Ochiqlik bo‘yicha qonun normalarini buzgan mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortiladi
Senatning bugun bo‘lib o‘tgan yigirma yettinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Ushbu Qonun bilan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan ochiqlik to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Xususan, Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtiriladigan, ijtimoiy ahamiyatga molik bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxatiga kiritilgan ma’lumotlarni e’lon qilmaganlik yoki to‘liq e’lon qilmaganlik, e’lon qilish muddatlariga va tartibiga rioya etmaganlik yoki ma’lumotlarni buzib ko‘rsatganlik uchun mansabdor shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, agar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda ma’muriy jarimaga tortilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, qonun bilan debitorlik va kreditorlik qarzi muddatlarini o‘tkazib yuborish hamda korxonalarning hisobvaraqlarida tegishli mablag‘lar bo‘lgan holda to‘lovlarni amalga oshirishning belgilangan muddatlarini buzganlik, shu bilan birga, shartnoma majburiyatlarini bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik oqibatida xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga mulkiy zarar yetkazish kabi huquqbuzarlik uchun ma’muriy javobgarlik bekor bo‘lmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.