Odobnoma: Salom berish eng savob ish
Bir kuni badavlat kishining huzuriga xizmatkori kirib, salom berdi va unga qo‘lidagi bir tutam rayhonni uzatdi.
Shunda u xizmatkoriga:
- Sen endi ozodsan, - dedi.
Yonida turgan kishilar:
- Xizmatkoringizni bir tutam rayhon olib kelgani uchun ozod qildingizmi? - deyishdi.
Shunda u:
- Alloh taolo: “Qachonki, sizga bir salomlashish ila salom berilsa, siz undan ko‘ra yaxshiroq alik oling yoki xuddi o‘zidek javob bering”, demaganmi? Uning salomiga bundan yaxshiroq javob topolmadim, - deb javob berdi.
Yuqoridagi hikoyada aytilganidek, kimda kim chin ko‘ngildan salom bersa, kishilarga yaxshi so‘zlarni so‘zlasa, uning o‘ziga ham yaxshilik qaytadi.
Qur’oni karimning «Nur» surasida «Qachonki, uylarga kirsangiz, bir-birlaringizga Alloh huzuridan bo‘lgan muborak, pokiza salomni aytingiz», deyiladi.
Imom Buxoriydan rivoyat qilinishicha, bir kishi Rasulullohdan: “Islomda eng yaxshi amal qaysi?”, deb so‘raganida Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Ochlarning qornini to‘yg‘azish va tanigan-tanimagan kishilarga salom berish”, dedilar.
Bu haqda farzandlaringizga so‘zlab berishni unutmang!
«Odoblar xazinasi» kitobidan.