"Ochiq muloqot" ko‘rsatuvi va’dalar maydoni emas
Shu yil 17 fevral kuni viloyat teleradiokompaniyasining "Ochiq muloqot" ko‘rsatuvida Samarqand tumani hokimi Sh.Jamolov, sektor hamda korxona va tashkilot rahbarlari ishtirok etib, aholidan tushgan 40 dan ortiq murojaatga javob qaytargan edi.
Mazkur muloqotdan qariyb ikki oy o‘tib, ayrim murojaatchilar bilan telefon orqali bog‘lanib, muammolari nechog‘li hal etilgani bilan qiziqdik. Holat esa tuman va mutasaddi tashkilot rahbarlari va’da qilgandek bo‘lib chiqmadi. Achinarlisi, 11 aprel kuni tuman hokimligida bo‘lganimizda muloqotdan tushgan murojaatlarning umumiy ijrosi bo‘yicha bizga ma’lumot beradigan xodim topilmadi. Xullas, 08:47 dan 15:10 ga qadar hokimlikning qaysi eshigini qoqmaylik bu masalaga yechim yo‘q...
"Ochiq muloqot"dan so‘ng gazetamiz va uning rasmiy veb-sayti orqali tumanning Yuqoriqaynama mahallasida yashovchi Alisher Xushvaqtov tomonidan "Bitta xonadonda uchta oila qiynalib yashayapmiz. Uy olish uchun yozgan arizamizni ham olishmayapti. Qonuniy uyga ega bo‘lishga haqimiz bormi? Buning uchun kimga uchrashishimiz kerak?", deb yo‘llangan murojaati va unga tuman rahbarining "Bu muammoni tez fursatda bartaraf etishga va’da beramiz", degan javobini ma’lum qilgan edik. Xo‘sh, natija qanday bo‘ldi? Bunga javobni A.Xushvaqtovning o‘zidan oldik:
- Qilgan murojaatim bo‘yicha bir martagina telefon qilishdi. Hech kim kelib uyimdagi sharoitni o‘rgangani yo‘q. Ochig‘i, bu uyda yashash juda og‘ir bo‘lyapti. Menga uy berishsa bo‘ldi, boshlang‘ich va keyingi to‘lovlar uchun hech kimni bezovta qilmayman.
Yana bir fuqaro Mirzo Ulug‘bek (eski nomi Xo‘ja Ahror Vali) mahallasida yashovchi Madina Akramqulovaning murojaati e’tiborimizni tortdi va tuman hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulfiya Vafoyeva yordamida u yashayotgan xonadonga bordik. M.Akramqulova "Ochiq muloqot" ko‘rsatuviga "2018 yilda turmush o‘rtog‘im vafot etgan, 3 nafar farzandim bor. Qaynonam bilan kelishib yasholmayapman. Shu bois, uy-joy va ish masalasida yordam bersangiz", deb murojaat qilgandi. Unga tuman hokimining o‘rinbosari tushuntirish bersa-da, qaynonasi bilan hech murosa qilolmagan va muammo muammoligicha qolib ketgan. Uydan chiqib ketish kerak, tamom. Masalaning oxiriga yetish boshqalarni o‘ylantirmagani aniq.
Ikkinchi masala, u o‘rta maxsus tibbiy ma’lumotga ega bo‘lishiga qaramay mutasaddi tashkilotlar tomonidan ishga qo‘yish bo‘yicha yordam ko‘rsatilmagan. Ammo M.Akramqulova majbur bo‘lgach, tumandagi xususiy klinikalardan biriga farrosh bo‘lib ishga joylashgan. Maoshni esa uch farzandni boqishga yetkazish mushkul. Qarovchisini yo‘qotganlik bo‘yicha beriladigan summa bilan esa uy qurib bo‘lmaydi.
Z.Vafoyeva murojaat egasiga 2020 yil yakuniga qadar uy berishini, boshlang‘ich to‘lovlar davlat tomonidan qoplanishini va’da qildi. Bu kelishuvga M.Akramqulovaning qaynonasi ham rozilik bildirdi.
- Tumanimizning "Gazchilar" mahallasidan 4 sotixli namunaviy loyiha asosida qurilgan uy olgan edim, - deydi "Ochiq muloqot"ga murojaat qilgan Rustam Jo‘raqulov. - Ammo 2017 yil sentyabr oyida topshirilishi kerak bo‘lgan uy hanuzgacha qurib bitkazilgani yo‘q. Bu muammo bo‘yicha bormagan joyim qolmadi. Ikki yildan buyon yashamagan uyimga kredit to‘layapman. "Ochiq muloqot"ga shu bo‘yicha murojaat qilganimda hal qilib berishlarini bildirishgandi.
Rustam Jo‘raqulovning aytishicha, joriy yil 6 martda "Qishloq qurilish invest" injiniring kompaniyasi Samarqand filiali bosh mutaxassisi Sh.Jo‘rayev va pudratchi "Samarqand ashyo" mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori B.Ismatov murojaatchining uyiga usta olib kelib, ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etishga va’da beradi va uni ishontirib, rozilik dalolatnomasi tuzadi. Biroq ularning ishi bitgach, vaqtincha olib kelingan ustalar ham ishni chala tashlab ketadi.
Qurilish ishlari nima sababdan paysalga solinayotgani bilan qiziqib, B.Ismatov bilan bog‘landik. Undan esa "Bu uylarni allaqachon topshirganman, bu bo‘yicha qo‘limda hujjat ham bor", deya telefonni o‘chirib qo‘ydi.
Holat bo‘yicha tuman hokimining kapital qurilish va kommunikatsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Jumayevni topishning imkoni bo‘lmagach, telefon orqali gaplashdik: "Bu mening ishim emas. Bunday ishlar bilan "Qishloq qurilish invest" injiniring kompaniyasi shug‘ullanadi", deb izoh berdi u. Ajablandik. Axir, ko‘rsatilayotgan uy-joy, kommunal xizmatlar darajasi va sifatini oshirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish tuman hokimining shu masalalar bo‘yicha o‘rinbosarining funksional vazifa va majburiyati emasmi?...
Xullas, nega rahbarlar "Ochiq muloqot" ko‘rsatuvida fuqarolar muammosini hal etishga va’da beradi-yu yechimiga kelganda hafsala qilmaydi? Axir, har bir murojaat ortida inson taqdiri yotibdi. Nahotki, bu oddiy haqiqatni Samarqand tumani rahbarlari tushunmaydi...
Abdujabbor PO‘LATOV,
"Zarafshon" muxbiri.