Onalarning bemor bolaga g‘amxo‘rlik qilishga bilimi yetarli(mi?)

Yig‘lasa, bolaga shakar tutayotgan onalar

Yarim tunda uy darvozasi taqilladi, kimdir “Do‘xtir bobo!” deb bir necha bor chaqirdi, yosh bolaning chinqirib yig‘lashi ham quloqqa chalinardi. Vrachlik amaliyotimda bunday chaqiruvlarga ko‘nikib qolganman. Tashqariga chiqsam, ikki ayol - biri yosh, ikkinchisi keksaroq, qo‘lida chaqaloq. Go‘dakni ko‘rib qo‘yishimni, bir necha kundan beri bezovta ekanini aytishdi. Bolaga nima bo‘lganini so‘radim.

-   Chaqaloq 5-6 kundan buyon tinimsiz yig‘laydi, umuman uxlamaydi, ayniqsa bugun, yig‘laganiga 5 soatdan oshdi, - dedi go‘dakning onasi.

Bolani tekshirdim, isitmasi yo‘q, nafas, yurak, buyrak tizimida o‘zgarishlar aniqlanmadi, lekin qorni taranglashib ketgan, paypaslaganda bolaning yig‘lashi ortar edi. Shifokor sifatida bergan savollarimga katta onasi javob berardi. “Nega onasi emas, faqat siz gapiryapsiz”, deb so‘rasam, “Hali onasi yosh-da, endi 19 ga kirgan, bolaga qarashni tushunmaydi” deb javob qaytardi qaynona.

- Bolaning qorni nega buncha taranglashib ketgan, nima beryapsizlar?

- Emishi yaxshi. Yig‘laganida emizyapti. Quvvat bo‘lsin, deb onasiga har kuni novvot, murabbo beramiz.

- Bolaga yana nimadir ovqat bergansizlar...

- Ko‘p yig‘lagani uchun onasi sutiga to‘ymagan bo‘lsa kerak, deb novvot suviga pechene ivitib yedirgan edik.

- Har kuni novvot iste’mol qilgani uchun ona sutida shirinlik ko‘payib ketgan, bola buni hazm qilishi qiyin. Shuning uchun qorni damlagan, gaz ko‘p hosil bo‘lganda ichaklarda sanchiq paydo bo‘lgan. Bola ko‘p yig‘lashi shundan, ochlikdan emas. Ham ona suti, ham pechene bolaga kuchlilik qilgan, hazm qilolmagan. Ovqatlanish tartibi va me’yori buzilgan, pechenega kelsak, uni bir yoshdan so‘ng tavsiya etish mumkin. 6 oygacha qo‘shimcha ovqat mumkin emas, onaning suti yetarli.

O‘ylanib qolaman. Qachongacha sog‘lom bolalar onasining aybi bilan kasallanishadi, kasallangan bola ahvoli og‘irlashib qolganda va noxush hodisalarga olib kelgandagina ularga tibbiy yordam ko‘rsatiladi? Gap nimada? Bo‘lajak onaning farzand ko‘rishga tayyor emasligidami yoki tibbiy madaniyatning pastligida? Shu kabi savollarga javob topish maqsadida bir necha yillar mobaynida onalik va bolalik salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib boryapman.

6 oylikkacha bo‘lgan bolalarning 37 foiziga qo‘shimcha ovqat berilgan

Ona va bola organizmiga geoekologik faktorlarning ta’sirini o‘rganish bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib borish va profilaktik choralar ishlab chiqish dolzarb hisoblanadi.

Onalar sog‘lig‘ini har tomonlama baholash bo‘yicha viloyatimizda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari shuni ko‘rsatdiki, homiladorlik paytida ayollarda kamqonlik 68 foiz, toksikoz 64 foiz, homiladorlik davridagi xavfli holatlar 27 foiz, yuqori arterial qon bosimi 25 foiz, yallig‘lanish kasalliklari 51 foiz hamda surunkali kasalliklar 19 foiz qayd etilgan. Shuningdek, homilador ayollar boshoqli va dukkakli mahsulotlarni 61 foiz, sabzavot, meva va ko‘katlarni 60 foiz, sut va sut mahsulotlarini 56 foiz, go‘sht va go‘sht mahsulotlarini 60 foiz, baliq mahsulotlarini 75 foizga kam iste’mol qilishi aniqlangan. Tekshiruvlar natijasida muntazam ravishda sun’iy shirinliklar (novvot, granulalangan shakar)ni 86 foiz hamda 91-100 foiz choy iste’mol qiladigan onalar qayd qilingan. So‘rovda ishtirok etgan onalarning 44 foizi oilalarning ijtimoiy ta’minoti yetarli darajada emasligini, 52 foizi sog‘lom va bemor bolaga g‘amxo‘rlik qilish bo‘yicha bilim va malakasi yetishmasligini bildirgan.

Shunday qilib, onalarning ko‘p kasalliklarga chalinishi, noratsional ovqatlanishi hamda sog‘lom va bemor bolaga g‘amxo‘rlik qilish bo‘yicha bilimi, ko‘nikmasi pastligi onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilishda bir qator muammolarni tug‘dirmoqda.

Onalar va ularning go‘daklari mikronutriyentlar muvozanati rivojlanishining xavfi yuqori bo‘lgan guruhga kiritilishi, onalarning ratsional ovqatlanish, sog‘lom turmush tarzi, bolalarni to‘g‘ri parvarishlash va tibbiy madaniyat to‘g‘risida bilimlari pastligidan dalolat beradi.

Ushbu so‘rov natijalaridan ko‘rinadiki, ona va bola salomatligini mikroelementlar yetishmovchiligini hisobga olgan holda muhofaza qilishning tibbiy-ijtimoiy tizimini yaratish va uni davlat dasturlariga kiritish orqali hal etish mumkin.

Shundan kelib chiqib, mikronutriyent tanqisligini hisobga olgan holda, onalar va bolalar salomatligini saqlash bo‘yicha bir necha bosqichdan iborat mikronutriyent yetishmovchiligining oldini olishga qaratilgan tibbiy va ijtimoiy yordam rejasini ishlab chiqdik hamda amaliyotga joriy qilishni rejalashtirdik.

Avvalo, mikronutriyentlar yetishmovchiligini hisobga olgan holda respublikaning ekologik jihatdan noqulay hududlarida yashovchi emizikli yoshdagi bolalar va ularning onalarida sog‘liq bilan bog‘liq muammolarni erta aniqlash hamda onalik va bolalikni himoya qilish maqsadida ishlab chiqilgan yangi tibbiy va ijtimoiy usullarni joriy etish lozim.

Mikroelementlar yetishmovchiligi (D vitamini, kalsiy, fosfor, magniy, temir, rux, mis va boshqalar)ni hisobga olgan holda emizikli onalar va bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatishning yangi texnologiyalarini sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘inida, qizlar orasida va yosh oilalarda joriy etish.

Ekologik jihatdan noqulay hududlarda korreksiyalash, nutritsion qo‘llab-quvvatlash va oldini olishning yangi ishlab chiqilgan uzum shinnisi, uzum g‘o‘robi, sumalakli pechene, xalisa kabi milliy taomlarning shifobaxshligini ochib berish, amaliyotga joriy etish va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish kerak.

Saydullo Rasulov,

tibbiyot fanlari doktori.