O‘g‘irlik mol boy qilmas
Afsuski, o‘zligini unutib, oson yo‘l bilan boyib ketish istagida bo‘lganlar ko‘paymoqda. Bunday kimsalar orasida pedagoglarning borligi achinarli.
Ulardan biri 37 yoshli Behzod Safarov. 2 nafar farzandning otasi. Siyob tibbiyot kolleji huquqshunosi. 2012 yilda jinoyat yo‘liga kirib, qilmishiga yarasha jazo oldi. Biroq "Qarg‘a cho‘milgani bilan oqarib qolmaydi", – deganlaridek, u afsus qilmadi va jinoiy guruh tuzib, tezda boyish haqida o‘yladi.
B.Safarov Samarqand pedagogika kolleji o‘qituvchisi, toyloqlik Anvar Boboxonov hamda Toyloq tumanida tug‘ilgan 23 yoshli ishsiz Humoyun Mardonovni o‘ziga sherik qilib oldi. Behzod jinoiy guruhi bilan tayyorgarlik jarayonida eski tanishi Husniddin Musayevni aldab, uning "Neksiya" avtomobilini vaqtincha oldi va jinoyat yo‘lida foydalandi.
Behzod ishni puxta bajarish maqsadida "odamlari" bilan qora rangli kiyim, niqob, qo‘lqop, to‘pponchaga o‘xshash qurilma va pichoq bilan qurollandi. Tayyorgarlik jarayonlari tugagach, jinoiy guruhdagi Anvarning amakisi Toyloq tumani Bunyodkor mahallasida yashovchi M.Boboxonovning xonadoniga devor oshib kirishadi. Jinoiy guruh a’zolari o‘zlarini huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida tanishtirib (qurollarini birin-ketin namoyish qilib), tintuv o‘tkazish bo‘yicha yolg‘on ko‘rsatmani ularga o‘qib eshittiradi. So‘ngra xonadon egasi M.Boboxonov va uning turmush o‘rtog‘i, farzandlarining qo‘llarini bog‘lab, xonadonda tintuv o‘tkazishadi.
Uydan hech narsa topolmagach, jabrlanuvchilarga bosim o‘tkazib, ularning "Lasetti" rusumli mashinasidan 9 ming 865 AQSh dollari, 47 million so‘m hamda umumiy qiymati 1 million to‘rt yuz ming so‘m bo‘lgan uyali aloqa vositalarini olishadi. Jinoyatchilar pullarni olgach, M.Boboxonovni o‘zlari bilan olib ketishadi va uni Davlatobod mahallasi hududidagi kamqatnov joyga tashlab ketishadi.
Jinoyat jazosiz qolmaydi. Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ularning kirdikorlari fosh etildi. Natijada Behzod Safarov 17 yil, Anvar Boboxonov va Humoyun Mardonov 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Sirojiddin SATTOROV,
viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, adliya maslahatchisi.