O‘mon matbuoti: Samarqandda o‘tkaziladigan ShHT sammitida O‘zbekiston Prezidenti qator innovatsion tashabbus va takliflarni taqdim etishi kutilmoqda

O‘mon Sultonligining «Asdaa Oman» gazetasi veb-sahifasida joriy yil 15-16 sentyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar  bermoqda “Dunyo” AA.

Unda ShHTning Samarqandda o‘tkaziladigan sammitida davlat rahbarlari so‘nggi uch yilda ilk bor yuzma-yuz uchrashishi ta’kidlangan. Bu esa, COVID-19 pandemiyasi davrida to‘planib qolgan ikki tomonlama, mintaqaviy va global masalalarni muhokama qilish uchun qulay imkoniyat bo‘ladi.

Jahon siyosati va iqtisodiyotidagi xavfli siljishlar sharoitida Samarqand sammitining ahamiyati yanada ortib bormoqda, unda tashkilot rivojlanishining istiqboldagi omillarini belgilab beradigan asosiy qarorlar va kelishuvlar qabul qilinadi, deb qayd etilgan maqolada.

“ShHT ko‘p qirrali hamkorlik g‘oyalarini ilgari suruvchi, hech qanday geosiyosiy maqsadlarni ko‘zlamagan, hech bir shaxs yoki davlatga qarshi sa’y-harakatlarni amalga oshirmaydigan tashkilotdir. Ushbu tamoyillar uning nizomida aniq ko‘rsatilgan va tashkilotning butun tarixi ushbu qoidalarga qat’iy rioya qilinayotganini isbotlaydi”, deb yozadi nashr.

Sammitda 15 ta davlat va ShHT bilan hamkorlik qiluvchi o‘nta xalqaro tashkilot rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.

Tashkilotga O‘zbekiston raislik qilayotgan davrda o‘tkazilayotgan ushbu sammit mamlakatning nufuzi ortib borayotgani va davlat rahbarining xalqaro maydonda siyosatchi sifatidagi obro‘yi yuksalayotganining yana bir yorqin tasdig‘idir.

O‘zbekistonning ShHTga raislik faoliyati Prezident Shavkat Mirziyoyevning yangi tashqi siyosiy ohangini ham aks ettiradi. Pragmatizm, dinamizm va tashabbuskorlik keyingi yillarda o‘zbek diplomatiyasi uchun o‘ziga xos «tashrif qog‘ozi»ga aylanib ulgurdi.

ShHT yangi davrda qanday bo‘lishi kerak, degan savolga javob O‘zbekistonning konseptual yondashuvini o‘z ichiga olgan ustuvor yo‘nalishlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi, deb fikr yurigna muallif. Savdo, sanoat va texnologik hamkorlik, transport va iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish, innovatsiyalar va raqamli transformatsiya hamda yashil iqtisodiyotni rag‘batlantirish kabilar shular jumlasidandir.

O‘zbekiston ShHTga a’zo mamlakatlarni global miqyosdagi geosiyosiy va iqtisodiy notinchlik davrida ko‘p tomonlama hamkorlikning ahamiyatini qayta ko‘rib chiqishga chaqiradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ShHTning Samarqand sammitida Tashkilot kun tartibini yangilash va faoliyatini modernizatsiya qilish bo‘yicha qator innovatsion tashabbus va takliflarni taqdim etishi kutilmoqda.

Bugungi kunda ShHT katta, muhim va jiddiy transformatsiya bosqichiga kirmoqda. Bu jarayon unga a’zo davlatlar safining kengayishi, tashkilot ichidagi va uning atrofidagi o‘zgaruvchan voqeliklar hamda Samarqand sammiti doirasida Eron ShHTga a’zo bo‘lishi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l ochadigan majburiyat memorandumini imzolashi kutilmoqda. Bundan tashqari, Misr, Qatar va Saudiya Arabistoni bilan muloqot bo‘yicha sherik maqomini beruvchi memorandumlar imzolanishi rejalashtirilgan. Hamkor maqomini olish uchun arizalar Bahrayn va Maldiv orollari bilan tasdiqlanishi kutilmoqda.

Sammit doirasida qator muhim qarorlar imzolanishi rejalashtirilgan. ShHT doirasida ko‘p qirrali hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan 30 ta muvofiqlashtirilgan hujjat tayyorlandi. Tashkilotchilarning fikricha, bu ro‘yxat yanada kengaytiriladi.

Sammitning asosiy yakuniy hujjati Samarqand deklaratsiyasi bo‘lib, unda ShHT davlatlarining mintaqaviy va global muammolarni hal etishda tashkilotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda umumiy yondashuvlari aks ettiriladi, deb yozadi«Asdaa Oman» gazetasi.