Odobnoma: Ota-onaga itoat - oliy ibodat

Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi:

«Bir odam Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, hijrat uchun bay’at qilmoqchi bo‘ldi. U ota-onasini yig‘lagan holda qoldirib kelgan edi. Ul zot:

«Ota-onangning huzurlariga qaytgin, ularni qanday yig‘latgan bo‘lsang, xuddi shunday qilib kuldirgin», dedilar».

Bundan anglash mumkinki, demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ota-onaning roziligini topish, ularni xursand qilishni vaqti kelganda hatto hijratdan ham ustun qo‘ygan ekanlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ota-onaning haqini qanday ulug‘laganlariga bir nazar soling. O‘zlariga hijrat uchun bay’at qilgani kelgan muxlis kishiga «Ota-onangning huzuriga borib, ularni kuldir», demoqdalar.

Ba’zi holatlarda yoshlar diniy amallarga qiziqib, ota-onalarning haqlarini ortga surish holatlariga yo‘l qo‘yishlari mumkin. Bunday paytlarda ilm sohiblari darhol ularga nasihat qilib, ishni to‘g‘ri yo‘lga burishlari kerak ekan.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakilligi axborot xizmati.