Oilaviy ajrimlar o‘syapti. Bu muammoda kim aybdorligini emas, yechimini topish muhim emasmi?
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda 28,2 ming, 2021 yilda 39,3 ming, 2022 yilda 48,7 ming oila o‘z muammolarini ajrashish orqali «hal qilgan». 2023 yilning 10 oyi davomida esa 41583 ta ajrim qayd etilgan.
Bir qarashda oddiy raqamlar, ammo yil sayin o‘sib borayotgan bu ko‘rsatkichlar ortidan qotillik, o‘z joniga qasd qilish holatlari yuz beryapti. Bu masala hozircha keng miqyosda o‘rganilmayapti, mabodo o‘rganilayotgan bo‘lsa ham ma’lumotlar ochiqlanmayapti.
Akam yonimni olmagan
Safarlarimizning birida bir juvon gap aylanib oila masalasiga kelganda hayotida yuz bergan bir voqeani so‘zlab berdi:
- Erka yoki tantiq bo‘lmaganman, ammo odatiy kunlarning birida erimning ukasi bilan gapimiz chiqishmay qoldi. Holatga qaynonam aralashdi, tabiiyki, u kishi o‘g‘lining yonini oldi. Bu munosabat qattiq alam qilganidan, xayr-xo‘shni nasiya qilib, ota uyimga jo‘nadim.
O‘sha vaqtlarda akam rosa kuchga to‘lgan, ustiga-ustak tijorati avj pallasi edi. Shu sababmi, ular meni qattiq himoya qilishiga, qaynukam bilan «gaplashib» qo‘yishiga ishondim.
Vaziyat men kutganchalik bo‘lmasa-da, keynchalik o‘ylab ko‘rsam, akam o‘shanda to‘g‘ri ish qilgan ekan...
U kishi kechqurun ishdan qaytganlarida meni ko‘rib hayron bo‘lmadi, odatdagidek so‘rashib, dasturxon boshida uyoq-buyoqdan gaplashgan bo‘ldik. Bomdoddan keyin «qani, mashinaga chiq», deb qoldilar. Sokin aytilgan bu gapdan keyin «endi ko‘rishadi», degan o‘y o‘tdi xayolimdan.
Gap shu yerga yetganda juvon “yaqinlaringizning oilasidagi «kirdi-chiqdi»ga hech aralashganmisiz, deb so‘rab qoldi. Men esa bunday bo‘lganini eslolmadim. Boshqa gap qo‘shmasdan hikoyani davom ettirdi.
- Qop-qora «Mersedes» (o‘sha vaqtlarda bunaqa avtoulovga qariyb hamma havas qilardi) darvozamiz yonida to‘xtadi. Akam «sen kiraver, men hozir» dedi. G‘o‘dayib darvoza hatlashim bilan akamning mashinasi sassiz iziga qaytdi...
Kimlar aralashgani ma’qul?
Hikoya shu yerga yetganda kamina ham bu yigit singlisining ustidan sovuq suv qo‘ygandek mulzam qilib qoldirib, yaxshi qilmagan ekan, deb o‘yladim. Ammo opaning aytishicha, bu voqea unga katta saboq bo‘lgan – boshqa biror marta o‘z oilasidagi muammo yo masala sabab ota uyiga bormagan. Faqat yaqinlarining diydori uchungina ostona hatlagan...
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga ko‘ra, nikohdan ajralish sabablari o‘rganilib, tahlil etilganda uchinchi shaxs aralashuvi 15 foiz, farzandsizlik 12,3 foiz, uzoq vaqt bir oila bo‘lib yashamaganlik 12,2 foiz, moliyaviy va moddiy qiyinchiliklar 5,9 foiz, xiyonat 2,7 foiz, spirtli ichimlik va giyohvand moddalar iste’moli 2,6 foiz, ommaviy yoki xorijiy madaniyatning salbiy ta’siri 2,1 foiz, tazyiq va zo‘ravonlik 1,5 foiz va boshqa sabablar 26,9 foizni tashkil etgan.
Oilalarda 1,9 foiz holatda chet elga chiqish maqsadida va 5 foiz holatda imtiyozli uy olish maqsadida ham ajrimlar bo‘lgan.
Ko‘rinadiki, ajrimlarning katta qismi er yoki xotindagi muammo sababli yoki ularning shaxsiy qarori bilan emas, boshqalarning aralashuvi oqibatida yuz bergan. Shuning o‘zi qosh qo‘yaman, deb ko‘z chiqarayotganimizga, oila ishiga ko‘p aralashayotganimizga isbot emasmi?
- Qaynona yoki qaynota o‘g‘lining ayoliga hukmbardorlik qilishga haqqi yo‘q, - deydi tanish yuristlardan biri. - Lekin bu qaysidir xonadonga borgan qiz yoki juvonga oila kattalarining gapini ikki qilishiga asos bo‘lolmaydi. Qadriyatlarimizga ko‘ra, turmush o‘rtog‘ining aziz kishilarini e’zozlashi shart.
Afsuski, aksar oilaviy mojarolar na qonunga, na shariatga va na qadriyatga to‘g‘ri keladigan ishlar sabab paydo bo‘ladi.
Bu ham bo‘lgan voqea
- Jiyanlarimning kattasi badavlat xonadonga kuyov bo‘ldi, - deydi suhbatdoshlarimdan biri. - Dang‘illama to‘y bo‘ldi, borish-kelishlar quyuqlashgandan quyuqlashdi.
Oradan ko‘p o‘tmay, quda tomon kelinning ko‘ch-ko‘ronini yig‘ishtirib ketganini eshitdim.
Hech qancha o‘tmasdan shunday voqea o‘zimizda sodir bo‘ldi. Jiyanim «tanishlaringiz bor, ajrashaman, yordam qilasiz», deb qoldi. Indamadim, unisi-bunisiga uchrashib, kerakli hujjatlarni to‘pladik va sudga taqdim qildik.
Bilishimcha, aslida muammo bir parcha matodan kelib chiqqan. Qaysidir ma’rakada kelinning onasiga berilgan hadya ma’qul kelmagan – arzon matoh boyvuchcha qudani ko‘nglini og‘ritgan. Shu sabab kuyovning onasini o‘zi tomondagi bir yig‘inga aytmagan. Bu ginalardan keyin ikki xotin navbatma-navbat bir-biridan «o‘ch» olavergan. Tabiiyki, gohida jiyanim, gohida kelin jabrlangan. Kelin tomon «qo‘li kalta» kelgan vaqt uni ota uyga qaytargan.
Aytganim shu bo‘ldi: «Kelin, yaxshi ish qilmayapsizlar, tez kunlarda ajrim ham bo‘lar. Keyin ota-onang o‘z oilasi, bunikilar o‘ziniki bilan andarmon bo‘lib, bu dilxiralikni unutib ham yuborishadi. O‘rtada ikkovingning oilang buzilgani qoladi. Masalani er-xotin o‘zaro gaplashib olsaring yaxshaydi».
Ko‘p o‘tmay ikki yosh o‘zaro kelishib, ijara uyga chiqib ketishdi. Bugun 2 o‘g‘li, 3 qizi bor. Ajrashib ketishlariga bir bahya qolganini eslashmaydi ham...
Oila — muqaddas qo‘rg‘on
Bu ibora tilimizda aytilishi oson, ammo mulohaza qilib ko‘rilsa, uning mohiyati, asl mazmunini aksar hollarda unutib qo‘yayotgandekmiz. Chunki oila qurish arafasidagi yoki oila qurganlar bilan ham gaplashib ko‘rsangiz nikohning shartlari haqida tayinli bir so‘z aytolmasligi bor gap.
Mahr, guvoh, iyjob va qabul haqida eshitishmagan ham. Mayli, bu masalalar yoshi ulug‘lar tomonidan hal qilinadi-ku, deyishingiz mumkin.
Shu sabab e’tiboringizni boshqa bir raqamlarga qaratmoqchiman. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda 16564 nafar, 2021 yilda 19037 nafar, 2022 yilda 18955 nafar chaqaloqqa yolg‘iz ona arizasiga asosan tug‘ilganlik haqida guvohnoma berilgan.
Demak, ular otasiz dunyoga kelganmi? Otasi bo‘lsa, qani ular? Agar oila muqaddasligini farzand oldida mas’uliyati, majburiyati borligini bilishganida, o‘g‘li yoki qizini tan olmasmidi?
Bundaylar bugun-ku javobgarlikdan qochayotgan ekan, keyinchalik o‘zidan qanday qochadi? Buni ularga kim o‘rgatadi?
Axir rasmiy tuzilmagan nikoh jilla qursa, shar’iy bo‘lgandir? «Javobgar»ga chora ko‘rilmasa ham burchini, vazifasini bo‘yniga qo‘yib berish kerak emasmi?
Umuman, nikohdan murod zinoning oldini olish, Yaratganing amrini bajarish, sunnat amal ekanligini bilamizmi? Bilsak, undan keyingi masala - oiladagi, ro‘zg‘or yuritishdagi axloq, er-xotin munosabatlarini kimdan o‘rganamiz?
Mashinaning egasiga quloq solamiz, o‘zimiznikigachi?
Ajrimlarni kamaytirish uchun qancha ishlar qilinyapti, deya tana-dashnom qilishga shoshilmang. Biroq bu ishlar tahlil qilinsa, uy ichiga qamalib qolgan kapalakning tabiat qo‘yniga intilib, beto‘xtov oynaga urilayotgan holati ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Chunki kapalak o‘ylab, mantiqan harakat qilmaydi, balki qilolmaydi. Oqibatda derazaning ochiq joyini topmaydi. Biz ham chiqish yo‘llarini izlamasdan tinimsiz muammo yechimi borasida harakat qilayotgandaymiz.
Shu topda imom-xatiblardan birining aytgan gapini esladim: «Avtomobil yoki biror texnika sotib olsangiz, ishlab chiqaruvchi bergan tavsiyalarga qattiq amal qilasiz. Masalan, avtoulovga bunaqa yoqilg‘i mumkinmas, degan bo‘lsa, o‘shandan hech qachon mashinangizga solmaysiz. Qancha vaqtda moyini almashtirish kerak deyilgan bo‘lsa, qat’iy amal qilasiz. To‘g‘ri, bu tavsiyalarni texnikani ishlab chiqaruvchi bergan, unga amal qilinmasa, buzilishi, tezda ishga yaramay qolishi mumkin.
Lekin odamni Yaratgan zot, aql berilgan jonzotiga nima mumkin-u, nima mumkinmasligini aytmaganmi? Nega oila qurishi kerag-u, unda munosabatlar qanday bo‘lishi kerakligini bildirmaganmi?».
Nega xulosa qilmaymiz?
Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yil Samarqandda 11 ta nikoh yoshi 1 yilga qisqartirilgan fuqarolik holati dalolatnomalari («ZAGS») qayd etilgan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, nikohga kirish yoshi uzrli sabablar mavjud bo‘lganda, alohida holatlarda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, voyaga yetmaganning to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi — emansipatsiya), nikoh tuzishni xohlovchi shaxslarning iltimosiga ko‘ra bir yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga kamaytirilishi mumkin.
Shunda nikohsiz yashagan 11 ta oilada farzand tug‘ilgani yoki oila qurish yoshiga yetmagan shuncha kelin homilador bo‘lgani rasman aniqlanyaptimi? Savol tug‘iladi, nikohsiz tug‘ilgan farzandning hukmi qanday bo‘lishini nikohlanuvchilar, ularning yaqinlari bilishmaganmi?
Umuman, erkak va ayol yoki yigit va qiz o‘rtasidagi munosabatlar qanday hollarda halol, qaysi o‘rinlarda harom ekanligini nuqta-verguligicha bilishimiz shart emasmi?
Xulosa qilish sizning hukmingizga havola.
Yoqubjon Marqayev.
***
Ushbu maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.