Tarix qatidagi haqiqat: Buxoro amirligi qanday tugatilgan edi? (3-qism)

Turkiston fronti inqilobiy-harbiy byuro uchligining a’zosi A.Mashitskiyning 1920 yil sentyabrda V.I.Leninga yozgan ma’lumotnomasida Buxoro shahri markazi yakson qilingani, Registon va Ark yondirilgani, Ark yerto‘lalari va omborxonalaridagi butun boyliklar - oltin, kumush, brilliantlar talangani, bunda qizil armiya bevosita qatnashgani haqida xabar bergan. Qariyb 15 sentyabrgacha davom etgan Buxoro talovining guvohi bo‘lgan Turkiston komissiyasi a’zosi G.Safarov o‘z ma’lumotlarida shunday yozgan edi: “Buxoroga kelgan qizil qo‘shinlar, eng avvalo, talonchilik bilan shug‘ullandilar. Ular hammani va hamma narsani taladilar. Umuman qizillar Buxoroni talash uchun kelgan edilar”.

Dahshatli janglar natijasida Eski Buxoroning tinch aholisidan anchagina qismi, shuningdek, shahar devorlari orqasida jon saqlagan atrof qishloqlarning ko‘pgina aholisi halok bo‘ldi. Voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlardan birining guvohlik berishicha, o‘lganlar shu qadar ko‘p ediki, ularni yig‘ishtirib olishga ulgurib bo‘lmasdi. Qadimiy Buxoroning deyarli yarmi yonib bo‘lgan, 4/5 qismi xarobalar ostida yotar edi. Ayniqsa, eng qadimiy me’morchilik obidasi bo‘lgan Arki oliy katta shikast ko‘rdi, qizil qo‘shin artilleriyasi unga qarab to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘q yog‘dirgan edi.

Buxoro shahri bosib olingandan so‘ng qizil armiya amirlik tarkibidagi 27 ta viloyat (beklik) va Buxoro shahri atrofidagi 11 ta tumanni ham birin-ketin egalladi va bu bilan Buxoro amirligiga barham berdi. Amirlik hududida keyinchalik Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tuzildi.

Bugungi kun nuqtai nazaridan turib, Buxorodagi sentyabr fojialariga nazar tashlansa va mushohada etilsa, bir haqiqat oydinlashadi. Buxorodagi amirlik tuzumi haqiqatan ham kelgusi taraqqiyot uchun to‘siq bo‘lib turardi. Yosh buxorolik jadidlar mamlakatni yevropacha andazadagi rivojlangan davlat darajasiga ko‘tarish, Buxoroda demokratik tuzum va huquqiy jamiyat qurish uchun chin dildan intilgan edilar. Biroq ular amirlik tuzumini o‘z kuchlari bilan yiqita olmay, bolsheviklar va qizil askarlar bilan ittifoq tuzib, qattiq adashdilar va jiddiy xatoga yo‘l qo‘ydilar.

Butunrossiya Markaziy Ijroiya Komiteti va RSFSRning Turkiston ishlari bo‘yicha komissiyasining 1920 yil 10 sentyabrdagi qarori bilan RSFSR hukumati va RKP(b) Markaziy Komitetining Buxoro Xalq Sovet Respublikasidagi vakili etib Turkiston komissiyasi raisining o‘rinbosari V.Kuybishev tayinlandi. V.Kuybishev yangi hukumat boshlig‘i Fayzulla Xo‘jayevga ishonch yorlig‘ini topshirdi, unda “RSFSRning asosiy talabi Buxoro davlati mustaqilligini hurmat qilish, barcha rus fuqarolari va tashkilotlarini hamda Buxoro mustaqilligini hurmat qilishga undashdan iborat” ekanligi ta’kidlangan edi. Amalda esa V.Kuybishev Buxorodagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarga ochiqdan-ochiq aralashib, sovet andazasini o‘rnatishga harakat qildi.

Amirlik poytaxti bosib olingandan keyin sentyabr oyi boshlarida Buxoroda hokimiyat Muvaqqat Butunbuxoro inqilobiy qo‘mitasi ixtiyoriga o‘tdi. U darhol Turkiston komissiyasi rahbarligida ilgaridan tayyorlab qo‘yilgan manifestni e’lon qildi. Unda Buxoro davlati “Mustaqil Buxoro Sovet Respublikasi” deb ko‘rsatilgan edi. Shuningdek, manifestda yana amirlikdagi mavjud yerlar davlat yerlariga aylantirilishi, soliqlarning tartibga solinishi, yerlar esa yersiz va kam yerli dehqonlarga bo‘lib berilib, ularning mehnat qurollari bilan ta’minlanishi, sud ishlarini tartibga solish, ta’lim tizimini yangilash, o‘lim jazosini bekor qilish, inson huquqlarining himoya qilinishi yozilgandi. 1920 yil 11 sentyabrda inqilobchi “Yosh buxoroliklar” partiyasi tarqatilib, uning ko‘pchilik a’zosi Buxoro Kommunistik partiyasi tarkibiga kirishdi.

1920 yil 6-8 oktyabrda amirning yozgi saroyi - Sitorai Mohi Xosada chaqirilgan Butunbuxoro xalq vakillarining I qurultoyida Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) tuzilganligi tantanali ravishda e’lon qilindi. Bu yangi davlat tuzumi jihatidan xalq demokratik respublikasi edi. Uning zimmasiga qisqa muddat ichida o‘rta asrchilik an’analaridan meros qolgan amirlik Buxorosini demokratik davlatga aylantirishdek tarixiy vazifani bajarish tushdi. Qurultoyda davlat hokimiyatining oliy organi – Butun Buxoro Markaziy Inqilobiy Qo‘mitasi va dastlabki hukumat tarkibi – Buxoro Xalq Nozirlar Sho‘rosi uzil-kesil tasdiqlandi.

Buxoro amirligi davrida mamlakat 32 ta (ba’zi manbalarda 27 ta) viloyat (ular bekliklar ham deyilgan)dan iborat bo‘lgan, bu viloyatlar amloklarga bo‘linib idora qilingan. Mamlakat poytaxti – Buxoro shahri atrofidagi hudud 9 ta tumanga ajratilib, bu tumanlar va Buxoro shahrini amir nomidan qushbegi (Bosh vazir) boshqargan. Bu ma’muriy bo‘linish fuqarolarga yaxshiroq xizmat ko‘rsatish manfaatini ham, boshqarishning qulay bo‘lishi manfaatlarini ham unchalik qondirmas edi. Shu sababli 1920 yil kuzida zudlik bilan BXSRda dastlabki ma’muriy-hududiy bo‘linish o‘tkazilib, u viloyatlar, tumanlar, kentlar, amloklar va qishloqlarga ajratildi. Buxoro Respublikasining poytaxti – Buxoro shahri muhim siyosiy-ma’muriy markazga aylanib, bu yerda respublikaning ijtimoiy-siyosiy hayotini, uning iqtisodiy va madaniy rivojlanishini boshqaruvchi barcha tashkilotlar to‘plandi.

1920 yil oktyabrda Toshkentda RSFSR bilan BXSR o‘rtasida muvaqqat harbiy-siyosiy bitim tuzildi. 1921 yil 4 martda Moskvada RSFSR bilan BXSR o‘rtasida ittifoq shartnomasi imzolandi. Biroq bu shartnomalar mustaqil siyosat yuritishga harakat qilayotgan yosh Buxoro davlati arboblari faoliyatini muayyan darajada cheklashga olib keldi. Xususan, Ittifoq shartnomasi mustaqil Buxoro davlati hududida sovet qo‘shinlari (qizil armiya) turishini “qonuniy” asoslab berdiki, mazkur hol BXSR ichki ishlariga sovet Rossiyasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy jihatdan qurolli aralashuvidan boshqa narsa emas edi.

Xorazm vohasida bo‘lgani singari Buxoro tuprog‘ida ham qizil askarlarning bosqinchiligi va Buxoro xalqining turmush tarziga yot bo‘lgan bolshevistik usuldagi inqilobiy o‘zgarishlarning zo‘rlik bilan joriy etilishi aholining noroziligiga sabab bo‘ldi. Bu holat Buxoro jamiyatini tanazzulga olib keldi, mamlakatni urush oloviga tashladi, iqtisodiyotga va xalqning turmush darajasiga halokatli ta’sir ko‘rsatdi.

Buxoro Xalq Sovet Respublikasi va Xorazm Xalq Sovet Respublikasi o‘zbek xalqi davlatchiligi tarixida muhim o‘rin tutadi. Sharqdagi dastlabki xalq respublikalari bo‘lgan bu davlatlar qisqa muddat ichida katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. O‘rta asrlarga xos monarxiya tuzumi va qoloqlikdan, yakka shaxsning hukmronligi ustuvor bo‘lgan istibdoddan, diniy mutaassiblik va jaholatdan demokratik o‘zgarishlar tomon katta qadamlar tashlandi. Taraqqiyparvarlar va ziyolilar (asosan “Yosh buxoroliklar” va “Yosh xivaliklar”)dan tashkil topgan Buxoro va Xorazm hukumatlari mamlakatda demokratik islohotlarni qaror toptirishda juda qiyin sharoit va vaziyatlarda ish olib borishlariga qaramasdan, o‘z faoliyati davomida ayrim xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ysa-da, shuningdek, doimiy ravishda bolsheviklarning zug‘umi va Markazning tazyiqi ostida siyosat yuritishga majbur bo‘lgan bo‘lsa ham o‘z tarixiy vazifasini uddalay oldi.

Buxoro Xalq Sovet Respublikasi va Xorazm Xalq Sovet Respublikasining demokratik islohotlar tomon bosib o‘tgan yo‘li o‘sha davr uchun ham, bugungi kun nuqtai nazaridan olib qaralganda ham mashaqqatli va ulug‘ yo‘l bo‘ldi. Buxoro va Xorazm Respublikalari atigi 4-5 yil ichida dunyoviy islohotlar joriy qilinayotgan demokratik davlatga aylana boshladi. Afsuski, bu jarayonlar mustabid sovet rejimi tomonidan sun’iy ravishda to‘xtatib qo‘yildi va nisbatan mustaqil bo‘lgan bu davlatlarning mavjudligiga barham berildi. Buxoro va Xorazm Respublikalarining tugatilishi bilan kamida uch ming besh yuz yillik tarixga ega o‘zbek xalqining milliy davlatchilik halqasi deyarli uzib tashlangan edi.

Qahramon Rajabov,

tarix fanlari doktori, professor.

 

 

Muallif haqida: Qahramon Rajabov – 1962 yilda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tug‘ilgan. Tarix fanlari doktori, professor. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti yetakchi ilmiy xodimi.

Olimning Turkistondagi jadidchilik va istiqlolchilik harakatlari, sovet rejimining qatag‘on siyosati, shaharlar tarixi, Turkiston ASSR,  BXSR va XXSR tarixi hamda Turkistondagi tarixiy shaxslar hayoti to‘g‘risida 105 ta kitobi va 1200 dan ortiq ilmiy va ommabop maqolalari e’lon qilingan.