Okean - suv osti muzeyi yoki ummon sirlari haqida
Yer sharining 70 foizidan ko‘prog‘ini okeanlar egallagan. Qizig‘i, okeanlar sir-sinoatga to‘la. Bu sinoatlardan ko‘pchilik xabardor emas. Vaholanki, okeanlar tubida yotgan ashyolarning mingdan birini bila olsak, tarixning biz bilmagan “eshik”lari ochiladi.
Raqamlar sehri
Dyukdagi dengiz ilmiy laboratoriyasi universiteti rektori Sindi Li van Dover «Okean tubidagi yangi hayot» kitobida yozishicha, bizda okean kengliklaridan ko‘ra, oyning orqa qismi kengroq va ko‘proq o‘rganilgan.
“Suv osti qatlamlarida nimalar yashirinib yotganini avlodlarimiz tasavvur ham qilolmaydilar, - deydi u. - Masalan, okeanlar o‘rtasidagi xrebet (okeanosti yo‘li, masalan, tog‘li yo‘l) ning uzunligi 70 ming kilometrga tengligini bilasizmi? Lekin eng katta sir, bu - dunyodagi kislorodning teng yarmini bir hujayralik suv o‘simliklari (vodorodli) fitoplanktonlar chiqarishi mumkin. Anglayapsizmi?”
Dunyo okeanida 27 million tonna oltin sochilib yotibdi, desak bunga ko‘pchilik ishonmas. Uning bahosi esa kvadrillion dollar bilan baholanadi. Taqqoslash uchun: dunyo tarixida hammasi bo‘lib 170 ming tonna tilla qazib olingan.
Ammo shuni ham aytish kerakki, dengiz suvida bu qimmat metall oltin yodi (AuI) holida uchraydi, u ham bo‘lsa mikroskopik proporsiyasida belgilanadi. Hozir olimlarimiz tomonidan oltin konsentratsiyasini ko‘paytirish yuqori texnologiyalar asosida ishlab chiqarilmoqda. Shunday qilib, yaqin orada okean oltinini sanoat masshtabi asosida takomillashtirish va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, amalga oshirish harakati boshlanajagini ta’kidlash lozim.
Okean ajoyibotlari
Okeandagi hayvonot va tiriklik dunyosi yaxshi o‘rganilmagan. Lekin hozirgacha bilganlarimizning o‘ziyoq bizni hayratlanishga undaydi. Masalan, kalmarlarni olaylik. O‘zi bitta suv jonivori. Ammo erkak kalmar urg‘ochi kalmarni jigarrang tusda bo‘lganini yaxshi ko‘radi, oq ranglisidan o‘lgiday qo‘rqadi.
Dunyo okeanlarining o‘rtacha chuqurligi 3720 metrgacha boradi, quyosh nurlari esa dengiz suvini 100 metriga yetib boradi, xolos. Demak, okeanning bundan past qismlar mutlaq yuz-tuban qorong‘ulikda yashaydi. Eng qizig‘i, Tinch okeanining g‘arbidagi Mariana xandagi yer yuzidagi ma’lum bo‘lgan eng chuqur okeanik xandak hisoblanadi. Uning nomi shu yaqin atrofdagi Marian orollari nomidan kelib chiqqan. Mariana xandagining eng chuqur nuqtasi - Challenger Abyss deyiladi. 2011 yildagi o‘lchovlarga ko‘ra, uning chuqurligi dengiz sathidan 10994 metr pastda. Bu juda chuqur! Agar 8848 metr balandlikka ega bo‘lgan Everest tog‘ini bu yerga qo‘yish mumkin bo‘lganda edi, yana 2 kilometr joy bo‘sh qolar edi.
Endi bu ma’lumotga e’tibor qarating: 11 kilometr chuqurlikda suv bosimi 108, 6 MPaga yetadi, bu dengiz sathidagi normal atmosfera bosimidan taxminan 1072 baravar yuqori.
1960 yili «Triyest» (batiskaf)ning tadqiqotchi olimlari okean tubiga tushganlarida hali fanga aniq bo‘lmagan har xil baliqqa o‘xshash allambalo jonivorlarga duch keldilar. Boshqa kuzatuv guruh a’zolari ham bu ajoyib-g‘aroyib, sensatsiyaga moyil suv jonivorlari va ular bilan voqealarning guvohi bo‘lishgan. Taxminan 100 tonnalik akulaning gigant tishlarini topishganida esa okean nechog‘li ulkan imkoniyat maydoni ekanidan lol qolganlar.
Batiskaf tadqiqotchilari va «Xayfush» olimlaridan biri okeanning “Bezdne Chelenjer” deb nom olgan tubsizligiga sho‘ng‘iganida bahaybat maxluq – kaltakesaklarning ulkan avlodi bo‘lgan godzillani ko‘rgan. Amerikaliklar mashhur “Godzilla” filmi o‘sha okeanshunos olimning ko‘rgani va aytib berganligi asosida suratga olingan, deyishadi.
O‘n millionlab virus
Okean olimlari dunyo okeanida eng kichik tirik organizmlar yashashi uchun odatdan tashqari o‘ta qulay sharoit mavjudligini aytishadi. Karolova dengizi 1 milligramm suvi maxsus o‘lchagichlar bilan tekshirilganda unda millionlab bakteriya va 10 millionlab virus qalashib yotganligi, bularning ko‘pchiligi hali fanga ma’lum emasligi ayon bo‘ladi. Bu sohada jahonning yetuk ximiklari, kompaniyalari bu formulani topishga qiziqyapti, ammo uning uddasidan chiqisha olmayapti.
Dunyo okeanlari tubida hali inson qadami, ya’ni bilimdon texnikasi yetib bormagan tarixiy sirlari sirligicha yashirinib yotibdi. Bunga suv osti dunyosi, har xil joylardan topilgan ashyolar, g‘aroyib tirik xilvatlar guvoh. Lekin gap shundaki, bu jahon okeanida umumbashariyat hanuzgacha suv yuzasini 5 foizginasini tekshirish va tadqiqot qilishning uddasidan chiqqan, xolos.
- Biz hali suv olamining eng chuqur tubiga g‘arq bo‘lgan sivilizatsiya qoldiqlarini topishga guvoh bo‘lamiz, – deb ta’kidlaydi avstriyalik okeanolog, suv osti biologshunosi Gans Xass. - Shuning uchun ham okeanni suv osti muzeyi, deb atashadi.
3 ming darajadagi issiqlik
Okean bag‘rida ko‘pgina geografik ob’yektlar topilgan. Masalan, uzunligi bir necha qavatga teng, ideal ustunlar yoki o‘zidan oltingugurt chiqaruvchi trubalar qalashib yotganligini aytish mumkin. Masalan, Meksika qo‘ltig‘i atrofidagi okean tubida vulqonlar, okean tubida qaynoq buloq. Issiqlik harorati 3 ming darajagacha bo‘lgan bu suv mo‘’jizasini aytish o‘rinlidir. Bu issiqlik qo‘rg‘oshinni batamom eritib yuborishga qodir. Endi solishtiring-a, bunday issiqqa o‘sha muhitda yashayotgan hayvonot olamining chidashiga nima deysiz?
Okeanlar haqida xulosa shu: tabiat o‘z sirlarini haligacha hech kimga aytmoqchi emas…
Jumaqul KARIM tayyorladi.