Olimlar xulosasi: ko‘zoynak taqqanlar koronavirusga kamroq chalinadi
Ha, shunday. Ko‘zoynak taqadigan odamlarda koronavirusga chalinish ehtimoli ancha kam ekan. Bu haqda OpenBio forumi maydonida biologiya fanlari doktori, Rossiyaning Novosibirsk davlat universiteti bionanotexnologiya, mikrobiologiya va virusologiya laboratoriyasi rahbari Sergey Netesov ma’lum qildi.
Uning aytishicha, xitoylik olimlar ham o‘rganishlari davomida xuddi shunday xulosaga kelishgan. Uning fikrlarini "Rossiyskaya gazeta" nashri keltirib o‘tdi.
- Xitoyda ham shu bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot ko‘zoynak taqadigan odamlar koronavirusga boshqalarga nisbatan besh marta kam chalinishini ko‘rsatdi, - deydi Netesov. - Xitoyda bu juda aniq namoyon bo‘ladi. Chunki u yerda kontakt linzalarni kam taqishsa-da, lekin ko‘rish qobiliyatida muammosi bo‘lgan insonlarning 80 foizidan ziyodi ko‘zoynak taqadi. Bemorlarning bor-yo‘g‘i 10 foizini esa ko‘zoynak taqadiganlar tashkil etgan.
Ayni chog‘da rossiyalik olim niqobda yurishni ham qat’iy tavsiya qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, virusni yuqtirishning asosiy yo‘llari burun va ko‘zning shilliq pardalari hisoblanadi. Shunday ekan, burnini berkitmasdan niqob kiygan odam xuddi niqobsiz yurgan bilan bir xil hisoblanadi. Hidni yo‘qotish birinchi navbatda infeksiya burun orqali yuqqanini ko‘rsatadi. Bu esa eng keng tarqalgan alomatlardan biridir.
Sergey Netesov, shuningdek, xitoylik mutaxassislar virus inson terisida 12 soatgacha yashashini isbotlashgani haqida ham aytib o‘tdi. "Shuning uchun qo‘lni yuvib yurish juda muhim profilaktik chora hisoblanadi", deydi u.