O‘quvchiga taqiq emas, tarbiya kerak

Xullas, o‘qituvchilaru o‘quvchilar bir olam o‘zgarishlar bilan yangi o‘quv yilini boshlash arafasida. Bu jarayonlarga o‘qituvchining munosabati qanday, umuman, ta’lim tizimidagi muvaffaqiyatli hamda oqsaydigan jihatlarimiz nimalardan iborat? 35 yillik pedagoglik stajiga ega, "Mehnat shuhrati" ordeni sohibasi O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi Feruza GAFFAROVA bilan shular haqida suhbatlashdik.

– Keling, suhbatimizni maktab formasi va ta’lim muassasasidagi kiyinish odobidan boshlasak. Ta’lim tizimida bu masalaga haddan ziyod e’tibor qaratiladi. Sizning bu boradagi fikrlaringizni bilmoqchi edim.

– Maktab formasi masalasida tizimda umumiy qaraganda muammo yo‘q. Aksincha, forma taqiqlansa, birinchi navbatda ota-onalarning o‘zlari bu talabni ko‘tarib chiqsa kerak. Maktabda asosan o‘quvchilarning qimmatbaho gadjetlarni olib kelishi, bunga ota-onalarning yo‘l qo‘yib berayotgani katta muammo.

– Siz o‘z sinfingizda bu muammoni bartaraf etishda qanday usulni qo‘llaysiz?

– Hech qachon "Bu mumkin emas", "Telefoningni ko‘rsam, falon qilaman", degan qo‘rqituv usullarini qo‘llamaslikka intilaman. Albatta, birinchi navbatda ota-onalarni ogohlantiramiz. Ammo shunga qaramay, qariyb har bir bolaning qo‘lida telefon bo‘ladi. Ba’zida dars payti ham sho‘x bolalar "Hozir muallim, bitta ataka qilib olay", deb qoladi. Ularni urishmayman. Aksincha, "Hozir darsda ataka qiluvchi vaqt ketyapti. Undan quruq qolsang, boshqa ulgurolmaysan. Telefonda esa atakaga vaqting ko‘p bo‘ladi", deya kulishib olamiz. Mavzuga, o‘sha bola o‘ynayotgan o‘yinga oid nimadir misol keltiraman. O‘quvchining telefonini so‘rab olaman va faqat ota-onasi kelsagina qaytarib beraman.

– Bugungi ota-onalarning bola bilan shug‘ullanishlarini, maktabga munosabatini qanday baholaysiz?

– Bu borada maqtanarli javob aytolmayman. To‘g‘ri, mening sinfimdagi 37 nafar o‘quvchining 35 nafarining ota-onasi sinf majlisida qatnashadi. Doim shunday bo‘lib kelgan. Ammo boshqa sinfda, boshqa maktablarda-chi? Gap sonda ham emas, ular farzandi bilan jiddiy shug‘ullanishiga nima xalaqit qilyapti? E’tibor bergan bo‘lsangiz, biz bola maktabga bordimi, uning ta’lim olishi, tarbiyasini ham o‘qituvchiga yuklab qo‘yamiz. Ota-ona bilan maktab olib berayotgan ishda yaxlitlik yo‘q. Ota-onalar bolaning bo‘sh vaqtini ham, tarbiyasini ham qo‘shqo‘llab o‘qituvchigami, enagagami yuklab qo‘yishni istayapti. Aks holda, 1-sinf o‘quvchisiga repetitor nega kerak? Qo‘ni-qo‘shnilarim bolalarim bilan shug‘ullaning, deb shu yoshdagi bolalarni olib kelishadi. Ularga dakki beraman. Birinchi sinf bola bilan shug‘ullanish qobiliyatingiz yo‘q ekan, qanaqa ota-onasiz? Axir buning uchun bor-yo‘g‘i bir soat vaqtingiz ketadi-ku. O‘rtada mehr, bolaning o‘ziga nisbatan ishonchi ortadi. Biz bolada shu yoshdanoq erkinlikni, mas’uliyat hisini bo‘g‘ib qo‘yayapmiz. Mana shu masalada ota-onaning tarbiyadagi roli sustlashib ketyapti, deb o‘ylayman.

– To‘g‘risi, siz bilan suhbatlashishga kelishdan oldin juda qattiqqo‘l o‘qituvchi bo‘lsangiz kerak, deb o‘ylagandim. Ammo bolalar bilan bemalol, tengdoshlardek suhbatingizga guvoh bo‘lyapman.

– Bilasizmi, sobiq ittifoq davrida maktabda tahsil olganman. U payti pedagogikada o‘qituvchiga hurmat ostida aksar hollarda qo‘rquv yashiringan bo‘lardi. Hatto muallimimizga savol berishga ham qo‘rqardik. O‘sha payti murg‘ak qalbimda "Albatta, o‘qituvchilik kasbini tanlayman, bolalarga esa do‘stona munosabatda bo‘laman", deya o‘zimga so‘z bergandim. Va bir umr shunday o‘qituvchi bo‘lishga intildim. Bugun ta’lim-tarbiyada o‘zgarishlar bo‘ldi. Ammo eng katta o‘zgarish o‘qituvchi bilan o‘quvchining do‘stona munosabatida bo‘lsa kerak.

 – Lekin barcha o‘qituvchilar bunga erisha olmayapti-ku?

– Bu bir qaraganda juda oson yo‘lday ko‘ringani bilan o‘ziga xos mashaqqatlari bor. Buning uchun bolalarni yaxshi ko‘rish kerak. Ularga tarbiya berishda faqat taqiqni qo‘llash, "Bu mumkin emas", "Nega unday gapirasan", "Nega bunday qilasan", deya doim ularga tanbeh berishdan osoni yo‘q. Vaholanki, bolani tarbiyalash kerak, tarbiyalash esa o‘z navbatida bolani shaxs sifatida tushunib muomala qilishdir. Buning uchun o‘quvchi bilan ko‘proq muloqot qilish, darsni ham ularni qiziqtira olish bilan boshlash lozim. Afsuski, aytganingizday, o‘qituvchilarning aksariyati o‘z ustida ishlashni, erkinroq fikr bildirishni bilishmaydi. O‘qituvchilar uchun seminar, namunali dars mash­g‘ulotlari o‘tishimga to‘g‘ri keladi. Darsdan so‘ng ularning mashg‘ulot haqidagi fikrlarini so‘raganimda "Zo‘r bo‘ldi, yaxshi dars o‘tdingiz, o‘rganishimiz kerak", degan javobdan nariga o‘tishmaydi. Vaholanki, darsning kirish qismidan boshlab o‘quvchilarni qiziqtirish, ularni mash­g‘ulotga jalb qilish – barcha-barchasi oldindan tuzilgan reja asosida amalga oshiriladi. Har bir matematik amal uchun hayotiy misollarni o‘sha payti xayolimga kelgani uchun aytmayman, bu o‘qib-izlanishlarim natijasidir. Ammo ularning manbasini so‘rash ham xayollariga kelmaydi.

– Buning sabablari nimada deb o‘ylaysiz?

– Afsuski, barchasi kadr masalasi bilan bog‘liq bo‘lib qoldi. Bir necha yil davomida oliy ta’lim tizimidagi, xususan, kirish imtihonlaridagi muammolar ta’lim sohasidagi kadrlar salohiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. Oliy ma’lumotli bo‘lsa-da, o‘z fanini bilmaydigan o‘qituvchilar bor. Maktabimizga kelgan yosh bir o‘qituvchi oddiy matematik amallarni bajara olmay, o‘quvchilardan dakki eshitib, bu yerda ishlolmasligini angladi. Lekin qaysidir bir boshqa maktabda o‘quvchilarning umrini behuda o‘tkazayotgandir u. Oliy ta’lim muassasasini tugatib, repetitorga qatnab, keyin ish boshlayotganlar haqida eshitib qolamiz. Yana bu mutaxassislarning davlat granti asosida o‘qiganini eshitganimizda yuragim og‘riydi: axir u iqtidorli bir o‘quvchining o‘rnini egallab o‘qigan-da!

Dars berish bilan emas, o‘quvchilarning vaqtini "o‘ldirish" bilan shug‘ullanayotgan "o‘qituvchilar" saflari yuzaga kela boshladi. Bu yil test sinovlaridagi adolatlilik sohaga toza havo olib keladi, deb umid qilamiz. Bunga esa yana vaqt bor.

– Eshitishimcha, sizning darsingizga, ya’ni matematikaday o‘zlashtirilishi qiyin fanga o‘quvchilar bayramga kelganday kelisharkan. Bu boradagi sirlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

– Biror bir dars yo‘qki, unda o‘sha mavzuga oid hayotiy misollarni keltirmasam. Rivoyat, afsona, hikoya, she’r, maqol – darsimiz jarayonida ulardan ko‘p foydalanamiz. O‘quvchi raqamlar olamiga zerikib emas, qiziqib kirib olishi kerak. Keyin marra o‘qituvchiniki. Buning uchun esa o‘zim ham tinmay izlanishimga to‘g‘ri keladi.

– Bugun ta’lim-tarbiya tizimida sizga og‘riq beradigan jihatlar nimalar?

– Shu paytgacha bolaga "ikki" baho qo‘yish o‘qituvchining aybi sanaldi, natijada jurnallarda chiroyli baholar chizildi. Imtihon savollarini o‘qituvchi javobi bilan o‘quvchiga berib, uni tayyorlata boshladi. Imtihon – oddiy bir tomoshaga aylandi (Umuman, baholash tizimida sonlardan emas, so‘z bilan bog‘liq tizimni qo‘llash vaqti kelgan, nazarimda). Yuqorida aytganimday, birinchi sinfdan boshlangan – o‘qituvchi men uchun hammasini qilib beradi, degan mas’uliyatsizlik to ular ulg‘aygunga qadar davom etdi. Xo‘sh, bunday bolada mustaqil fikr, mas’uliyatni his qilish shakllanishiga ishonasizmi? Bolalarda mas’uliyat hisini o‘zimiz yo‘qotyapmiz.

Bir o‘qituvchi bir yilda 34 marotaba ochiq darsga kirib, fikrlarini qog‘ozga tushirishi kerak. Bu juda ko‘p vaqt oladi, vaholanki, o‘qituvchi hamkasbining darsiga o‘z ixtiyori bilan o‘rganish yo o‘rgatish uchun kirishi lozim.

Bu yil yangi o‘quv yilini yaxshi yangiliklar bilan boshlayapmiz. Xususan, oylik maoshning ko‘tarilishi, turli yig‘im-terimlarning man etilishi, o‘qituvchilarning majburiy mehnatga jalb etilmasligi kabi. O‘ylaymanki, ushbu chin ma’nodagi o‘zgarishlar sohada munosib kadrlar ishlashiga zamin yaratadi.

– Suhbatingiz uchun rahmat!

Gulruh MO‘MINOVA

suhbatlashdi.