Onasidan judo bo‘lgan bolalar boshqa turmush qurgan otasi emas, bobo va buvisi bilan qoldirildi

Samandar (ismlar o‘zgartirilgan) 2008 yilda Nasiba bilan qonuniy nikohdan o‘tib, birga yashab kelayotgan edi. Ko‘p o‘tmay Sirojiddin va Charos ismli farzandlari dunyoga keldi.
Biroq Samandar va Nasiba oilaviy kelishmovchiliklar sabab 2014 yildan keyin birga yashamay qo‘yishdi. Ikki o‘rtadagi araz qonuniy ajrim bilan yakunlanmagan edi. Ammo taqdirning hukmini qarangki, 2018 yil avgust oyida Nasiba vafot etdi. Shu bois, Sirojiddin va Charos bobo va buvisining qo‘lida qoldi.
Samandar farzandlarini qaytarib, o‘zining qaramog‘iga olib berishni so‘rab fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga da’vo bilan murojaat qilgan. Sudining 2019 yil 2 iyuldagi hal qiluv qarori bilan da’vogarning talabi qanoatlantirilib, bolalar bobo va buvidan Samandarga olib berilgan.
Biroq qizidan ayrilgan O‘lmas bobo hal qiluv qaroriga nisbatan apellyasiya shikoyati berib, nabiralarini o‘zining qaramog‘ida qoldirishni so‘ragan.
Sud nizo yuzaga kelgan vaqtga kelib, bolalarni olib berish uchun asos bo‘lgan xolatlar o‘zgargan-o‘zgarmaganligini, bolalarni otasiga qaytarish ularning manfaatlariga mos kelish-kelmasligini aniqlashi zarurligidan kelib chiqib, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi Samarqand mintaqaviy filialiga so‘rovnoma yubordi.
Berilgan javob, ya’ni 2019 yil 21 avgustdagi psixologik xulosada Sirojiddin hamda Charos bobosi va buvisi tarbiyasida bo‘lishi ularning jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga, axloqiy kamolotiga ijobiy ta’sir etishi, bolalar hozirgi kunda iliq oila muhiti va e’tiborda to‘g‘ri tarbiya olayotganligi sabab hozirgi yashayotgan sharoitini o‘zgartirmaslik tavsiya etilgan.
Apellyasiya instansiyasida bolalar doimiy ravishda bobo-buvisining tarbiyasida bo‘lib kelganligi taraflarning ko‘rsatmalari va ish hujjatlari bilan o‘z tasdig‘ini topdi. Qaror chiqarishda Samandar boshqa oila qurib farzandli bo‘lganligi, da’vogar ota sifatida boshqa shaxslar oldida bolasini shaxsan tarbiya qilishda ustun huquqqa ega bo‘lsada, o‘tgan yillar mobaynida bolalarining tarbiyasida yetarli darajada ishtirok etmaganligi e’tiborga olindi.
Shu bois bolalar bobosi va buvisiga bog‘lanib qolganligi tufayli Samandarga olib berilishi ularning manfaatlariga zid kelishini inobatga olib, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bekor qilindi.