“Obod xonadon - obod ko‘cha - obod mahalla”. Respublika ishchi guruhining ushbu dasturga kiritilgan hududlardagi faoliyati davom etyapti
Samarqand viloyatidagi 4 ta mahalla – Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Cho‘yanchi”, Oqdaryodagi “Yangiqo‘rg‘on”, Past Darg‘omdagi “Olti qahramon” va Ishtixondagi “Chag‘atoy” mahallalari “Obod xonadon - obod ko‘cha - obod mahalla” dasturiga kiritilgan. Ayni kunlarda bu mahallalarda keng ko‘lamdagi bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari olib borilyapti.
Bu mahallalarda 18 679 nafar aholi istiqomat qilib kelmoqda. Ushbu manzillarda “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” mezonlarini joriy etish bo‘yicha “xonadonbay” xatlov o‘tkazilib, hududlar kesimida “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqilgan. Respublika ishchi guruhi tomonidan mahalla ifratuzilmasini yaxshilash maqsadida mazkur hududlarda jami 44 ta ko‘cha obodonlashtirildi.
Xususan, elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 362 dona eski simyog‘ochlar yangi temir-beton ustunlarga almashtirildi, 19 ta transformator punktlari kapital ta’mirlandi va 5 ta yangi transformator o‘rnatildi, 1,6 kilometr uzunlikdagi elektr kabellari tortildi.
Mahallalardagi ichki yo‘llarning jami 8,2 km qismiga asfalt yotqizildi va 39,9 km uzunlikdagi qismi shag‘allashtirildi. Hududlardan o‘tuvchi 4,7 km uzunlikdagi ariq va zovurlar tozalandi.
Gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida jami 45 ta gaz taqsimlash punkti kapital, 27,0 km gaz quvurlari esa joriy ta’mirlandi. Shuningdek, 9 ta isitish qozonlari qayta rekonstruksiya qilindi.
Hududdagi ijtimoiy soha ob’yektlariga jami 65,3 tonna va aholi xonadonlariga 4,0 tonna ko‘mir mahsulotlari yetkazib berildi.
Ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 3,7 km uzunlikdagi suv quvurlari tortildi, shu jumladan, 4 dona suv inshooti o‘rnatildi.
Mahallalardagi mavjud 13 ta qabriston to‘liq tozalandi, daraxtlarga shakl berilib, obodonlashtirish ishlari olib borildi.
Mahalla binosi va ijtimoiy ob’yektlardagi kamchiliklarni bartaraf etish yo‘nalishida mahallalar uchun yangi xizmat binosini qurish ishlari boshlandi. Hududlardagi 2 ta umumta’lim maktabida kapital ta’mirlash ishlari yakunlandi.
Aholi sog‘lig‘ini yaxshilash maqsadida 9 mingga yaqin fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi shuningek, 560 ta fuqaro bepul dori-darmon vositalari bilan ta’minlandi. Jami 65 nafar fuqaroning viloyat va tuman sog‘liqni saqlash muassasalarida sog‘lig‘i tiklandi.