Odobnoma: Ziyoratdan savob olaylik

O‘tganlarimiz mangu qo‘nim topgan maskanlarni ziyorat qilsak, ularning ruhi shod bo‘ladi. Alloh bu ishimiz uchun ham bizga ulkan ajru savoblar ato etadi.

Ziyorat qiluvchi odam o‘tganlarning ruhini shod qilish va savob olish uchun boradi ziyoratgohlarga. Biroq ayrim erkak-ayollar ziyorat bilan sayohatning farqiga bormayapti. Natijada tashvish-taraddud bilan bir necha chaqirim yo‘l bosib ziyoratgohga borib, savob o‘rniga gunoh ishlab olyapti.

- Yaqinda Imom Buxoriy hazratlarining ziyoratiga bordik, - deydi yaqin birodarimiz Damin Jumaqulov. - U yerga oilalar, tengdoshlar, jamoadoshlar va boshqalar guruh-guruh bo‘lib borgan. O‘shalarning aksari Imom Buxoriy hazratlarining shundoqqina maqbarasiga orqa o‘girib turib rasmga tushyapti. Ayol-qizlar bo‘ynini bir tomonga qiyshaytirib, sochini o‘sha tomoniga yoyib, ikkita barmog‘ini ko‘tarib suratga tushyapti.

Keyin muzeyga kirdik. Muzeyda Qur’oni karimning turli mamlakatlardan keltirilgan nusxalari bor ekan. Ochiq-sochiq kiyingan bir ayol boshiga bir parcha dokaga o‘xshagan harir, ammo yaltiroq narsa o‘rab olgan. U oynavand javonga solib qo‘yilgan Qur’oni karimga orqa o‘girib olib, deyarli javonga o‘tirgandek bo‘lib selfi tushar edi. Ayol muzeyda nechta muborak ashyo bo‘lsa hammasiga orqa o‘girib turib selfi qilib chiqdi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam qabrlarni ziyorat qilishga ijozat berib: “Men sizni qabr ziyoratidan qaytargan edim. Endi uni ziyorat qilaveringlar. Chunki u oxiratni eslatadi”, deganlar (Imom Muslim va Imom Hanbal rivoyati).

Modomiki, qabriston ziyorati oxiratni eslatib, ziyoratchi shuni his qilar ekan, unga selfining nima keragi bor.

Azizlar, ziyoratga borishni niyat qilgan odam ziyorat odoblarini o‘rganib, shunga amal qilsa, ham savob oladi, ham yon-atrofdagi ziyoratchilarning ko‘ziga xunuk ko‘rinmaydi. Eng muhimi, uning odobidan qabr ahli mamnun bo‘lib, ruhi shod bo‘ladi.

O‘zbekiston Musulmonlar idorasi Samarqand viloyat vakilligi.