Odamlar orasida bo‘lsak deputatligimizni his qilamiz

1. Saylov okrugingizda 2020 yilda qanday loyihalar rejalashtirilgan? Ular ijrosiga kirishilganmi?
Saylov okrugim, umuman, Samarqand tumanida bugungi kunda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish muhim masala hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, okrug hududida 2020 yil uchun bir qator loyihalar rejalashtirilgan edi. Ammo koronavirus pendemiyasi sababli xorijiy davlatlar bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirish imkoni bo‘lmadi. Dasturlarda belgilangan boshqa loyihalar esa bajarildi.
Jumladan, tashabbuskor Nilufar Ahadova 600 million so‘m mablag‘ sarflab, bo‘sh turgan binoni rekonstruksiya qildi va maishiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. “Orif Tolibov Agro” fermer xo‘jaligi 285 million so‘m o‘z mablag‘i va 475 million so‘m bank krediti evaziga intensiv bog‘ tashkil etdi.
Shuningdek, “Talibarzu Bunyod” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan un ishlab chiqarish, “Parizoda shirin lazzatlari” oilaviy korxonasi tomonidan parrandachilikni rivojlantirish loyihasi amalga oshirildi.

2. Deputat sifatida bevosita o‘zingiz saylangan saylov okrugida mahalla yoki mehnat jamoasida qanday tadbir o‘tkazdingiz?
Hududdagi barcha mahallalar, korxona va tashkilotlarda belgilangan reja asosida doimiy muloqot qilib turaman. Chunki, qachonki saylovchilar orasida bo‘lsak deputatligimizni, zimmamizdagi burchni teranroq his qilamiz. O‘z navbatida odamlar ham kimga, nima uchun ovoz berganligini anglaydi. Qolaversa, aholi bilan ko‘proq muloqot qilish joylardagi real holat bilan yaqindan tanishish va doimiy komissiya yig‘ilishlari, Kengash sessiyalariga u yoki bu masalani olib chiqishga asos bo‘ladi. Jumladan, Ravonak, Talibarzui poyon, Andijoni, Bog‘itillo mahallalaridagi uchrashuvlarda aholi bildirgan fikrlar asosida viloyat Kengashi sessiyasida Ravonak mahallasi markazida yomg‘ir suvlari to‘planib qolishi masalasini ko‘tarib, tegishli idoralar yordamida bu muammoni hal etishga erishdik. Hududdagi 39-umumiy o‘rta ta’lim maktabi isitish tizimini ta’mirlash, 43-umumiy o‘rta ta’lim maktabi sinfxonalariga kuzatuv kameralari o‘rnatishga yordam berdim. Karantin choralari kuchaytirilgan paytda “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida 30 oilaga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi.

3. Deputat sifatida o‘zingiz saylangan saylov okrugi hududidagi aholi muammolarini hal etish yuzasidan yuborilgan oxirgi deputatlik so‘rovining mazmuni va natijasini sharhlang.
Yil boshidan buyon mutasaddi idoralar, hokimliklarga 30 dan ortiq deputatlik so‘rovi yuborib, hozirgacha ularning 25 tasiga javob oldim. Oxirgi deputatlik so‘rovim aholining elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq bo‘lib, “Zarafshon elektr tarmoqlari” korxonasiga yuborilgan.

Motrid mahallasidagi tibbiy muassasada aholiga birlamchi sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun bugungi kun talablariga javob beradigan sharoit yo‘qligi va shu bois bu yerda ta’mirlash, jihozlash ishlarini amalga oshirish yuzasidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga murojaat qilgan edim. Kuni kecha bu so‘rovga javob oldim. Javob xatida qayd etilishicha, Samarqand shahar 3-oilaviy poliklinikaning filiali sifatida faoliyat olib borayotgan mazkur muassasani 2021 yilda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan ta’mirlash bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanayotgan ekan.

Narziqul Xoliqov,
49-Ravonak saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati.