O‘g‘rilarni tutgan asalarilar, kishanlangan daraxt
Bu hodisaga birov ishonadi, birov ishonmaydi. Axir, aqlbovar qilmaydi-da! Lekin Keniyada bu hodisa ro‘y bergani rost.
Ikki yo‘lovchi o‘zlari bilan avtobusda ketayotgan ayolning oz emas-ko‘p emas, naqd 700 dollarini o‘g‘irlaydi. Ayol politsiyaga murojaat qiladi, keyin har ehtimolga qarshi folbinga ham boradi. Folbin nima degani ma’lum emas-u, ammo ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida o‘g‘rilar asalaridan qochib politsiya mahkamasiga kelgani rost.
O‘g‘rilar avtobusdan tushgan zahoti asalarilar ularni boshida g‘ushg‘on o‘ynab yuz-ko‘zlari, boshlariga qo‘nib ko‘z ochirmabdi, biroq chaqmabdi. Ta’qibdan qutulolmagan o‘g‘rilar panoh izlab poliqiyaga kelishga, ayblariga iqror bo‘lib, pulni qaytarib berishga qaror qilishibdi.
Buni qarang, ular qamoqqa olinishi bilan asalarilar uchib ketibdi.
***
Yuz yillar chamasi avval hozirgi Pokiston hududida bo‘lgan Landi Kotale shahrida xizmat o‘tayotgan bir britan zobiti ichkilikka mukkasidan ketgan ekan. Ahvol shu darajaga boribdiki, ichib olgan zobit uning ta’sirida ko‘chadagi daraxt bilan nizolashib qolibdi.
Uning aytishicha, daraxt yaqin keling, degan buyrug‘iga buysunmabdi. Ya’ni, aksincha qirollik qurolli kuchlari vakilidan nari qochishga urinibdi.
Hurmatsizlikdan haqoratlangan zobit daraxtni bundan keyin buyruqni bajarishdan bo‘yin tovlamasligi uchun zanjirband qilib, yerga mustahkamlab qo‘yishni buyuribdi.
O‘sha kundan buyon hozirgacha bechora daraxt hibsda ekan. Maxsus taxtachadagi: «Men qamoqqa olinganman. Bir kuni kechqurun aqldan ozgan mast britan zobiti meni oldingi turgan joyimni tashlab ketgan deb o‘ylab, serjantga meni qamoqqa olishni buyurdi. O‘shandan buyon qamoqdaman!», degan yozuv sayyohlarni qotib-qotib kulishga undaydi.
“Bechora daraxt, o‘rningdan qo‘zg‘alib nima qilasan, joyingda turavermaysanmi, yaxshiyam kesilib ketmabsan», deguvchi yo‘q.
T.Shomurodov tayyorladi.