Onlayn testlarni g‘irrom topshirayotgan talabalar bor. Ammo buning oldini olsa bo‘ladi

(Universitetning qattiqqo‘l o‘qituvchisi bilan suhbat)

Talabalar bir paytlar yurak hovuchlab kutadigan payt, ya’ni sessiya boshlandi. To‘g‘ri, bu yilgi sessiya, ehtimol, mamlakat tarixida ilk bor onlayn tarzda o‘tkazilayotgandir. Ko‘pchilik uchun kutilmagan va hech qanday tayyorgarliksiz bo‘layotgan ushbu bilim o‘lchovlarini aniqlash pallasi qanday kechmoqda? Umuman, bu haqda oliy dargoh o‘qituvchilarining fikri qanaqa? Go‘yoki barchasi shaffof o‘tayotganday tasavvur qoldirayotgan onlayn test sinovlarini topshirayotgan talaba g‘irromlik qilmayapti, deb kim kafolat bera oladi? Shu savollar bilan Samarqand davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Shahnoza EShNIYoZOVAga murojaat qildik.

Ikkinchi yarim yillikdagi sarhisob, ya’ni imtihonlar davri boshlandi. O‘qish paytida ham fanlarni yaxshi o‘zlashtirmagan ayrim talabalarning onlayn testlarni a’loga topshirayotgani haqida eshitib qolayapmiz. Nima deb o‘ylaysiz, karantinda talabalar yaxshiroq o‘qiy boshladimi yoki...

Talabalar o‘qimayapti deb aytolmayman, sababi, tizim shakllandi, vazifalar berildi va ayni paytda ham topshiriqlarni elektron tarzda jo‘natish davom etmoqda. Tabiiyki, bu topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarmayotgan talaba imtihonlarni topshirish uchun yetarli asosga ega bo‘lmaydi. Ammo talabalar orasida onlayn test topshiriqlarni bajarishda haqiqatan ham g‘irromlik yo‘lini tanlayotganlari bor. Keling, buning qanday amalga oshirayotganlarini aytib, ayni imtihon kunlari bunday “usullar”ning tarqalishiga sababchi bo‘lmaylik-da, ayni chog‘da o‘qituvchidan talab etiladigan vazifalar nima ekanligiga to‘xtalaylik. Misol uchun, yaqinda mening talabalarim orasida shunday voqea sodir bo‘ldi. Bir soat vaqt beriladigan 100 ga yaqin test savollariga o‘n daqiqa ichida javob bergan talabalar bo‘ldi. Bu vaqt ushbu test savollarini o‘qib ko‘rishga ham yetmaydi-ku! Men shu tarzda test topshirgan talabaning ushbu imtihonini hisobga olmadim. Ularning tayyorgarlik ko‘rishi hamda fanni o‘zlashtirishi uchun yetarlicha vaqt ajratilgandi. Shu kabi g‘irromlik bilan imtihon topshirgan talabalarga qo‘ng‘iroq qilib, ular bilan og‘zaki savol-javob qilishimni aytdim. Qolaversa, test savollariga javob berish uchun ma’lum vaqt ajratildi. Vaqtni o‘ylab, qolaversa internet tezligini o‘ylagan talaba hayajonlanishi, savollar qarshisida dovdirab qolishi ham mumkin. Shuning uchun ulardan qo‘shimcha tarzda, og‘zaki savol-javob qilib olishga kelishdik. Test topshirilayotgan fanlardan talabaga bir nechta imkoniyat berildi. Lekin men qo‘shimcha imkoniyat berganda savollarni o‘zgartirdim yoki bu imkoniyat bir marta berildi.

Bu sizdan qo‘shimcha mehnat, qo‘shimcha vaqt va kuch talab qiladi...

Ha, to‘g‘ri! Lekin yaxshi o‘qiydigan talaba ham, o‘rtacha o‘qiydigan talaba ham bir xil baho olishi adolatdan emas-da. Keyingi safar a’lochi talaba shunday yo‘l tutishga qiziqib qolishi, umuman o‘qishdan hafsalasi pir bo‘lishi mumkin. Ozgina mehnat bu kabi adolatsizlikning oldini oladi.

Test imtihonlari, umuman, keyingi ikki oy davomidagi o‘qish jarayoni elektron tarzda amalga oshirildi. Ammo barchada ham yuqori internet tezligini ta’minlab beruvchi qurilmalar yo‘q. Ayniqsa, qishloq hududlaridan turib masofaviy ta’lim olgan talabalar orasida bu masalada muammolar bo‘lmadimi?

Muammolar bo‘ldi, albatta. Ba’zi talabalar qo‘ng‘iroq qilib, internet tezligi pastligi, modul tizimiga kira olmayotganligidan shikoyat qildi. Ba’zilar “megabayt” sotib olishga moliyaviy jihatdan qurbi yetmayotganini ham aytdi. Ularni to‘g‘ri tushunaman. Yashirib nima qildik, hatto shaharning ba’zi hududlarida ham internet tezligi yuqori bo‘lmagan paytda qishloq joylaridagi talabalar uchun bu tabiiyki, qiyinchilik tug‘dirdi. Ammo ularni tushunishga harakat qildik. Shxsan men talabalarimning barchasi bilan aloqani yo‘lga qo‘yib oldim. Yuqoridagi kabi internet uchun mablag‘i yetarli bo‘lmagan bolalarga nisbatan kamroq megabayt sarflanadigan telegram kanallari orqali topshiriqlar berdim va ularning ijrosini talab qildim. Shu o‘rinda aytishim kerakki, shaharda, yuqori internet tezlikdagi gadjetlari bor talabadan ko‘ra kezi kelganda aloqa izlab yurgan qishloq talabasi topshiriqlarga mas’uliyatliroq yondashgan holatlarga guvoh bo‘ldim.

Aytmoqchisizki, izlagan imkon topadi...

Albatta, shunday. Ammo izlagan imkon topadi, deya shunchaki tomoshabin bo‘lib o‘tirish ham yaramaydi. Masofaviy ta’lim o‘qituvchini ko‘proq izlanishga, talabaga bilim berishda yana qanday usullarni masofadan turib qo‘llash mumkin, degan savollar ustida ko‘proq bosh qotirishga undadi.

Aynan shu haqda so‘ramoqchi edim. Masofaviy ta’lim o‘qituvchiga nima berdi? Talabaga-chi?

Modul tizimiga o‘tib ishlash haqida uch yildan buyon gap bo‘lardi, ammo buni amalda qo‘llash u yoki bu sabablarga ko‘ra paysalga solib kelinardi. Karantin cheklovlari oqibatida modul tizimiga juda qisqa fursatlarda o‘tdik. Onlayn konferensiya orqali talabalarga ma’ruza ham o‘tdik. Buning barchasi yangicha format, texnologiyalar bilan bog‘liq. Masofaviy dars o‘tishning nozikliklari, kamchiligu, yutuqlarini boshimizdan o‘tkazdik. Uni yaxshilash uchun nimalar qilish kerakligi haqida bosh qotira boshladik. Pandemiya tugab, yana avvalgi dars tizimiga o‘tarmiz, ammo tajriba o‘zimizda qoladi. Ta’lim tizimida endilikda yanayam ko‘p o‘zgarishlar, olg‘a siljishlar bo‘ladi, deb o‘ylayman. Ushbu tajribamiz bu vaqt davomida albatta asqotadi.

Sizni talabalaringiz “qattiqo‘l domla” deb aytishadi. Talabchanligingiz sizga pand bermaganmi?

Aksincha! Juda ko‘p talabalar, ba’zilar aynan o‘qish paytida, ba’zilari esa o‘qishni tugatib ketgach, bir necha yillardan keyin kelib rahmat aytib ketgan holatlar ko‘p bo‘lgan. Shogirdlarimning 5 nafari allaqachon fan doktori darajasiga yetgan. Men talabaning oliy dargohni tugatib, o‘zining maxsus fanidan yaxshi bilim olmay ketishini o‘zimga qabul qila olmayman. O‘z qoidalarim, prinsiplarim bor va ular pedagogikaning asl qoidalari bilan hamohangdir.

Gulruh MO‘MINOVA suhbatlashdi.