Oila va xotin-qizlar masalasi doimiy e’tiborda bo‘lishi zarur

Prezidentning shu yil 1 martda qabul qilingan “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, har bir mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi joriy etildi.
Aslida, shu paytgacha ham mahalla fuqarolar yig‘inlarida xotin-qizlar bilan ishlash, ularning muammolarini hal etishga mas’ul lavozim bor edi. U mutaxassis, maslahatchi, yig‘in raisi o‘rinbosari kabi nomlar bilan ataldi.
Xo‘sh, endi-chi? Mahalla faolining vazifasi nimadan iborat, uning zimmasiga qanday mas’uliyat yuklangan? Avvalgi maslahatchidan faolning nima farqi bor?
– To‘g‘ri, shu paytgacha ham bizda xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyat ko‘rsatdi, keyinchalik Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi va ular zimmasida xotin-qizlar bilan ishlash vazifasi bor edi, – deydi Toyloq tumani hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Noila Kambaridinova. – Davlatimiz rahbarining shu yil bahorning ilk kunida qabul qilingan farmonlari bilan oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tashkil etildi. Ko‘ryapsizmi, oila birinchi o‘ringa chiqmoqda. Islohot va yangilanishlar, o‘zgarishlar oilada o‘z ifodasini topmasa, hamma sa’y-harakatlarimiz kutilgan samarani bermaydi. Oilada esa qadrli opa-singillarimiz, qizlarimizning o‘rni qanchalik muhimligini barchamiz yaxshi bilamiz. Bu – endi oila va xotin-qizlar masalasi yangi tashkil etilgan davlat qo‘mitasi (e’tibor bering, nodavlat tashkilot emas) faoliyatining asosini tashkil etadi. Mahalladagi xotin-qizlar faoli ana shu qo‘mitaning eng quyi tizimdagi asosiy tayanchi, uning faoliyati butun tizimning yuzi, asosiy ko‘rsatkichi hisoblanadi.
Xotin-qizlarni oila, mahalla va mehnat jamoalarida ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ma’naviyatini yuksaltirish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, zamonaviy namunali oilani shakllantirish, uning ma’naviy-axloqiy muhitini va an’anaviy oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha maqsadli chora-tadbirlarni amalga oshirish, xotin-qizlarning tadbirkorlik g‘oyalarini ro‘yobgacha chiqarish, bandligini ta’minlash, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan manzilli ishlarni bajarish, ayollarning muammolarini aniqlash, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ko‘mak ko‘rsatish kabi muhim vazifalar mahalladagi faolimiz faoliyatining asosini tashkil etadi. Avvalgidek faqat notinch oilalarni yarashtirish, ularga maslahat berish, to‘y-ma’rakalarni tartibga solish emas faolning vazifasi. U endi mahallalardagi barcha oilalar bilan, turli yoshdagi xotin-qizlar bilan ishlaydi, ularning hayotini o‘rganadi, muammolarni o‘zi aniqlab, hal etish choralarini ko‘radi. Shuning uchun ushbu vazifaga oliy ma’lumotli, ishchan, g‘ayratli, aholi bilan muomala, muloqot qila oladigan chinakam faollar ochiq tanlovlar asosida tanlandi.
Tumanimizda mavjud 50 mahalla fuqarolar yig‘iniga tayinlangan xotin-qizlar faollarining 46 nafari oliy, 4 nafari tugallanmagan oliy ma’lumotli. Ularning 36 nafari 30-35 yoshda, 8 nafari 30 yoshgacha, 4 nafari 36 yoshdan yuqori. To‘rt nafar faollarimizdan tashqari qolganlar mahalla tizimida ishlamagan – 18 nafari iqtisodchi, 32 nafari ta’lim sohasi vakillari.
Demoqchimanki, deyarli hammamiz uchun (o‘zim ham ta’lim sohasidan kelganman) ushbu tizim yangi va zimmamizdagi burch va mas’uliyatni anglagan holda faoliyat ko‘rsatishga intilyapmiz.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mahalla faollari o‘z faoliyatiga kirishgandan buyon “Ayollar daftari” va ayollar balansi shakllantirilib, ajrim yoqasiga kelib qolgan 24 ta notinch oila yarashtirildi.
“Ayollar daftari”ning 3-bosqichiga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarning 208 nafariga, uy-joy ta’miriga muhtoj 23 nafariga, qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandlari bor ehtiyojmand ayollarning 114 nafariga, boquvchisi bo‘lmagan 501 nafar xotin-qizga 1 milliard 25 million so‘mlikdan ortiq yordam ko‘rsatildi.
"Daftar"da qayd etilgan 17 nafar bemor yoki qaramog‘ida I guruh nogironligi bo‘lgan farzandlari bor ayollarga davolanish, dori vositalari xarid qilish va murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazish uchun xarajatlar “Ayollar daftari” jamg‘armasi va Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lab berilishi belgilandi.
– Oila – muqaddas, bu dargohda tug‘ilgan farzand ota-onasi bag‘rida voyaga yetishi kerak, – deya so‘zida davom etadi Noila Kambaridinova. – Ammo bugungi kunda nikoh qurmasdan yashab, farzand ko‘rayotgan oilalar, farzandini tan olmayotgan otalar ham oramizda yo‘q emas. Qonuniy nikohda bo‘lmay turib, farzand ko‘rganligi qayd etilgan ayollar yolg‘iz ona hisoblanadi. Bu degani, u boshqa bekalar, onalar singari ko‘plab huquqlardan foydalana olmaydi, huquqsiz, degani. Natijada jamiyatda bunday ayollar, farzandlar bilan bog‘liq ko‘plab ijtimoiy muammolar kelib chiqadi. Ba’zan bu og‘ir oqibatlarga ham olib keladi. To‘g‘ri, yolg‘iz onalar davlat tomonidan ijtimoiy himoya qilinadi. Lekin barkamol, sog‘lom farzand o‘sishi uchun ahil oila, bir-birini tushunadigan, farzandi kelajagini o‘ylaydigan ota-ona bo‘lishi kerak. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, joriy yilning to‘rt oyi davomida yolg‘iz onalar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16 taga oshgan. Noqonuniy nikoh asosida yashayotgan oilalar uchtaga ko‘payib, 51 tani tashkil etmoqda. Bundan tashqari, ayni paytda xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklar ham ko‘paygan. Bularning barchasi bizdan, xotin-qizlar faollaridan avvalo, mahallalarda, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligiga erishish, nafaqat qizlar, balki yigitlarni ham oilaga tayyorlashga jiddiy e’tibor qaratishni taqozo etadi. Aynan shu yo‘nalishda tumandagi davlat va jamoat tashkilotlari, jamoatchilik bilan faol hamkorlikda ish olib boryapmiz.
G‘.Hasanov.