O‘lim tarqatuvchisi: Yuzlab odamlarga kasal yuqtirgan “nolinchi bemor” Meri Mallon qissasi

Tibbiyotda dahshatli epidemiyalarni boshlab bergan odam - «nolinchi bemor» tushunchasi mavjud. Meri Mallon, ehtimol, tarixdagi eng mashhur «nolinchi bemor»dir. Uning o‘zi bu halokatli rolini har tomonlama rad etib,  qaysarligi qurboni bo‘lgan va hayotini yolg‘izlikda yakunlagan.

Iqtidorli oshpaz

Bu hikoya 1869 yil 23 sentyabrda Irlandiyada boshlanadi. Meri mutlaqo sog‘lom farzand edi. U  15 yoshida qarindoshlariga qo‘shilish uchun Amerikaga ko‘chib o‘tadi, u yerda darhol uning omadi chopadi: u boy oilada oshpaz bo‘lib ishga kirishga muvaffaq bo‘ladi.

Hayotining keyingi 30 yilida Meri oshpazlik mahoratini oshiradi: epchil ayol haqiqiy iste’dodga ega edi, shuning uchun Meri na ehtiyoj, na ishsizlikka yo‘liqadi. Lekin keyin g‘alati narsalar boshlanib ketdi.

Birinchi o‘limlar

1900 yildan 1907 yilgacha Meri ishi borasida beshta oilani o‘zgartirishga to‘g‘ri keldi. Uning ish beruvchilaridan hech biri undan shikoyat qilmagan - muammo shundaki, ayol ishga kirgan har bir oila a’zolari tez orada kasal bo‘lib qolardi. Meri Mamaronek shahriga ko‘chib o‘tadi va o‘sha hududlarda ko‘p yillar davomida kuzatilmagan tif (ich terlama) epidemiyasi boshlanadi. Keyin esa Meri Manxettenga ko‘chib o‘tadi, tez orada u ovqat pishirgan oila a’zolari isitmalay boshlab, ulardan biri ayol vafot etadi.

Merining keyingi ish joyi mahalliy advokatning uyi bo‘ldi: ko‘p o‘tmay oilaing sakkiz a’zosidan yetti nafari tif bilan kasallandi, Meri esa hammaga g‘amxo‘rlik qilar, bu esa vaziyatni yanada yomonlashtirardi - tez orada tif advokatning uyidan tashqariga tarqaldi. 1906 yilda Meri Mallon Nyu-Yorklik boy bankir Charlz Genri Uorren oilasiga oshpaz bo‘lib ishga kiradi. O‘sha yili Uorrenlar Long-Aylenddagi uyni ijaraga olishadi va Meri ular bilan birga u yerga ko‘chib o‘tadi. 27 avgustdan 3 sentyabrga qadar bu oilaning 11 a’zosidan olti nafari tif bilan kasallanadi. Xullas, Meri qayerga bormasin, ich terlama uning orqasidan ergashardi.

 

Shifokor izga tushdi

1906 yil 4 avgustda u yangi oilada ish boshladi va atigi uch hafta o‘tgach, oila a’zolari kasallanadi va oila tif tadqiqotchisi Jorj Soperga murojaat qiladi, u tekshirish o‘tkazadi va tom ma’noda oshpazni «jinoyat ustida» qo‘lga oladi: o‘shanda Meri oshpaz sifatida qabul qilingan keyingi ish joyida ikki xizmatchi kasalxonaga yotqizilgan va uy egasining qizi vafot etgandi.

Soper Meri Mallonga ich terlamaga tahlildan o‘tishni taklif qiladi va hatto o‘zi bilan uchrashuvga shifokorni olib keladi, lekin ayol qat’iyan rad etadi: birinchidan, u o‘zini mutlaqo sog‘lom his qilar, ikkinchidan, o‘sha paytda irlandiyalik muhojirlar o‘zlarini ikkinchi darajali fuqarolardek his qilishgan: ular «kasallik tarqatuvchi qaroqchilar» sifatida tasvirlangan. Tabiiyki, Meri Soperning bu taklifini haqorat sifatida qabul qildi. Soper o‘z tadqiqotini Amerika Tibbiyot Assotsiatsiyasi jurnalida chop etadi va «Tif tarqatuvchi Meri» atamasi aynan o‘sha yerda paydo bo‘ladi.

Meri hibsga olindi

Nyu-York Davlat departamenti xavfli oshpaz bilan qiziqib qoladi va u qamoqqa olinadi. Qamoqxonada Meri birinchi marta sinovdan o‘tkaziladi va uning o‘t pufagida tifga o‘xshash bakteriyalar o‘chog‘i borligi aniqlanadi. Shifokorlar unga o‘t pufagini olib tashlashni taklif qilishadi, lekin ayol qat’iyan rad etadi – negaki, ich terlama o‘ta og‘ir va tez rivojlanadigan kasallik, Meri esa o‘zini juda yaxshi his qilardi va unda hech qanday alomatlar topilmagandi.

Karantin va tekshiruvlar

Shundan so‘ng, shtat qonuniga asoslanib, Meri Nort-Brazer orolidagi kasalxonaga yuboriladi. Oshpazning karantini uch yil davom etishi kerak edi.  Shifokor uni bir shart bilan karantindan ozod qilishga qaror qiladi: u boshqa hech qachon oshpaz bo‘lib ishlamaydi va boshqa odamlarga ovqat tayyorlamaydi. 1910 yil 19 fevralda Meri Mallon qasamyod qilgach, ozod qilinadi va materikka qaytadi.

Boshqa ism, hibs va umrbod karantin

Sobiq oshpaz mehnati og‘irroq va undan ham yomonrog‘i kam to‘lanadigan kir yuvuvchi bo‘lib ishga kiradi. Shuning uchun tez orada Meri Mallon o‘z ismini Meri Braunga o‘zgartiradi va yana oshpaz sifatida ishga kiradi. 1915 yilda u Sloun ayollar kasalxonasida ishga joylashib oladi. Ko‘p o‘tmay, bir vaqtning o‘zida 25 kishi kasal bo‘lib ulardan biri vafot etadi. Darhol shaxsi aniqlanib, Meri hibsga olinadi. Uning oroldagi ikkinchi karantini 1915 yil 27 martda boshlanadi va umrining oxirigacha davom etadi.

Meri 1938 yilda xuddi shu orolda tifdan emas, balki pnevmoniyadan vafot etadi. Shunday qilib, tarixdagi birinchi «nolinchi bemor» shifokorlarga butunlay sog‘lom bo‘la turib, xavfli kasallikni yuqtirish mumkinligini isbotlagan dunyodagi birinchi odam bo‘ldi.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.