Olti nafar mast fuqaro navbatchi feldsher va vrachni sababsiz kaltaklashdi
Bugun, 4 iyun kuni Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining Sirdaryo viloyati filialida o‘rnatilgan «Call» markaziga Sayxunobod tumani Do‘stlik mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro A.B.ning tobi qochganligi bois o‘sha mahalla hududidan o‘tuvchi kanal bo‘yiga tez tibbiy yordam so‘rab, tungi soat 00:13 da murojaat qilishdi.
Natijada Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyati filiali «Call» markazi chaqiruvni Sayxunobod tumani tibbiyot birlashmasi tez tibbiy yordam bo‘limiga qarashli birlashgan tez tibbiy yordam shoxobchasiga uzatgan.
Guliston shahridagi tez tibbiy yordamning «Call» markaziga kelib tushgan chaqiriqqa asosan birlashgan tez tibbiy yordam shoxobchasining 20 382 MAA raqamli, «Damas» rusumidagi tez tibbiy yordam avtomashinasida navbatchi vrach J.O. va navbatchi feldsher V.N.lar chaqiriq manziliga tungi soat 00:21 da yetib borishadi.
Chaqiriq manzilida esa 6 nafar mast holatdagi fuqarolar kutib olishadi va yetib kelgan navbatchi feldsher va navbatchi vrachni mashinadan tushishi bilan sababsiz kaltaklashadi. Oqibatda 1992 yilda tug‘ilgan navbatchi vrach J.O. «BMYoJ bosh miya chayqalishi, o‘ng qosh sohasi ezilgan-yirtilgan jarohati, o‘ng ko‘z paraorbital gematomasi, ko‘krak qafasi o‘ng tomonlama yumshoq to‘qimasi lat yeyish» tashxisi bilan hamda 1976 yilda tug‘ilgan navbatchi feldsher V.N. «BMYoJ, bosh miya chayqalishi, o‘ng qo‘l V-kaft suyagining asosidan yopiq sinishi, chap chakka sohasi burun va chap yonoq sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, yuqori lab ichki va tashqi yuzasi teri osti gematomasi, o‘ng ko‘z pastki qovoq sohasi yumshoq to‘qimasi lat yeyishi» tashxisi bilan Sayxunobod tumani tibbiyot birlashmasining shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga tungi soat 02:00 da yotqizildi.
Tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi shifokorlari vrach J.O. va navbatchi feldsher V.N.ga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Ushbu hodisa ishtirokchisi bo‘lgan, 1980 yilda tug‘ilgan fuqaro Sh.Q. va A.B.larni tungi soat 02:00 da tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari Sayxunobod tumani TTBga olib kelishganida, ular o‘ta mast holatda bo‘lgan.
Mast holatida bo‘lgan, 1973 yilda tug‘ilgan A.B.ning o‘ng tizza bo‘g‘imi sohasi yumshoq to‘qimasi lat yeyishi va shilingani bois unga tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi navbatchi shifokori, vrach-xirurg Jo‘raboy Ashirov tomonidan ambulator yordami ko‘rsatildi.
Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, ayni chog‘da ushbu holat yuzasidan Sayxunobod tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.