Oila a’zosi bemor bo‘lgan xodim kasallik varaqasi ochirishi mumkinmi?
Fuqaro oila a’zolari kasal ekanligi, ularga g‘amxo‘rlik qilish uchun kasallik varaqasini ochirib, ishxonasiga berganida ish beruvchi uni qabul qilmaganligini aytib murojaat qildi. Savol tug‘iladi, bunday vaziyatda sog‘lom inson ham ishdan qolishi mumkinmi? Umuman, kasallik varaqasi kimlarga beriladi? Quyida shu masalani huquqiy jihatdan ko‘rib chiqamiz.
Sog‘liqni saqlash vazirining 2667-son buyrug‘iga muvofiq, kasallik va shikastlanganlik bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi mehnatga layoqatsiz shaxs murojaat qilgan yoxud davolangan davolash-profilaktika muassasasi tomonidan mehnatga layoqatsizligi aniqlangan kundan boshlab beriladi. Tegishli hujjatlar faqat bemor shifokor tomonidan shaxsan ko‘rikdan o‘tkazilgandan so‘ng berilishi kerak.
Tashxis klinik va ob’yektiv ma’lumotlar (shikoyatlar, ob’yektiv holat) hamda laborator-instrumental tekshiruvlar natijalari bilan tasdiqlanadi va tibbiy hujjatlarda qayd qilinadi. Ambulatoriya sharoitida davolanishda davolovchi shifokor yakka o‘zi besh kalendar kunigacha mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi berish huquqiga ega.
Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik besh kalendar kunidan oshganda, varaqa va ma’lumotnomaning muddati davolovchi shifokor va bo‘lim mudiri tomonidan har safar o‘n kalendar kundan ortiq bo‘lmagan muddatga uzaytiriladi.
Qonunchiligimizga muvofiq, oilaning betob a’zosini parvarishlaganlik bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik varaqasi va mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi ham berilishi mumkin. Bunda ambulatoriya sharoitida parvarishga muhtoj bo‘lgan o‘n to‘rt yoshdan katta bemorni parvarishlash uchun yetti kalendar kunidan oshmagan muddatga mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi. Ushbu holatda mehnatga layoqatsizlik varaqasi bemor bilan birga yashash yoki yashamasligi hamda mehnat ta’tilida ekanligidan qat’i nazar, bemorning oila a’zolari yoki qarindoshlaridan biriga beriladi. Ambulatoriya sharoitida parvarishga muhtoj bo‘lgan o‘n to‘rt yoshga yetmagan bemor bolani parvarishlash uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi uning onasiga o‘n to‘rt kalendar kunidan oshmagan muddatga beriladi. Ona bo‘lmagan yoki betob bo‘lganda mehnatga layoqatsizlik varaqasi bemor bilan birga yashash yoki yashamasligidan qat’i nazar, boshqa oila a’zolariga ham berilishi mumkin.
Ambulatoriya sharoitida o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolaning parvarishga muhtojlik davri o‘n to‘rt kalendar kunidan oshganda, bola sog‘aygan yoki surunkali kasallikning remissiya davriga o‘tganga qadar bemor bolani parvarishlaganlik bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi beriladi. Ushbu holatda bolaning oldingi kasalligiga bog‘liq bo‘lmagan yangi kasallik yuzaga kelsa yoki oilaning boshqa farzandi kasal bo‘lib qolsa ham umumiy asoslarda mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtiriladi. Bola statsionarga yuborilganda mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki bemor bolani parvarishlaganlik bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi bola statsionarga qabul qilingan kundan yopiladi. Agarda bola statsionardan chiqqandan keyin uning parvarishga muhtojligi davom etsa, statsionarga qabul qilingan kunga qadar berilgan varaqaning kunlari chegirilgan holda mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki bemor bolani parvarishlaganlik bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi beriladi.
Aytish joizki, oilada bir vaqtning o‘zida ikki va undan ortiq o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bola kasallikka chalinsa, ularni ambulatoriya sharoitida parvarish qilish bo‘yicha faqat bitta mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki ma’lumotnoma beriladi. Oilada ikki va undan ortiq o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bola navbatma-navbat kasallikka chalinsa, tegishli hujjatlar ularning har biri bo‘yicha alohida beriladi. Agar birinchi bolaning kasalligi davrida boshqa bola kasallikka chalinsa, keyingi bolani parvarish qilish bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik varaqasi birinchi bola uchun berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasi yopilganidan keyin, ushbu varaqa bo‘yicha mos tushgan kunlar chiqarib tashlangan holda berilishi kerak.
Nodir OTAMURODOV,
Jomboy tumani Yuridik
xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i.