O‘zgarishlar bor. Natija qanday bo‘ladi?
Quyida soha xodimlarining ushbu o‘zgarishlar qanday imkoniyatlar yaratishi hamda sohaga tegishli muammolarning hal etilishidagi ahamiyati xususidagi fikrlari bilan tanishasiz.
Marhabo G‘AFUROVA,
viloyat hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi:
– Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning bandligini ta’minlash, oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish kabi vazifalarni bajarishda ba’zi to‘siqlar bor edi. Asosiy faoliyatimiz hamkorlikka asoslangani uchun tegishli tashkilotlar bilan ish olib borishimizda muammolar to‘la-to‘kis ishlash imkoniyatini bermasdi. Misol uchun, vazifasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri oilalar bilan ishlash bo‘lgan mahallaning diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilariga ham qo‘mita, ham mahalla va boshqa tashkilotlar tomonidan vazifalar topshirilardi. Bu esa vazifalarning ijrosi yetarlicha natija bermasligiga olib keldi. Farmonga ko‘ra, mahalla maslahatchilarining o‘rniga xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etilishi bu ishlarning takomillashuviga olib keladi.
Zarur choralar ko‘rilishi natijasida viloyatda 2017 yilda 543 ta ajrimning oldi olindi, 299 holatda fuqarolar ajrashish uchun sudlarga bergan arizalarini qaytarib oldi. Endilikda bu raqamni yanada ko‘paytirish imkoniyati yaratildi.
Xotin-qizlar qo‘mitalari vakillarining oilalarga shaxsan kirib, ularning mavjud muammolari, oilaviy sharoiti, turmush tarzini o‘rganib, muammolarini joyida hal etish choralarini ko‘rish yuzasidan xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan joriy yilning yanvar oyida 822 oiladagi shart-sharoitlar o‘rganildi. Oilaga kirish orqali 765 ta muammo aniqlanib, 506 tasi hal etildi. 90 nafar xotin-qiz ishga joylashtirildi. 226 oilaga moliyaviy, maishiy va ijtimoiy masalalarda ko‘mak berildi.
Hafiza O‘SAROVA,
Jomboy tuman hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi:
– Qo‘mitaga murojaat etuvchi xotin-qizlar orasida moddiy ko‘mak so‘rab kelganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining tashkil etilishi og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar va oilalarga, nogironligi bo‘lgan ayollarga moddiy yordam ko‘rsatish, tadbirkorlik tashabbuslariga ko‘maklashish imkonini beradi.
Ayni paytda tumanda ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan 20 nafarga yaqin xotin-qizlarning ro‘yxati shakllantirildi. Ularga manzilli yordam berish va ish bilan ta’minlash, hunarmandchilikka, tadbirkorlikka jalb etish choralari ko‘rilmoqda.
Ziyoda EShMURODOVA,
Past Darg‘om tumani hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi:
– Ushbu farmon sohada salbiy ko‘rsatkichlarning kamayishiga olib keladi. Xususan, keyingi yillarda yolg‘iz onalar va otalikni belgilash holatlari ko‘rsatkichlari yildan-yilga oshib borayotgandi. Mahalla maslahatchilari bilan hamkorlikda qaysi hududda qonuniy nikohdan o‘tmagan oilalar borligidan xabardor edik. Ammo FHDYo bo‘limlari xodimlarining o‘ziga tegishli ishi bor. Sayyor tarzda nikohni rasmiylashtirib kelish haqidagi takliflarimiz aksariyat hollarda ochiq qolardi. Endilikda FHDYo bo‘limlarining hokimlik tasarrufiga o‘tkazilishi bu muammolarni o‘z vaqtida hal etadi, deb o‘ylayman.
Nodira BOTIROVA,
Nurobod tumani hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi:
– Oilaviy poliklinika va qishloq vrachlik punktlari tuzilmalarida "Ayollar maslahatxonalari" tashkil etilishi onalar va bolalar o‘limi ko‘rsatkichlarining kamayishida muhim ahamiyat kasb etadi. Sababi, ushbu maslahatxonalar nafaqat tug‘ruq yoshidagi ayollarga, balki o‘smir qizlarga ham xizmat ko‘rsatishi belgilangan. Yaqinda viloyat qizlar salomatlik markazi o‘tkazgan tadqiqotda 41 foiz qizlarda turli xastaliklar aniqlangani aytildi. O‘z vaqtida qizlarning salomatligi, sog‘lom turmush tarziyu sog‘lom ovqatlanishi bilan bog‘liq tavsiyalar berib borilsa, ularning tibbiy madaniyati oshsa, sog‘lig‘ini tiklash borasida yordam so‘rayotgan xotin-qizlar soni kamayishiga erishiladi.
Gulruh MO‘MINOVA yozib oldi.