Oilaviy bolalar bog‘chasi qanday bo‘lishi kerak?

Unga ko‘ra, oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi faqat davlat-xususiy sherikchilikning oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini moddiy-texnik va uslubiy jihatdan ta’minlash shakli asosida qishloq joylarda tashkil etiladi. Ushbu muassasalar faoliyatini olib borish uchun litsenziya talab etilmaydi. Muassasa yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tadi. Oilaviy bog‘chaga 3-7 yoshgacha bo‘lgan 7-12 nafar bola qa­bul qilinadi va tarbiyalanadi. Asosiysi, ushbu bog‘chalar qishloq joylardagi ehtiyoji bor har bir mahallada tashkil etilib, bolalarning qamrovini oshirishga xizmat qiladi. Davlat tomonidan yumshoq mebel va inventarlar bilan ta’minlanadi.

– Chekka qishloqlarda bog‘chalarning yo‘qligi ota-onalarning e’tiroziga sabab bo‘lyapti. Bu muammo yechimi borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– Hozirda viloyatimizdagi davlat maktabgacha ta’lim muassasalari soni 555 tadan 609 taga, nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari soni 9 tadan 22 taga yetdi. Investitsiya dasturi asosida 4 ta bog‘cha yangidan barpo etilyapti, 40 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasi rekonstruksiya qilinmoqda.

Bugungi kungacha 233 tashabbuskor tadbirkor ro‘yxati shakllangan edi. Ularni 700 taga ko‘paytirish ishlari amalga oshirilyapti. Bizning asosiy vazifamiz tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga metodik ko‘mak berishdan iborat.

– Bog‘chalardagi qisqa muddatli guruhlar faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tsangiz?

– Bolalarning barchasini bog‘chalarga qamrab ololmasak-da, qisqa muddatli guruhlarimiz orqali maktabgacha yoshda bo‘lgan bolalarni ta’lim-tarbiya olishga yo‘naltirganmiz. Guruhga 3-7 yoshgacha bo‘lgan bolalar qamrab olinib, bir mahal ov­qat bilan ta’minlanadi. Hozirda viloyatimizda qisqa muddatli guruhlarda 2860 nafar bola ta’lim olmoqda. Shuningdek, Jomboy tumanida maktab yoshidagi 2900 nafar bolani maktabga tayyorlov guruhlariga to‘liq qamrab olish bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshi­rilyapti. Yil yakunigacha davlat-xususiy sherikchiligida oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish, mavjud bog‘chalarni qayta ta’mirlash orqali viloyatimizda bolalarning bog‘chalarga qamrovini 45 foizga oshirishni rejalashtirganmiz.

– Bolalarning sog‘lom ovqatlanishi bugungi kunda ota-onalarni qiynayotgan muammolardan biri desak, adashmaymiz.

– To‘g‘ri, yaxshi, sifatli ta’lim olishda bolalarning sog‘lom ovqatlanishi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli ilk bor Samarqand shahridagi 5 ta bog‘chada autsorsing tizimi orqali bolalarni ovqatlantirish joriy qilindi. Bu har tomonlama o‘zini oqlamoqda. Ota-onalar ham bundan mamnun. Bog‘cha mudiralarining asosiy faoliyati ta’lim-tarbiyani sifatli tashkil etishga sarflanyapti.

Yaqinda boshqarmamizning 6 nafar mutaxassisi malaka oshirish va tajriba almashish maqsadida Koreya Respublikasi Dong-Chuk universitetida tashkil etilgan o‘quv-amaliy seminarda ishtirok etishdi. Koreya davlatida 95 foiz bolalar maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olingan. Muassasalar ota-onalarning ish faoliyati va xohishiga ko‘ra, 9,5-10 va 12 soatgacha ishlaydi. Ta’lim-tarbiya berayotgan tarbiyachilarning barchasi oliy ma’lumotli, professorlardan iborat. Bizlarda tarbiyachilarning asosiy qismi o‘rta ma’lumotli. Ularning ta’lim olishi uchun ham ko‘plab qulayliklar yaratilmoqda. Jumladan, universitetda maktabgacha ta’lim bo‘limi qayta ochildi, bepul qayta tayyorlov kurslari joriy etilmoqda. Ular or­qali 2000 nafar mutaxassis tizimga kirib keladi. Shu­ningdek, Koreyadagi bog‘chalarda mashg‘ulot o‘tishda bolaning qiziqishi, xohish-istagi inobatga olinadi. Bola kun davomida erkin faoliyatda bo‘lib, uyquga ketishi majburiy hisoblanmaydi.

Bobomiz Abdulla Avloniy aytganidek, ta’lim-tarbiya biz uchun hayot-mamot masalasidir. Bu borada qancha ishlasak, yangilik yaratsak kam. Zero, jamiyatimizga sog‘lom, barkamol avlod voyaga yetishida maktabgacha ta’lim muassasalarining o‘rni katta.

Nasiba JONTO‘RAYeVA.

Baxtiyor MUSTANOV olgan surat.