Nurobodning olis Sahoba mahallasi ahlining suyultirilgan gazga bo‘lgan muammosi hal etildi
“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minotidagi muammolarning mahallalar kesimida o‘rganish ishlarini Nuroboddan boshlandi.
Mazkur tumanda 39 mahallada 24 259 ta gazlashtirilgan xonadon mavjud bo‘lib, shundan 5 680 tasi tabiiy, 18 579 tasi suyultirilgan gaz bilan ta’minlanadi. Joriy yil boshidan shu kungacha tumanda suyultirilgan gaz iste’molchilari soni 550 nafarga oshdi. Shunday bo‘lishiga qaramay, o‘rganishlar davomida ayrim mahallalarda suyultirilgan gazga bo‘lgan ehtiyoj borligi aniqlanmoqda.
Sahoba mahallasining G‘o‘bdin qishlog‘i tuman markazidan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan. Vazirlik, tizimning quyi tashkilotlari hamda mahalliy hokimlik vakillari mazkur hududda bo‘lib, muammolarni joyida o‘rganib, hal etish choralarini ko‘rdi. Jumladan, qishloqda 76 oila istiqomat qiladi. Aholi bilan muloqotlar chog‘ida hududdagi 40 xo‘jalikning suyultirilgan gaz ballonlariga ehtiyoji mavjudligi, ammo bugun a’zo bo‘lish uchun hujjatlari to‘g‘rilashda kadastr raqami so‘ralayotganligi bois muammoga duch kelayotgani aytildi. Hujjatlar ish jarayonida rasmiylashtirilishi evaziga G‘o‘bdin qishlog‘idagi 40 xo‘jalikka maishiy gaz ballonlari berildi.
Shuningdek, tumandagi 50 ta kam ta’minlangan oilaga bepul gaz ballonlari tarqatildi. Sharq yulduzi mahallasida o‘tkazilgan o‘rganishlar chog‘ida esa gaz tarmoqlarining so‘nggi nuqtalarida joylashgan ko‘p qavatli uylarda gaz bosimi pasayishi kuzatilganligi bois “Nurobodtumangaz” bo‘limi tomonidan hududga bitta yangi gaz taqsimlash qutisi o‘rnatilib, D-57 millimetrli 110 metr qo‘shimcha gaz quvurlari tortildi. Natijada mahallada tabiiy gaz ta’minoti yaxshilandi.
“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali axborot xizmati.