On-layn: E.Turdimov soxta hisobot bergan rahbarlarga ma’muriy jazo qo‘llashni tavsiya qildi

Unda aytilishicha, tuman hokimiga kelgan 1 070 ta murojaatning 931 tasi yechimini topmagan.

Yig‘ilishda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov mahalliy boshqaruv idoralari vakillarining sust faoliyatini keskin tanqid ostiga olarkan, muammolarni bartaraf etishda mutasaddilar fuqarolardan soxta tashakkurnomalar yozdirib olganini aytdi.

Jumladan, gaz ballonlari yetkazish bo‘yicha 37 ta, qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha 4 ta, ishga joylashtirishda 9 ta, tijorat banklari tomonidan 5 ta arz ijobiy hal bo‘ldi, deb yolg‘on ma’lumot berilgan.

E.Turdimov noto‘g‘ri ma’lumot bergan rahbarlarga ma’muriy jazo qo‘llashni tavsiya qildi.

- O‘z faoliyati mas’uliyatini his qilmay ish yuritayotgan bu kabi rahbarlar tufayli aholida ishonchsizlik kayfiyati ortib ketgan, - dedi u.

Shu kunlari o‘tkazilgan "Jamoatchilik nazorati" guruhlari o‘rganishi natijasida gaz balloni yetkazish yuzasidan 1 yarim mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Aniqlanishicha, ba’zi hududlarga 4 oydan beri to‘ldirilgan gaz balloni yetib bormagan.

Shuningdek, ishsizlik va ish xaqlari bo‘yicha 1 258 ta murojaat olingan.

Tuman hokimining sanoat va qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosariga 3 300 ta, yoshlar bo‘yicha o‘rinbosarga 550 ta, investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarga 36 ta, tuman xotin-kizlar qo‘mitasi raisiga 91 ta murojaat kelib tushgan. Ularni ko‘rib chiqish va yechimini topish uchun 5 kun muhlat berildi.

Jamoatchilik nazorat guruhlari dushanba kuni Qo‘shrabot tumanida ish boshlaydi.

G‘olib ABDUSALOMOV.