Oddiy muallim
Ayagan hayotning sanchiqlaridan,
Yiqilsa ko‘targan to‘siqlaridan,
Otadek ezilgan, g‘ussaga botsa,
Boladek quvongan yutuqlaridan.
Uyquda shogirdin o‘ylab yotgan kim?
Oddiy muallim-da, oddiy muallim!
Yo‘qdan Beruniyni binolar qilgan,
Husaynni Ibn Sinolar qilgan,
Mashrabni mashhuri dunyolar qilgan.
Abdulloning tilin burrolar qilgan,
Ilon o‘ynatgandek so‘z o‘ynatgan kim?
Oddiy muallim-da, oddiy muallim!
Yuzga kiraman men Xudo xohlasa,
Ehtimol, yuzdan ham o‘tarman bir kun.
Qaynoq quchog‘ida hurlar chorlasa,
Hech kimdan qarzim yo‘q ketarman bir kun.
Bo‘lsa ham, bir zotda bo‘ladi qarzim,
Oddiy muallim u, oddiy muallim!
Muhammad Yusuf,
O‘zbekiston xalq shoiri