Olti asrlik rishtalar yoki Boshli va Samarqand tarixi haqida
Amir Temur 1396 yilda Dog‘istondagi Boshli qal’asini egallagach, u yerdan 20-25 yoshli ming nafar jangchi yigitni Samarqand va Buxoroga olib kelgan.
Amir Temur asos solgan Turon davlati nafaqat Markaziy Osiyo, balki jahon tarixida ham muhim o‘rin tutadi. Sohibqiron qisqa vaqt ichida kuchli va markazlashgan davlat barpo etib, uning sarhadlarini kengaytirish hamda xavfsizligini ta’minlash yo‘lida yirik harbiy yurishlar olib bordi. Uning sarkardalik mahorati, siyosiy zakovati va davlat boshqaruvidagi qat’iyati tufayli Turon davlati o‘z davrining qudratli mamlakatlaridan biriga aylandi.
Amir Temur 1386-1388 yillarda uch yillik, 1392-1396 yillarda besh yillik, 1399-1402 yillarda esa yetti yillik harbiy yurishlarda bo‘ldi. Bu yurishlar davomida Eron, Iroq, Suriya, Kavkaz, Usmonlilar davlati, Oltin O‘rda hamda Hindiston hududidagi ko‘plab mamlakatlar Temur saltanati ta’siriga tushdi. Manbalarda qayd etilishicha, Sohibqiron mingdan ortiq janglarda ishtirok etib, deyarli barchasida g‘alaba qozongan.
1391 yil 18 iyunda Samara viloyatidagi Kandircha daryosi bo‘yida Amir Temur va Oltin O‘rda xoni To‘xtamishxon o‘rtasida yirik jang bo‘lib o‘tadi. Manbalarga ko‘ra, har ikki tomondan 200 mingdan ortiq askar qatnashgan ushbu jangda Amir Temur hal qiluvchi g‘alabaga erishgan. Bu zafar Turon davlatining mustaqilligi va qudratini yanada mustahkamlaydi.
1395 yil 15 aprelda esa Terek daryosi bo‘yida To‘xtamishxonga qarshi ikkinchi jang yuz beradi. Bu safar Amir Temur qo‘shini tarkibida 250 mingga yaqin jangchi qatnashgan. Jang yana Sohibqironning buyuk g‘alabasi bilan yakunlanib, Oltin O‘rdaning siyosiy qudratiga jiddiy zarba beriladi.
1402 yil 20 iyulda Anqara yaqinida Amir Temur va Usmonlilar sultoni Yildirim Boyazid o‘rtasida o‘rta asrlarning eng mashhur janglaridan biri bo‘lib o‘tdi. Amir Temur qo‘shini 200 ming, Boyazid lashkari esa 160 ming askardan iborat edi. Jang natijasida Amir Temur g‘alaba qozonib, butun Sharq va G‘arb dunyosida katta shuhrat qozondi.
Bu yurishlardan keyin Samarqand nafaqat siyosiy, balki madaniy va iqtisodiy markaz sifatida ham yuksaldi. Turli mamlakatlardan minglab jangchilar, hunarmandlar, dehqonlar va chorvadorlar Samarqandga olib kelindi. Ular shahar va atrof hududlarning taraqqiyotiga katta hissa qo‘shdilar.
Tarixning bu ma’lumotlarini keltirishimizga sabab bor. Gap shundaki, 1960 yillarda Samarqandda Dog‘iston madaniyati kunlari o‘tkaziladi. Shu tadbirda qiziqarli tarixiy ma’lumotlar yuzaga chiqadi. Ya’ni, samarqandlik bir necha otaxon dog‘istonlik mehmonlar bilan suhbatda o‘z ajdodlari Dog‘istondan kelganini aytishadi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Amir Temur 1396 yilda Dog‘istondagi Boshli qal’asini egallagach, u yerdan 20-25 yoshli ming nafar jangchi yigitni Samarqand va Buxoroga olib kelgan. Ularning 500 nafari Samarqandga, qolgani Buxoroga joylashtirilgan.
Oradan oltmish yil o‘tib, 2026 yil may oyi boshida dog‘istonlik bir guruh mehmonlar Samarqandga kelib, o‘sha jangchilar avlodlarini izlashga harakat qildi. “Boshli tarixi” asari muallifi Muhammadrasul Ibragimov bu masala yuzasidan viloyat arxivlari, madaniyat boshqarmalari va ziyolilarga murojaat etgan.
“Boshli tarixi” asarida qayd etilishicha, o‘rta asrlarda Boshlikent Chandar (Shandan) davlati tarkibiga kirgan bo‘lib, u yerda turkiy qumiqlar yashagan. Qiziq jihati shundaki, Samarqand va Boshli hududlarida Chaqar, Inika, Qovodiyon, Novodon, Xozora, Manas, Ayronchi, Damchilar, Qirqchilton kabi o‘xshash mahalla va joy nomlari saqlanib qolgan. Masalan, Samarqand shahrida Amir Temur maqbarasi yaqinida Chaqar mahallasi, Past Darg‘om tumanida esa Inika Chandir mahallasi mavjud.
Pastdarg‘omlik tadqiqotchi Abdurahmon Abduhakimovning “Chandir - ming uyli jondir” asarida ham Inika Chandir haqida muhim ma’lumotlar keltirilgan. Dog‘istonning Boshlikentida ham Inik’ ovul va Chaqar ovul mahallalari mavjudligi tarixiy manbalarda qayd etilgan.
Bu kabi tarixiy o‘xshashliklar va manbalar qardosh xalqlar o‘rtasidagi azaliy aloqalarni yana bir bor tasdiqlaydi. Shu bois, tarixiy merosni o‘rganish, qardosh xalqlarni o‘zaro yaqinlashtirish va madaniy aloqalarni mustahkamlash bugungi kunda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Sharifjon Saxatov,
tarixchi, muzeyshunos.