O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyat kengashi faollarining murojaati
Bahorda nafaqat tabiat, balki jamiyat ham uyg‘onadi. Havolar isib shahar-u qishloqlarimizda tozalik, obodonlashtirish ishlari boshlab yuboriladi. Bobodehqonlar yaxshi niyatlar bilan yerga ko‘chat o‘tqazadi.
Ma’lumki, to‘y yoki tantana boshlashdan avval xonadonlarni, hovli va uy-joylarni tartibga keltirish, atrof-muhitni sarishtalash xalqimizga xos azaliy an’ana. Bu an’ana istiqlol yillarida chinakam qadriyatga, har bir yurtdoshimizning ezgu tamoyiliga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ayni kunlarda yurtimizning barcha hududlarida Navro‘z umumxalq bayramini munosib kutib olish va nishonlashga qizg‘in taraddud ko‘rilmoqda.
Aziz yoshlar! Biz Sizlarni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyat Kengashi tashabbusi bilan joriy yilning 3-4 mart kunlari viloyatimizda tashkil etilayotgan “Yoshlar hashari” aksiyasida faol ishtirok etishga chorlaymiz!
Barchamiz eng avvalo o‘zimiz yashab turgan xonadon va hududning tozaligiga javobgarmiz. Shunday ekan, yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan ushbu hasharda faol qatnashib, yurtimizning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shishda ishtirok eting. Zero, “Hashar - elga yarashar” degan naql bor. Shundan kelib chiqib, bu shukuhli damlarda biz yoshlar obodonlashtirish va tozalik tadbirlarini yanada kuchaytirishimiz, mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli uylar, hovlilar, bog‘ va sayilgohlarni tartibga keltirishda alohida tashabbus ko‘rsatishimiz lozim.
Shu bilan birgalikda ushbu bayramona kunlarda keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz qariyalar, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olish, ularning yashash sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashish bizning eng muhim vazifamizdir.
QIShLOQ VA ShAHARLARIMIZ TOZALIGI YO‘LIDA BIRLAShAYLIK, AZIZ TENGDOShLAR!
O‘ZBEKISTON YoShLAR ITTIFOQI
SAMARQAND VILOYaT KENGAShI FAOLLARI