O‘g‘li tomonidan tazyiq o‘tkazilgan ona himoyaga olindi
Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Samarqand shahar Buyuk ipak yo‘li ko‘chasida yashovchi L.Plaksinaning o‘g‘li tomonidan unga tazyiq o‘tkazilib, nafaqa pullari olib qo‘yilayotgani, L.Plaksinaning o‘zi shifoxonada yotgani va unga yordam zarurligi bo‘yicha jamoatchilik faollari tomonidan murojaat yo‘llangan edi.
Ma’lum qilinishicha, holat Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilgan.
O‘rganishlar natijasida haqiqatdan ham Samarqand shahar Buyuk ipak yo‘li ko‘chasida istiqomat qiluvchi 1946 yilda tug‘ilgan L.Plaksinaning farzandi 1980 yilda tug‘ilgan D.P. muntazam ravishda spirtli ichimliklar ichib, onasi bilan doimiy janjallashib kelayotgani ma’lum bo‘lgan.
Kelgusida L.Plaksinaga qilinishi mumkin bo‘lgan tazyiq va zo‘ravonliklarning oldini olish maqsadida unga himoya orderi berilib, ularning oilasi profilaktika inspektorining doimiy nazoratiga olingan.
L.Plaksinaning sog‘ligini tekshirish maqsadida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Hozirda uning o‘g‘liga nisbatan to‘plangan hujjatlarni yakuniy qaror qabul qilish uchun sud organlariga yuborish choralari ko‘rilmoqda.