Oliy sud raisi o‘rinbosari Samarqandda

Oliy sud raisining o‘rinbosari Olimjon Ismoilov Samarqand viloyatida bo‘lib, sudlar faoliyati bilan tanishdi hamda aholi uchun sayyor qabul o‘tkazdi.

Jumladan, Oliy sud raisi o‘rinbosari Toyloq va Jomboy tumanlari sud binolarida fuqarolar, sudya va xodimlar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Ijro intizomi, ishlarni tashkil qilish holatini o‘rganib, xodimlar bilan suhbatlashdi. 

Muloqotlarda keyingi yillarda sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, moddiy-texnika bazasini yaxshilish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar va buning samarasi qayd etildi. Bugun har bir sudya va sud xodimi ana shu e’tibordan kelib chiqib o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashishi kerakligi, korrupsiya, ta’magirlik kabi illatlarga yo‘l qo‘ymasligi zarurligi aytildi. O.Ismoilov yuqori malakali, chuqur bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar yordamida sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, ularning faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirishga erishish mumkinligini ta’kidladi. 

Shundan so‘ng Samarqand viloyat sudi binosida Oliy sud rahbariyatining sayyor qabuli o‘tkazildi. Qabulda 32 nafar fuqaroning sudlar faoliyati bilan bog‘liq murojaatlari ko‘rib chiqildi. 

Har bir murojaatga alohida e’tibor qaratilib, qonunga muvofiq keladiganlari ijobiy hal qilindi, Oliy sud vakolatiga doir masalalar bo‘yicha arizalar qabul qilindi va huquqiy tushuntirish berildi. 

Samarqand tumanida yashovchi Sh. Kayumov Oliy sud raisi o‘rinbosari qabulida Oliy sud fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga taftish tartibidagi shikoyat bilan murojaat qilganligini bildirib, mazkur shikoyat ko‘rib chiqilgunga qadar quyi sud hujjatining ijrosini to‘xtatib turishga amaliy yordam so‘radi. Sh.Qayumovning murojaati hujjatlar asosida o‘rganib chiqildi va shu yerning o‘zida qanoatlantirildi.

Qabul davomida sodir qilgan jinoyati uchun jazoni o‘tayotgan 7 nafar shaxs pushaymonligi, qilmishidan tegishli xulosa chiqarganligi, bunday buyon sog‘lom turmush tarzida yashab, ibratli hayot kechirishini bildirib jazodan ozod qilishni so‘radi. Shu yerda Samarqand shahar sudining sayyor sud majlisi tashkil etilib, har bir holat alohida ko‘rib chiqildi va qonunga muvofiq keladigan murojaatlar ijobiy hal etildi.

Oliy sud raisi o‘rinbosari O.Ismoilov o‘rganishlar va sayyor qabul yakuni bo‘yicha viloyat sudlari raislari, o‘rinbosarlar va sudyalar ishtirokida muhokama o‘tkazdi.

Uchrashuvda odil sudlovni amalga oshirishda adolat va qonuniylikni ta’minlash, sud idorasiga najot istab kelgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini qonun doirasida himoya qilish bugun har bir sudyaning eng asosiy vazifasi bo‘lmog‘i lozimligi qayd etildi. Shuningdek, ma’naviyat va ma’rifat masalasiga ham alohida e’tibor qaratilib, sudyaning ongida adolat, tilida haqiqat, dilida poklik hukmron bo‘lishi uchun, eng avvalo, yuksak ma’naviyatli bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.