OAV: Mo‘g‘uliston Prezidenti Xitoy safaridan qaytganidan so‘ng 14 kunga karantinga olindi

Xitoyga uyushtirilgan bir kunlik tashrifdan so‘ng Mo‘g‘uliston Prezidenti Xaltmaagiyn Battulga koronavirus tarqalishiga qarshi chora sifatida 14 kunlik karantinga olindi. Bu haqda 28 fevral kuni Monsame agentligi xabar berdi.

Xaltmaagiyn Battulga payshanba kuni, Xitoyda bir kunlik safarda bo‘lib qaytdi. XXR rahbari Si Szinpin bilan olib borilgan muzokaralardan so‘ng Mo‘g‘uliston rahbari xitoylik hamkasbiga, koronavirus bilan kurashayotgan Xitoyga sovg‘a sifatida 30 ming dona qo‘y topshirilishi haqidagi guvohnomani topshirdi.

“Prezident Xaltmaagiyn Battulga va u bilan birga bo‘lgan delegatsiya a’zolari Mo‘g‘ulistonga yetib kelishlari bilan xavfsizlik chorasi sifatida 14 kunlik karantinga joylashtirildi”, deb xabar berdi Monsame axborot agentligi.