada murakkablashtirdi. Shu yil muammomiz hal bo‘ladi, deb umid qilgan edik. Mas’ullar ko‘chaning boshidan 2,8 kilometrini asfalt qilib, yana ishni to‘xtatib qo‘yishdi. Odamlarimiz qiyinchiliklardan charchashgan.

Qanoat qilib emas, yaxshi yashash kerak

Bu tumandagi muammosi alohida yondashuvni talab qiladigan yagona mahalla emas. Ittifoq, Qilichli, Olg‘a, Chorvador, O‘rtado‘z, Buloqboshi, Arabota singari markazdan olisroqda joylashgan qator mahallalar ham nimagadir ixtisoslashtirilishi, hech bo‘lmaganda, yo‘li ta’mirlanib, odamlarining ishga qatnashi uchun sharoit yaratilishi lozim. Shunda hududlarning jozibadorligi ortadi, insonlar ham ertangi kuniga ishonch bilan harakat qiladi.

Taassurotimiz bo‘yicha, hozir nurobodliklarga boriga qanoat qilib, yaxshi yashang, deyilayotgandek. Lekin ularning bori boshqalarning yo‘g‘i. Aslida suvsiz, gazsiz, yo‘lsiz yerlarda yashab, mardikorlik qilib bo‘lsa-da, ro‘zg‘or qilishning o‘zi katta qahramonlik. Joylarda chiroyli uylarni ham ko‘rdik. Bu uyning egasi qayerda ishlaydi, deb so‘rasangiz, yo xorijda, yo boshqa tumanda ekanligini aytishadi. Musofirchilikda ham topganini uyiga, Nurobodiga yuborayotgan odamlarni boqimanda, deb bo‘lmaydi. To‘g‘ri, bundaylarning daromadi “baza”da ko‘rinmas, lekin bu ularning muammosi yoki aybi ham emas. Hisobotimiz to‘g‘ri bo‘lishi uchun kimdir 2-3 million so‘mlik maoshli ishga joylashib, kambag‘allik ostonasida qolishi kerakmi? Shunday ekan muammoni yechish uchun unga boshqa tomonlardan qarashni, tanganing har ikki tomonini ko‘rishni o‘rganishimiz kerak. Ayniqsa, Nurobod sharoitida.

Asqar BAROTOV.