Olimning halovati mashaqqatdur

Assalomu alaykum, qadrli ukam Bobomurodjon! Xitoyning Xarbin o‘lkasidan kelgan xushxabarni eshitib, Qarnabota qishlog‘idan yetishib chiqqan bir ziyoli sifatida qavmim vakilining bu yutug‘idan juda xursand bo‘ldim.
31 ming nafar talaba o‘qiydigan, dunyo reytingida 152-o‘rinda turgan Xarbin texnologiyalar institutining faxriy professori bo‘lish, bu - o‘zbek fanining, o‘zbek millati vakili ilmining e’tirofi, deb tushunaman. Chunki amaldagi tartibga ko‘ra, endi sen bu dargohda doktorantlar va yosh olimlarga ilmiy yo‘nalish ko‘rsatasan, magistr va PhD yoqlash arafasidagi tadqiqotchilarga saboq berasan. Albatta, shunga yarasha imtiyozlari ham bor.
Ochig‘i, radio va televideniye orqali qiziquvchilarga va, umuman, aholiga fazoning mohiyati, fazodagi o‘zgarishlar mazmuni to‘g‘risida oddiy, tushunarli sharhlab berishing yangilik bo‘lmay qoldi. Bu orqali odamlarda o‘zi yashab turgan dunyo haqida juda muhim tushunchalar beryapsan. Sendagi bunday iqtidor va mahorat hatto jurnalistlar o‘rtasida ham qiziqish uyg‘otmoqda.
Ijtimoiy tarmoqqa kirganimda sen haqingda quyidagi ma’lumotlarga ko‘zim tushdi: "Bobomurod Ahmedov Jo‘rayevich - O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi" (2021), "Mehnat shuhrati" ordeni sohibi (2012), Butunjahon Fanlar Akademiyasi akademigi (2018), Islom dunyosi Fanlar Akademiyasi akademigi (2020), Xalqaro Fan va Gumanitar fanlar sohasidagi Akademiya akademigi (2024), Dehli va Lahor universitetlari faxriy professori, Italiyadagi Triyest Xalqaro nazariy fizika markazi koordinatori va hamkori, O‘zbekiston "Fizika" jurnali bosh muharriri, Germaniyaning "Springer" nashriyoti chop etadigan "Arabistonda matematika" ilmiy jurnali muharriri, Xalqaro astronomiya jamiyati a’zosi, O‘zbekiston fiziklar kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi (2023).
Oddiy ziyoli sifatida bir umr ishlab, ana shu marralarning hech bo‘lmaganda bittasiga erishishni orzu qilgan olimlarni ko‘rganman. Fe’lingni bilaman, sen bularni mas’uliyat deb tushunasan. Yashirmayman, kamina sening ana shu tig‘iz va oqilona faoliyating orqali allomalarimiz faoliyati haqida tasavvur hosil qilaman. Demak, o‘sha davrlarda ham ilmga jonini fido qilgan odamlargina ana shunday salohiyatga erishganlar. Hayotingni yaxshi bilganim uchun bunday xulosa chiqarishga haqliman, deb o‘ylayman.
Bobomurodjon!
Ilm shunaqa sehrli, mo‘’jizaviy jarayon. Bu jarayonga har kim ham kira olmaydi, mabodo kirgani bilan ham "safdoshlik"dan nariga o‘ta olmaydi. Hammani yoppasiga savodli qilish mumkindir, lekin bilimli qilib bo‘lmaydi. Allomalardan biri "Ta’limda tolibning ishtiyoqi ustozning salohiyatidan ustuvordir", deganida yuz karra haq ekan. Men bu haqiqatni Sen va Senga o‘xshagan iqtidorlar misolida ko‘rib turibman. To‘g‘ri-da, avvalo, bolaga uydaligidayoq o‘qishga ishtiyoq uyg‘otish, undan keyin esa faqat ilm olishga mayli bor yoshlarnigina o‘qitish zarur.
Senda kibr yo‘qligiga havas qilaman. Aeroport tomondan Samarqand davlat universiteti fizika fakultetiga besh yil piyoda kelib-ketganingni ham bilaman. Kursdoshing, taniqli siyosatchi Alisher Jo‘raqulovich Xo‘jayev bir davrada “Bobomurod darsdan keyin nuqul kutubxonada o‘tirardi, uyida ham ko‘p kitob o‘qirdi, vaqtini behuda davralarga sarflamasdi", deganida quvonganman.
Bu aslida bor gap. Geografiya fanlari nomzodi, amakim Davlat Yo‘ldoshevga ko‘ra, rahmatli Jo‘raqul aka ham xuddi shunday tartibli inson bo‘lgan va qishlog‘imizdan yetishib chiqqan birinchi geolog, juda katta geologik ekspeditsiyalarda ishtirok etgan. Onang - Rohiya ammamiz ham aynan shu sohada o‘rta maxsus bilim olgan va doimo turmush o‘rtog‘ining yonida yurib ishlagan.
Aytganday, sizlarnikiga mehmonga borganimda onangning qazilmalarga oid chizmalarni tahlil qilayotganini ko‘p bor ko‘rganman. Bobomurod, onang ham Qarnabotaning kayvonilaridan biri - Nazar aka Berdiyevning qizi bo‘lsa-da, biz u kishiga amma, deb murojaat qilardik. Chunki Rohiya opa Zulfiya ammamning Mahkamtosh ismli qizi bilan bolalikdan dugona bo‘lgan.
Ming afsuski, voyaga yetganda u og‘ir xastalikdan vafot etgan, lekin onang dugonasining yodi hurmati katta ammam va barcha og‘aynilarimiz bilan bordi-keldini uzmadi, bizlardan mehrini ayamadi, o‘z ukasi, farzandi kabi ko‘rdi. Bunday oqibat, sadoqat va odamgarchilik oldida ta’zim qilaman!
Bobomurod, to‘g‘ri, bugun sen tug‘ilgan kun, ammo kamina ushbu bitikni Xitoyda erishgan muvaffaqiyating uchun yozyapman. Chunki, bilaman, Sen tug‘ilgan kun va boshqa har xil ulfatbozlik tadbirlarini yoqtirmaysan. Baribir, 61 yoshni to‘ldirgan olim ukajonimning salohiyatiga havas qilaman va uni boshqa yoshlarga ibrat qilib ko‘rsataman. Zero, bugun el akademik B.Ahmedovni O‘zbekistonda yangi relyativistik astrofizika ilmiy maktabining asoschisi, shu sohada Rentgen, astronomiya, Gravitatsion to‘lqinlar astronomiyasi, Radioastronomiya kabi yangi yo‘nalishlar yaratgan, bevosita rahbarligida 12 nafar fan doktori va 25 nafar fan nomzodi dissertatsiyasini yoqlagan olim sifatida yaxshi biladi. Qolaversa, radio va televideniyeda, ijtimoiy tarmoqlarda astrofizika, samoviy fizik harakatlarga oid suhbatlaringni e’tibor bilan tinglaydi.
Bir tanish ziyoli ishxonangdagi tartib-intizom va ichki madaniyating haqida gapirib berdi. Unga ko‘ra, sen biror marta ham tadbirlarga, darslarga kechikmagansan. Har qanday tadbirni zalga qancha odam kelishidan qat’iy nazar, belgilangan vaqtda boshlar ekansan. O‘zingga va shogirdlaringga talabchanliging sababli ayrimlar laboratoriya yaqiniga kelolmas ekan. SamDU dotsenti, hamqishlog‘imiz, taniqli fizik olim Abdulla Quvvatov "Bobomurodga o‘xshagan olimlar har yuz yilda bir keladi. Negaki, xorij jamoatchiligi har qanday faoliyatga ham tan beravermaydi. Uning xayolida ilmdan boshqa narsa bo‘lmaydi", deb e’tirof qildi.
Olmaning tagiga olma tushadi. Haq gap. Jo‘raqul aka, Rohiya ammam bergan tarbiya ibratdan kelgani uchun sulolaning qoniga singib ketgan. Mustaqillik tengdoshi bo‘lgan o‘g‘ling magistraturani Granada (Ispaniya), doktoranturani esa Aaxen (Germaniya) texnika universitetida o‘qidi, allaqachon "Shuhrat" medali olishga ulgurdi, "Yangi O‘zbekiston" universitetida birinchi prorektor. Qizing Nozima O‘zFAning Astronomiya instituti katta ilmiy xodimi, fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori. O‘g‘ling Baxtinur esa Chexiyaning Sileziya universitetidan magistr bo‘lib qaytdi, hozir ilmiy ishini yoqlashga hozirlik ko‘rayotir. Bu ma’rifiy oilada turmush o‘rtog‘ing, Kichigoy muallimadek ziyolining farzandi, xalq ta’limi a’lochisi Yulduzoy Tillayevaning xizmatlarini aytmasam bo‘lmas.
Bobomurod, esingdami, bir kuni sendan "ikki-uch tilda turli davlatlarda ma’ruza o‘qiysan, o‘nlab loyihalarda ishtirok etasan, tag‘in badiiy kitoblar o‘qishga ulgurasan, dam ham olasanmi o‘zi?" deb so‘raganimda, sen "qayerda bo‘lmay, har kuni ertalab jismoniy tarbiyani kanda qilmayman, musiqa eshitaman, kitob o‘qiyman, bitta aybim - bekorchi davralarni xushlamayman. To‘g‘risi, men olim sifatida faqat izlanish va mashaqqatlardan halovat topaman" degan eding. Endi bilsam, bu Sening hayotiy shioring ekan.
Bir oiladan chiqqan olimlarni gapirayapman-u, xayolimni bir fikr tark etmaydi. Barchangiz farzandlaring ham bazaviy ilmni yurtimizda olgansiz. To‘g‘ri, murakkab sohada puxta bilim olish uchun alohida iqtidor ham zarur, lekin agar kishida intilish bo‘lsa, hammasini egallash mumkin ekan. Xursandchiligimning boisi shulkim, Sizlar ayrimlarga o‘xshab, garchi magistratura yoki doktoranturani xorijda o‘qigan, xorijda hatto bir muddat ishlagan bo‘lsangizlar ham millat safida, Vatan quchog‘ida faoliyat ko‘rsatishni ma’qul bildingizlar va kam bo‘lmayapsizlar. Men bu ishlaringizdan faxrlanaman.
Lo‘nda qilib aytganda, Bobomurodjon, biz, samarqandlik ziyolilar, xususan Qarnabota ahli sendek bilimdon, salohiyatli ziyoli yurtdoshimiz bilan faxrlanamiz! Ishlaringga omad, oilangga farovonlik va o‘zingga mustahkam sog‘lik tilayman!
Hurmat bilan,
Farmon TOShEV.