O‘qituvchi ruhshunos bo‘lishi kerak
Sog‘inch uni qiynayotgani mungli ko‘zlaridan ham ma’lum edi. Tirikchilik sabab o‘zga elda yurgan onasini har qanday holatda himoya qildi. To‘lib turgan ko‘zlarini yoshdan to‘xtata olmadi.
– Onamni yaxshi ko‘raman. Bilaman, ular ham meni jonidan ortiq ko‘radi. Ammo men hech qachon farzandlarimni tashlab, ro‘zg‘orni but qilish uchun chet elga bormayman, – dedi xo‘rsinib.
Bu uning yosh bo‘lsa-da, hayotiy xulosasi edi. Sinfdagi bolalarning hech biri uni yupatishga harakat qilmadi. Chunki ota-onasi chetda yurgan o‘quvchilar sinfda oz emas edi.
O‘qituvchi o‘quvchiga ta’lim-tarbiya berishga mas’ul. Bugun otasi-onasi chet davlatlarda ishlayotgan o‘quvchilar talay. Ular bilan ishlash biroz murakkab. Bolaligi bilan erta xayrlashib, o‘zlarining muammolarini o‘zlari yechishga urinayotgan o‘quvchilarning aksariyatining ruhiy olamida o‘zgarish bo‘ladi. Bu o‘zgarishlarni ijobiy tomonga yo‘naltirishda o‘qituvchilarning o‘rni katta. Agar bolani gulga qiyoslasak, uni parvarishlaydigan bog‘bon o‘qituvchi. Yerga urug‘ sepmay, bug‘doy ololmaganimizdek, bolaga mehr ko‘rsatmasdan undan yaxshilik kutib bo‘lmaydi. Shu o‘rinda o‘qituvchilardan bolalar bilan ishlashda ruhshunos bo‘lish ham talab etiladi. Chunki bola uyida, ota-onasiga aytolmagan gaplarini o‘qituvchi bilan baham ko‘rishi mumkin. Hayotiy faoliyatimda bunday holatlar ko‘p uchragan.
Bir necha yil oldin ko‘p dars qoldiradigan bir o‘quvchimdan buning sababini so‘raganimda, "Ishlayman, kundalik ehtiyojimga pul kerak", deb qoldi. Ota-onangning bundan xabari bormi, desam, "Ota-onam ishda. Men bilan qiziqishmaydi", dedi.
Shu suhbatdan keyin ko‘p o‘tmay uning otasini kollejga chaqirtirdim. O‘g‘liga e’tiborliroq, mehribonroq bo‘lishini so‘rab, suhbatlashdim. Suhbat so‘ngida ota og‘ir xo‘rsinib, "Qani edi, o‘g‘lim sizdan ko‘ra meni o‘ziga yaqinroq deb bilganida edi...", deb chiqib ketdi.
Ozoda MURODOVA,
Sartepa turizm kolleji
o‘qituvchisi.