O‘ktamlikda tengi yo‘q ayol – Munavvara O‘rinova siyratiga chizgilar

Munavvara O‘rinova faoliyatida bunday o‘ktamlik va mehridaryolik ko‘p kuzatilgan. Inchunin opa odamlarga yaxshilik qilish, mehr ulashish, muruvvat ko‘rsatishni shior deb bilgan. Shundan bo‘lsa kerak, ellik ming aholi yashaydigan Urgut shahrida barcha Munavvara opani hozirgacha hurmat qiladi, e’zozlaydi.

Munavvara opa bosib o‘tgan umr yo‘llarini sarhisob qilar ekan, ota-onasining issiq bag‘ri, mashaqqatli talabalik yillari, ijtimoiy hayotda gurullatib ishlagan paytlari, shahar hokimligining zil-zambil salohiyati ko‘z o‘ngidan o‘ta boshlaydi.

Opa Urgut tarixida birinchi bo‘lib traktor haydagan Kamardon mahallasida yashovchi O‘rin Hamidov xonadonida dunyoga keldi. O‘rta maktabni bitirgach, Samarqand savdo institutiga o‘qishga kirdi. Oliygohda ustoz va murabbiylaridan yaxshi saboq olgan olov qalbli qiz sohani astoydil egallashga intildi. O‘qishni muvaffaqiyatli bitirgach, mehnat faoliyatini tuman matlubot jamiyatida kitob savdosi molshunosligidan boshladi. Yosh mutaxassis odamlarni yanada kitob bilan oshno etish, ular qalbiga ziyo olib kirishga harakat qildi. Opaning keyingi mehnat faoliyati bevosita rahbarlik vazifalarini ado etish bilan kechdi. Munavvara O‘rinova bu yillarda ham dunyoviy, ham ma’naviy jihatdan ulg‘aygan, kichik jussasiga katta qalbni sig‘dira olgan tashkilotchi sifatida maydonga chiqqandi. Molshunoslikdan tuman matlubot jamiyati raisining o‘rinbosari, shahar matlubot jamiyati boshqaruv raisi, xalq deputatlari Urgut shahar ijroiya qo‘mitasi raisi, Urgut shahar hokimi, tuman hokimining birinchi o‘rinbosari kabi mas’ul ishlar opani chiniqtirdi, tobladi. Muhimi M.O‘rinova o‘sha paytlarda ijtimoiy masalalarni hal etish bilan birga, odamlar qalbiga yo‘l topa bildi. Dardlarini eshitdi, tashvish va quvonchlariga sherik bo‘ldi. Tumanda keng ko‘lamdagi obodonlashtirish ishlari bajarildi. Urgut shahri hammaning havasini keltiradigan darajada ko‘rkamlashdi. Yangi binolar qad rostladi, savdo va madaniy-maishiy xizmat tarmoqlari ochildi. Shaharning asosiy qismi xonadonlari gazlashtirildi. M.O‘rinovaning bevosita tashabbusi va tuman hokimining ko‘magi bilan Navbog‘ mahallasi tashkil etildi. Xalq amaliy san’ati va hunarmandchilikka keng yo‘l ochildi. Mavjud turarjoy va madaniy-maishiy binolar mahalliy me’mor hamda qo‘li gul quruvchilar tomonidan yangicha ko‘rinish kasb etdi. Ular bunyod etgan mustaqillik maydoni, Chorraha choyxonasi bugun shahar husniga husn qo‘shib turibdi.

Bugungi kunda Urgut va urgutliklar nomini dunyoga tanitayotgan bozorga asos solindi. O‘sha paytlarda Urgut shahri me’morchilik bo‘yicha Navoiy nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lishida shubhasiz, opaning katta xizmatlari bor.

Munavvara O‘rinova bugun hayot deb atalmish koshonaning katta bir bo‘sag‘asidan xatlab o‘tmoqda. U o‘tkazgan umridan, qoldirgan barakatli izlaridan mamnunligini yashirmaydi. Faoliyati davomida yaxshi odamlar bilan ishladi, yaxshi va ulug‘ ishlarning boshida turdi. Hozir ham opa ro‘zg‘oridan ortib, jamoat ishini ado etmoqda. "Urgut Navoiy savdo sarvis" MChJ direktori hamda "Urgut sayyoh MTS" ijrochi direktori sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. Xizmatlari bois sharaflangan, sohaga oid turli konferensiya va anjumanlarda qatnashgan, bir necha bor tuman hamda viloyat Kengashiga deputat etib saylangan, ko‘plab esdalik nishonlariga sazovor bo‘lgan Munavvara O‘rinovani tug‘ilgan kuni bilan qutlaymiz. Turmush o‘rtog‘i Sharof hoji bilan to‘rt farzandni, ko‘plab nabiralarni munosib tarbiyalayotgan opaga hamisha sog‘liq va omonlik tilaymiz.

– Jonajon Vatanimni doimo obod va go‘zal ko‘rishni istayman, – deydi Munavvara O‘rinova. – O‘tkazgan umrimdan minnatdorman. Yurtimizga, xalqimizga aslo ko‘z tegmasin.

Opaning gaplari ijobat bo‘lg‘ay.

Adham HAYITOV,

Matlab HASANOV.