Omon Matjon, O‘zbekiston xalq shoiri: “Zarafshon”dek elga nur taratguvchi ziyosi bor!
Turli davralarda, anjumanlarda, o‘zaro bahs-munozaralarda axborot almashish qaysi davrda yuzaga kelgan, u qay yo‘sinda amalga oshirilgan, bosma so‘zning tarixi nechanchi asrlardan boshlanadi kabi savollar bot-bot takrorlanib turadi. Bu savollarga javob berish oson emas.
Lekin men o‘zimcha shunday o‘ylayman: Yer yuzida insoniyat paydo bo‘lgandan buyon odamlar zaminning qaysi nuqtasida umrguzaronlik qilishmasin, o‘zaro muloqot qilib yashashga, hamkorlik qilishga, bir-biriga xabarlar yetkazishga, axborot almashishga intilib yashagan. Shu ma’noda toshlarga o‘yilgan eng qadimiy piktografik belgilar, qoyalarga chizilgan suratlar, yog‘ochlarga, hayvonlar terilariga, papiriuslarga bitilgan yozuvlar ana shu axborot almashishning dastlabki namunalaridek taassurot qoldiradi.
O‘tmishda xabar tarqatish, axborot berish muhim ish hisoblangan. Abu Rayhon Beruniy qadimiy Xorazmda olimlarni “xabarchi”lar deyishadi deb ma’lumot beradi. Bu bejiz emas. Olimlar haqiqatdan ham o‘zlari yaratgan yangiliklar, boshqalar kashf qilgan kashfiyotlarni turli mamlakatlarga, xalqlarga tarqatgan. O‘z davrining chinakam xabarchilariga, axborotchilariga aylanishgan. Yoki Afrosiyobning devorlariga chizilgan odamlar qiyofalarini eslang. Shular orasida ko‘plab elchilar suratlari bor. Ixshidiylar saroyiga kelgan elchilardan birining kiyimi etagiga do‘stlikni, qardoshlikni, hamkorlikni ulug‘lovchi so‘zlar bitilgan. Ana shu bitiklardagi xabar Samarqanddagi axborotning qadimiy namunalaridan biri, deyish mumkin. Yohud Misrda qadimiy papiriuslarga barcha ma’lumotlarni, xabarlarni kohinlar va saroy amaldorlari bitishgan. Hindistonda esa yangiliklar, ma’lumotlar, xabarlarni nihoyatda bilimdon kotiblar yozishgan. Ular 15-20 yil yuksak darajada ta’lim olganlaridan keyin “xabarchi”lik vazifasini bajarishga kirishgan. Bulardan xulosa qilib aytish mumkinki, qadimda xabar, axborot, yangilik tarqatuvchilar juda ziyoli, o‘qimishli, davrining yetuk insonlari bo‘lishgan. Ular tomonidan bitilgan xabarlar, yangiliklar qadrlangan.
Bugungi kunda esa xabar berish, axborot tarqatish, hayotdagi voqealarni tahlil qilib yangiliklarni xalqqa yetkazish ommaviy axborot vositalari, deb atalgan radio, gazeta jurnallar, televideniye, internet va boshqa axborot tarmoqlari zimmasiga yuklangan. Albatta, bu axborot tarmoqlarining har birining o‘ziga xos vazifalari bor. Ayni paytda ularning axborot olamida qulaylik va afzalliklari ham mavjud. Aytaylik, radio yangiliklarni eshituvchilar uchun yetkazab bersa, televideniye ularni eshittirishdan tashqari, ko‘rsatib berish imkoniga ega. Internet tarmoqlari esa tezkorlik borasida ilg‘or. Bosma so‘z - gazeta jurnallar odamlarga axborot yetkazish bilan birga radio, televideniye, internet tarmoqlari amalga oshirolmaydigan ish — voqeliklarni tarix bag‘riga ham muhrlaydi. Bundan tashqari, bosma nashrlarda so‘zning qudrati, ma’no tovlanishlari, ifori, latofati, jozibasi ommaviy axborotning boshqa tarmoqlaridagiga nisbatan mukammal namoyon bo‘ladi. Shu sababli yaxshi yozilgan maqolani, publitsistik asarni, ixcham va mazmunan yuksak bitilgan muhim yangilik, axborotni hamisha intiqlik, oshuftalik bilan mutolaa qilamiz. Qalbimizda ommaviy axborot vositalariga, ayniqsa, bosma matbuotga ko‘proq muhiblikning sababi ham ehtimol ana shundadir.
Endilikda adabiyot olamiga ommaviy axborot vositalarida qalami charxlanmagan, badiiyat mulkiga matbuotning qaynoq hayotida toblanmasdan kirgan ijodkor yo‘q, desak xato bo‘lmaydi. Zero, badiiyatga, so‘zga muhabbatning birinchi qadami va sinovi ham matbuotdan boshlanadi.
Mening ham shoir sifatida shakllanishimda, ijod olamini chuqurroq anglashimda, hayot yo‘limni belgilashimda matbuotning o‘ziga xos o‘rni bor. Ilk mashqlarim Xorazm viloyatining Gurlan tumanida nashr etiladigan “Paxtakorlar ovozi” gazetasi sahifalarida e’lon qilingan. Samarqand davlat universitetiga xorijiy tillar fakultetiga o‘qishga kirganimdan keyin matbuotda e’lon qilingan she’rlarim tufayli o‘zbek filologiyasi fakultetida ta’lim olishga o‘tkazilganman. Samarqand dorilfununida yetuk ustozlardan ta’lim olish bilan birga, viloyatda chop etiladigan “Zarafshon” (o‘sha paytlarda bu nashr “Lenin yo‘li” deb atalardi) gazetasi biz yoshlar uchun ijod va hayot maktabi vazifasini o‘tagan. O‘tgan asrning 60-70 yillarida bu gazetaning nufuzi nihoyatda yuksak edi. U nafaqat viloyatlar nashrlari o‘rtasida, balki respublika gazetalari orasida yetakchilardan biri edi. Unda viloyatning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ma’rifiy va boshqa sohalardagi yuksalishlari bilan birga respublika hayotidagi yutuqlar va kamchiliklar tahlil hamda tadqiq qilinardi. Gazeta Samarqand adabiy maktabi, ilmiy majlislari, ilmu irfoni, ma’naviyat chashmalari, madaniy taraqqiyoti, umuman, voha ahlining quvonch va tashvishlari, orzu-umidlarining ko‘zgusiga aylangandi.
O‘sha yillarda gazetaga bosh muharrirlik qilgan Lutfulla Hamroyev va Nuriddin Shukurovning xizmatlari ham katta bo‘ldi. Ular “Zarafshon”ning mavqeini yuksaltirish bilan birga, tahririyat qoshida tashkil etilgan jurnalistlar va ijodkorlar anjumanlari orqali ko‘plab qalam ahllarini kashf qildilar. O‘tgan asrning 60-70-yillarida gazetada faoliyatini boshlagan Oqiljon Husanov, Tesha Saydaliyev, Hakima Hasanova, Naim G‘oyipov, Rahmatjon Akramov, Samariddin Sirojiddinov, Iso Abdurahmonov, Normurod Narzullayev, Sur’at Oripov, Telman Rahmatov, Mardi Nuriddinov, Asad Dilmurodov, Abdurashid Abdurahmonov, Nusrat Rahmatov va boshqa ko‘plab ijodkorlar adabiyot hamda matbuot rivojiga munosib hissa qo‘shdilar. Shu tariqa “Zarafshon”ning ijod va jurnalistika maktabi paydo bo‘ldi. Bu maktab adabiy va madaniy hayotimizda yaxshi natija berdi.
Umuman, “Zarafshon” gazetasi haqida so‘z borganda, uning dunyoga kelishi, matbuot sohasida o‘z o‘rniga ega bo‘lishi, xalq ichida tanilishida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, G‘ozi Yunus, Abdulhamid Majidiy, Anqaboy Xudoybaxtov, Ra’no Uzoqova, Said Nazar, Rahmat Majidiy, Sharof Rashidov singari millatimizning fidoyi shaxslari va ijodkorlarning beqiyos xizmatlari bor. Keyingi avlodlar vakillari ularning munosib davomchilari bo‘lishdi.
Gazeta nomining “Zarafshon” deb atalishi ham bejiz emas. Zarafshon daryo sifatida yuksak cho‘qqilardagi, musaffo buloqlardagi suvlarni jamlab, voha hayotiga jon bag‘ishlaydi. “Zarafshon” gazeta sifatida voha ahlining aql-shuuriga, qalbiga nur, ziyo, ilm-ma’rifat, yangiliklar, olam go‘zalliklarini olib kiradi. Niyatimiz gazetaning bu olijanob maqsadi kelgusida ham bardavom bo‘lsin. Aytishlaricha, gazetaning shu kungacha 25 mingdan ortiq soni chiqib, mushtariylar qo‘liga yetib boribdi. Bu degani gazeta shu vaqt ichida bir necha millionlab, milliardlab insonlar qalbidan joy olganini, uning har bir dilda o‘chmas ziyosi borligini ko‘rsatadi.
Do‘stlar, Samarqand degan so‘zning teran ma’nosi bor,
Chun Maroqand haqda har gapning qadim dunyosi bor.
Bul zaminning kechmishi Afrosiyob birlan buyuk,
Toleinda ham Turon, ham Sug‘diyon imlosi bor.
Bul tavorix sahv o‘lur, yodlanmasa buyuk Temur,
Bir qo‘linda tig‘ uning, lek ko‘ksida ziyosi bor.
Chun bu mulkni poyidor etti Ulug‘bek shavkati,
To bugun el yodida yulduz sevar Mirzosi bor.
Chorladi ustoz Abdullays Mir Alisherni buyon,
Bundakim nazm ahlining Jomiy kabi peshvosi bor.
Tegdi Bobur ko‘ksiga bunda Zarafshondin nasim,
To bobo maskanga mangu tug‘rosi bor...
Kezdilar bu bog‘ aro ustoz Olimjon — nuri pok,
Yonida buzruk nasab Ayniy kabi domlosi bor.
Shoir Uyg‘un, Mirtemir, Asqad al-Muxtor, yana
Nazmro‘y Fayziy, yana shirin zabon Yahyosi bor.
Bunda Mo‘minzodalar nomi xazon bo‘lmay yashar,
Orif Ikrom o‘g‘lining mangu ruh afzosi bor.
Bunda Hamdam Berdiyor, Jo‘rayu, Botir Vali,
Qosim o‘g‘li Akbaru Mahmud Amin donosi bor.
Navqalam sardoridur Nuriddinu Saydullolar,
Barchasiga rahnamo Vohid Abdullosi bor.
Ko‘p zamonlar o‘tsa ham ahli zako qolgay buyuk,
Bul salaflar boshida oti Sharof siymosi bor.
Do‘stlar! Yaxshi niyat — ustozlar aylandi yod,
Chun alarning behudud obi hayot daryosi bor.
Barchasi haqda so‘z aylamoq fursati yetsa agar,
“Zarafshon”dek elga nur taratguvchi ziyosi bor!