Opa-singillarni fohishalikka majburlagan qo‘shmachi qo‘lga olindi
Jizzax shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan Ittifoq mahallasidagi ko‘p qavatli uy xonadonlaridan birida fohishaxona faoliyat ko‘rsatayotganligi aniqlandi. Bu haqda Jizzax viloyati IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, Sharof Rashidov tumani, Ziyokor mahallasida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan M.T. va shu tumanning Saroylik mahallasida istiqomat qiluvchi, 1999 yilda tug‘ilgan M.A.lar Ittifoq mahallasida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan, turmushidan ajrashgan N.T. bilan yaqin aloqa qilayotgan vaqtda ushlangan.
Shuningdek, fohishaxonada Baxmal tumani, O‘smat shaharchasida ro‘yxatda turgan, turmushdan ajrashgan, 1995 yilda tug‘ilgan N.X. hamda Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanida ro‘yxatda turgan, turmushga chiqmagan 2002 va 2003 yillarda tug‘ilgan opa-singil M.A. va O‘.A.lar ham bo‘lgan.
Opa-singilning bildirishicha, Sharof Rashidov tumani, Toqchilik mahallasida yashovchi, turmushdan ajrashgan, 1982 yilda tug‘ilgan uy bekasi D.R. ularni qo‘rqitish yo‘li bilan fohishalik qilishga majburlagan. Qo‘shmachi ayollarni muntazam urib, haqoratlagan, agarda fohishalik qilishdan bosh tortsa, oila a’zolari va mahalladoshlariga qilmishlari to‘g‘risida ma’lumot berishini aytib, bosim o‘tkazib kelgan.
D.R. ayollarning xizmatini 100 ming so‘mga baholagan. Shuningdek, u “mijoz” topish hamda ayollarni “buyurtma” asosida yetkazish bilan shug‘ullangan. Ayblanuvchi ish topib berishni va’da qilib, ayollarni aldash yo‘li bilan chaqirib olgan. Hozirda ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi asosida ish qo‘zg‘atilgan.