O‘n minglab uy fasadiga bazalt qoplanadi: Issiqlik saqlashda u qanchalik ahamiyatli?

Xabaringiz bor, Bosh vazir raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 31 mingta uyning fasad qismi bosqichma-bosqich bazalt qoplamaga o‘tkazilishi aytilgandi. Bundan qahraton qishda uylarni isitish samaradorligini oshrish ko‘zda tutilgan. Xo‘sh, bazalt qoplama nima? Uning qanday afzalliklari bor? Quyida shu haqda ma’lumotlar bilan tanishamiz.

Bazalt qoplamasi eritilgan gabbro-bazalt jinsidan tayyorlanadi. Shu sababli, u "tosh yungi" deb ham ataladi.

Mutaxassislarga ko‘ra, u barcha turdagi bino va inshootlarda issiqlikni tutib turish uchun ishlatiladi. Issiqlik izolyasiyasi sifatida devorlar, tomlar, shiftlarda qo‘llash mumkin.

Bu qoplamaning yana bir afzalligi o‘tga chidamliligida. Bazalt qoplamasi +1114 ° S gacha bo‘lgan haroratga dosh beradi va shundan so‘ng eriydi. Lekin o‘t chaqnashiga sabab bo‘lmaydi.

Katta shaharlar va megapolislar aholisi uchun uning ovoz o‘tkazmaslik xususiyati g‘oyat qimmatli. Bazalt izolyasiyasi binolarni tashqi shovqindan to‘liq himoya qiladi.

Shu bilan birga ushbu "tosh yungi"ning jismoniy xususiyatlari vaqt o‘tishi bilan o‘zgarmaydi. Tarkibining zichligi uni tashish, o‘rnatish jarayonlarida deformatsiyaga uchrash ehtimolini yo‘qqa chiqaradi. Material shakli va hajmini o‘zgartirmasdan uzoq vaqt xizmat qiladi.

Qoplama bug‘ o‘tkazuvchanlik xususiyatiga ega. U bug‘ning erkin o‘tishiga imkon beradi, bino iqlimi sog‘lom bo‘lishini ta’minlaydi va mog‘orlashning oldini oladi. Aynan shu xususiyati bilan u "nafas ololmaydigan" polistirol ko‘pikdan ustun turadi. Havo tarkibidagi namlik ushbu issiqlik izolyasiyasi qatlamidan osongina o‘tadi. Izolyasiya namlanmaydi, kondensatsiyaga uchramaydi va o‘zining izolyasion xususiyatlarini o‘zgartirmaydi. Bu materialni hammomlar, yuvinish xonalari, turar-joy binolarida birdek qo‘llash imkonini beradi.

Bazalt qoplama tarkibida formaldegid bug‘lari va boshqa zararli moddalarning yo‘qligi uni salomatlik uchun eng xavfsiz materiallardan biriga aylantiradi.

Biologik bardoshlilik 
Bazalt qoplamaga turli mikroorganizm va mog‘orlar xavf sola olmaydi. Shuningdek, bunday materialga kemiruvchilarning, to‘g‘ri ma’noda, tishlari o‘tmaydi.

Tabiiylik 
Issiqlik izolyasiyasining asosi sof tabiiy mahsulot- gabbro-bazaltdan tarkib topgan. Xalq ichida "momiq shisha" deb ataluvchi qoplamada uchragani kabi inson teri va nafas yo‘llarini zararlamaydi.

Suv va namga chidamli. Material suv va namlikni o‘ziga singdirmaydi.

Mahsulot yengil vaznga ega. Buning natijasida izolyasiya plitalarini tashish va o‘rnatish juda oson kechadi va ko‘p ishchi kuchi talab etilmaydi.

Shu bilan birga quyidagi eslatmaga ham diqqat qilish lozim: Biologik va kimyoviy ta’sirlarga bardoshlilik, suv va namlanishga o‘ta chidamlilik xususiyatlari mahsulotning yaroqlilik muddatini 40-50 yil bo‘lishini ta’minlaydi.

Ushbu mahsulotning ham zararli tomonlari bormi?
Agar tashish va o‘rnatish jarayonida shaxsiy himoya vositalaridan, hech bo‘lmaganda ko‘zoynak, qo‘lqop, respirator va yopiq kiyimdan foydalanilsa, o‘rnatish bilan bog‘liq hech qanday muammo bo‘lmaydi.

Dilora XOLIQOVA.