Oldin fikrlab, keyin xulosa chiqaraylik
Hozirda Jizzax davlat pedagogika instituti to‘rtinchi bosqich talabasiman. Bo‘lajak o‘qituvchi sifatida ba’zi mulohazalarni bildirishni lozim topdim.
Baxtigul Qarshiyeva maqolasida "...o‘tgan yili boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining jazavaga tushib, haqoratli so‘zlarni aytgan videotasvirlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi..., 19 yanvar kuni Facyebook foydalanuvchisi Muazzam Ibrohimova "Eri prokuror bo‘lgan matematika o‘qituvchisi tumandagi maktabga ishga joylashtirildi..., ikki yuzdan ortiq o‘quvchi fanni o‘zlashtira olmay "mol", "eshak", "hayvon" degan haqoratlar bilan siylandi. ...peshonasiga ruchka bilan "2" raqami qo‘yilgan o‘quvchilar suratlari tarqaldi", deb yozgan.
Bu kabi jarayonlar o‘qituvchilik kasbiga dog‘ tushirishini siz bilib, biz bilmay qolmaymiz, albatta. Qolaversa, ijtimoy tarmoqlarda shov-shuv bo‘lgan, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining jazavasi, matematika o‘qituvchisining o‘quvchilarni haqoratlashi barchamizni qayg‘uga soldi. Ilmni yelkasida tutgan o‘qituvchilarning qanchasini ko‘rganmiz. Oylik maoshi kam bo‘lsa-da, bir umr shu sohada mehnat qilgan ustozlarimiz jamiyatda hamisha o‘z o‘rniga ega bo‘lgan. Nega ular ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilmaydi? O‘qituvchilarning obro‘yi tushishiga bu kabi holatlar o‘z ta’sirini ko‘rsatmayaptimi? Maqolada bu misollarni keltirib, muallif nimani isbotlamoqchi?
Dilnoza Annaqulovaning maqolasiga ham bir qancha e’tirozlar mavjud. Jumladan, "...ota-ona bolaning o‘qishi bilan mutlaqo qiziqmay qo‘ydi", deyiladi maqolada. Bizningcha, ota-ona so‘zining oldida "ayrim" so‘zi tushib qolgandek. Yoki bizda farzandining o‘qishiga, kamol topishiga befarq ota-onalar shunchalik ko‘pmi?
"...o‘quvchilarning xurmacha qiliqlaridan ishni tashlab ketgan muallimlar ham yo‘q emas". Bu bilan muallif xurmacha qiliqli o‘quvchilar dastidan ishdan ketgan o‘qituvchilar haqida aytayotgan bo‘lsa kerak. Xo‘sh, qaysi maktabda xurmacha qiliqli o‘quvchi yo‘q ekan? Ishdan ketgan o‘qituvchi shunaqa maktab qidirib yuradimi? Tabib bemorni davolashga majbur. Bizning sharqona mentalitetimizda ta’lim va tarbiya uzviy aloqada olib boriladi.
"Ehtimol o‘sha kuni maktab direktori maoshini plastikda berib, komissiya bahonasida 50 ming so‘mdan naqd pul yig‘ib olgandir".
Direktorning bu qilig‘idan o‘qituvchining jazavaga tushishi yoki o‘quvchilarini haqoratlashi to‘g‘rimi? Bunday holat bilan o‘qituvchini qanday oqlay olamiz?
Xullas, "Xulosaga shoshmaylik", "Hayvonmisan, molmisan?!", debdi deya misollar keltirishdan oldin bir o‘ylab ko‘raylik, fikrlashaylik. Zero, o‘qituvchi, muallim jamiyatimiz gultojidir!
Abdug‘affor ABDURAHMONOV.