Odamlarning jismoniy faolligi kun sayin kamayib bormoqda, nima qilish kerak?

Jismoniy faollik nega ko‘pchilikda kamayib bormoqda, vazn oshishining asosiy sababi nima, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

Bu haqda viloyat sport faxriylari kengashi raisi, II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi, professor Hamroqul Rofiyev o‘z mulohazalarini bildirdi.



86 yoshli faxriy sportchi 71 yildan beri sport bilan shug‘ullanadi. Jismoniy madaniyat atamalari, yengil atletika va gimnastika sport turlari haqida 16 ta o‘quv qo‘llanma va adabiyotlar yaratgan. Sohaga oid to‘rt yuzdan ziyod ilmiy maqolalari chop etilgan. Ayni paytda viloyatda aholi o‘rtasida sog‘lomlashtiruvchi sport tadbirlari va musobaqalarini tashkil qilib kelmoqda.

- Sog‘lom turmush tarzi bugungi kunda dolzarb masalaga aylanib qoldi, - deydi H.Rofiyev. - Chunki odamlarning jismoniy faolligi kun sayin kamayib bormoqda. Jumladan, insonning moddiy, ma’naviy va jismoniy oziqlanishini hisobga olsak, bu tushunchalar bir-birining nisbatini yo‘qotib qo‘ydi. Ya’ni moddiy oziqlanish kuchayib ketdi, ma’naviy oziqlanish haminqadar, jismoniy oziqlanish esa zarurat uchun bo‘lib qoldi.

Mehnat qilmay qo‘ydik
Bundan 50-60 yil oldin inson hayotida jismoniy faollik kuchli edi. Uy yumushlari, dehqonchilik ishlari qo‘l mehnati bilan bajarilardi. Ammo keyingi yillarda texnologiyalar rivojlanib, bunday yumushlarning barchasini zamonaviy uskunalar bajaryapti. Shu bois odamlar jismoniy mehnat qilmay qo‘ydi. Bundan tashqari, oldin avtomobil va zavodlar kam edi, ko‘proq piyoda yurilardi, havoda zaharli moddalar ozligi sabab immunitet yuqori edi. Ana shularning barchasi odamlarning jismoniy faolligini oshirishga xizmat qilardi. Jumladan, o‘sha vaqtlarda ayollar o‘ntagacha farzand ko‘rgan. Lekin kesarcha usulidan foydalanilmagan. Hozir esa ona bo‘layotgan ayollarda bu kabi holatlarni ko‘p uchratamiz. Bularning oldini olish uchun avvalo insonlarning sog‘lom turmush tarzini madaniyatga, an’anaga aylantirish zarur.

Qorin avtoritet emas
So‘nggi yillarda semizlik kasalligiga chalinganlar soni ortib bormoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har yili 3 millionga yaqin odam semizlik oqibatida vafot etadi. Hozir dunyoda 1 milliarddan ziyod odamda ortiqcha vazn bor. Shundan 380 millionga yaqini o‘smirlar va bolalardir.

Ortiqcha vazn yurak, jigar, buyrak, bo‘g‘imlarga salbiy ta’sir qilishi oqibatida qandli diabet, yurak-qon tomir kasalliklari, gipertoniya kabi kasalliklarni keltirib chiqaradi. Bularning barchasi noto‘g‘ri ovqatlanish, me’yoridan ko‘p yog‘li taom va shirinliklar tanovul qilish, harakatsizlik, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanmaslik hamda vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tmaslik natijasida yuzaga keladi.

Hozir ko‘pchilik hatto yoshlar ham qorinni “avtoritet” deb bilyapti. Lekin unday emas. Qachonki, inson sog‘lom bo‘lsa, gavda va tana a’zolari, mushaklar bir-biriga muvofiqlashgan holda rivojlansa, shundagina “avtoritet” bo‘ladi. Buning uchun esa sport bilan muntazam shug‘ullanish va yuqorida aytilgan tavsiyalarga amal qilish maqsadga muvofiq.
Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasi sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu bizga nima beradi?
- «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi asosida besh yo‘nalishda «Jismoniy tayyorgarlik darajasi» sport sinovlari o‘tkazilmoqda.

Viloyatda ham joriy yilning mart-aprel oylarida 7 yoshdan 17 yoshgacha, aprel-may oylarida 18 yoshdan 29 yoshgacha, avgust-sentyabr oylarida 30 yoshdan 49 yoshgacha, oktyabr-noyabr oylarida 50 va undan katta yoshdagi shaxslardan hamda davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlardan sport sinovlari murakkablik darajasini hisobga olgan holda ixtiyoriy va maxsus talablar asosida qabul qilinmoqda.

Ushbu amaliyot aholining jismoniy holatini belgilash bilan birga, ommaviy sportga qamrovni oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda jismoniy madaniyat va faollikni oshirishga xizmat qiladi. Shunday ekan, har bir fuqaro sport sinovlarini topshirishni o‘zining burchi deb bilishi va jarayonda faol ishtirok etishi kerak.