Nyu-Yorkda Samarqand shahri salohiyati taqdim etildi
BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida O‘zbekistonning doimiy vakolatxonasi tomonidan «Samarqandga yo‘l: 2025 yilda YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘tkaziladigan manzil» mavzusida brifing o‘tkazildi.
Tadbirda BMTning yuqori martabali shaxslari, jumladan, bosh kotib apparati rahbari Erl Korteney Rattrey, tashkilotning Turkiya, Saudiya Arabistoni, Misr, Ozarbayjon, Armaniston, Germaniya, Fransiya, Lyuksemburg, Shveysariya, Koreya Respublikasi, Qatar, Marokash, Malayziya, Bahrayn, Ruminiya, Singapur doimiy vakillari qatnashdi.
Brifingda Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari Oybek Hamroyev ishtirokchilarga bo‘lajak YuNESKO Bosh konferensiyasini yuqori tashkiliy va mazmunan boy tarzda o‘tkazish uchun Samarqand shahrida yaratilgan shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Tadbirkorlik va madaniy, tibbiy va gastronomik turizm ob’yektlarini o‘zida mujassam etgan yangi yirik «Ipak yo‘li» xalqaro turizm markazining imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar, shuningdek, Samarqandning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati bilan yaqindan tanishdilar.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda qadimiy va betakror Samarqand bir qator dolzarb masalalar yuzasidan global muloqot markaziga aylandi. So‘nggi olti oy ichida shaharda BMT mandati ostida uchta forum bo‘lib o‘tdi. Butunjahon sayyohlik tashkiloti Bosh assambleyasining 25-sessiyasi, BMTning cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha konvensiyasi qo‘mitasining 21-yig‘ilishi va BMTning Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha konvensiyasi (CMS COP14) ishtirokchilari konferensiyasi 14-yig‘ilishi shular jumlasidandir.
Samarqand 1985 yildan buyon YuNESKO Bosh konferensiyasi uning shtab-kvartirasidan tashqarida o‘tkaziladigan ilk mezbon shaharga aylanishi ta’kidlandi. Tashkilotning asosiy qadriyatlarini yanada targ‘ib etishga ulkan hissa qo‘shishga qaratilgan ushbu nufuzli xalqaro forumni muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun barcha sa’y-harakatlarni safarbar etish bo‘yicha O‘zbekiston hukumatining qat’iy intilishi alohida ta’kidlandi.
Brifing ishtirokchilari O‘zbekistonda hayotning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini muvaffaqiyatli o‘tkazish borasidagi sa’y-harakatlarni yuqori baholadi. Samarqandda xalqaro forumlarni yuqori saviyada tashkil etish uchun yaratilgan infratuzilma va boshqa imkoniyatlar haqida ijobiy fikrlar bildirildi. Samarqand sessiyasi YuNESKO tarixidagi noyob voqea bo‘lib, sivilizatsiyalar va madaniyatlar o‘rtasidagi rang-baranglik va muloqot ramziga aylanishiga ishonch bildirildi.
- O‘zbekiston Prezidentining YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini Samarqandda o‘tkazish bo‘yicha tashabbusi BMT tizimidagi asosiy tuzilma faoliyatidagi muhim qadam bo‘ldi, - dedi BMT bosh kotibining Yevropa, Amerika va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Miroslav Yencha. - O‘tgan yili O‘zbekistonga ishchi tashrifim chog‘ida Samarqandni ziyorat qilish imkoniga ega bo‘ldim va tez o‘zgarib, yanada go‘zal bo‘lib borayotgan shaharning zamonaviy qiyofasidan juda quvondim. Xalqaro konferensiyalarni tashkil etish uchun mukammal sharoitlar yaratilgan, deb hisoblayman. Ishonchim komilki, YuNESKO Bosh konferensiyasi bo‘lajak sessiyasining barcha ishtirokchilari tadbirning tashkil etilishidan mamnun bo‘ladi.