«Opiy» savdosi yoxud «xodovoy tovar» ortida qabihlik borligini qachon anglaymiz?
Nafs balosi, nopok qilmishga qo‘l urish oqibati hech qachon yaxshilik bilan tugamaydi. Ayniqsa, giyohvand moddalar savdosini boylik orttirish manbai deb tushunganlar to‘g‘ri yo‘ldan adashib, guldek hayotlarini zimistonga aylantiradi.
Buni bejiz aytmayapman. Yaqinda sudda ko‘rilgan ish tuppa-tuzuk oila, aqli raso yigitlarni nafs degan balo chohga yetaklaganiga guvoh bo‘ldik.
Urgutlik Hamid Shavkatov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ishbilarmon yigit. U shu paytgacha tuman markazida xususiy tadbirkor sifatida faoliyat yuritib, kichik korxonasida erkaklar sport kiyimlari ishlab chiqarardi. Bir gal mahsulotlarini Tojikiston Respublikasining Panjakent shahridagi bozorda sotib, Ravshan ismli yigit bilan tanishadi. Ikki-uch bor mahsulot yetkazib bergach, Ravshan undan olgan sport kiyimlarini vaqtida sota olmaydi va 3 million so‘mdan ziyod qarz bo‘lib qoladi.
- Hamid, xo‘p desangiz, pul o‘rniga «xodovoy tovar» beraman, - deydi Ravshan atrofga olazarak qarab va «opiy» giyohvandlik vositasini ko‘rsatadi.
Avval rozi bo‘lmagan Hamid bu taklifdan yuz o‘girsa qarzni undirolmasligi, qolaversa, Ravshanning bu «biznes» orqali tezda boyib ketish mumkinligi haqidagi gapi uni xayolini o‘g‘irlaydi.
Xullas, shunday qilib, o‘sha kuni Ravshan 5 kilogramm «opiy» giyohvandlik moddasini Toshkent viloyatining Bekobod tumani chegarasiga chiqarib berish sharti bilan uning qarzidan kechishiga erishadi.
Voqealar rivojini kuzatar ekansiz, H.Shavkatov ushbu og‘uning xufyona savdosini yuritish uchun akasi va yaqinlarini ham bu jirkanch ishga jalb etganiga guvoh bo‘lasiz. Oxir-oqibat huquq-tartibot organi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda uning uyidan yashirib qo‘yilgan «og‘u» topildi va xolislar ishtirokida ashyoviy dalil sifatida olindi.
Achinarlisi, jamiyatga, oilasiga nafi tegadigan yoshda bu yigitlar 7-11,5 yil muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi. O‘zingiz ayting: nafaqat o‘z hayoti, boshqalar umrini ham tahlikaga qo‘yib, qabih jinoyat sodir etgan, nogiron bolalarning dunyoga kelishi, bemahal o‘limiga sababchi bo‘lishini bila turib shu yo‘lni tanlagan bunday kimsalarni kechirish mumkinmi?
Ushbu jinoyat ishi haqida qisqacha aytishdan maqsad narkotik moddalar savdosiga ayrim yoshlarning bilib-bilmay aralashib qolayotganida, uning oqibatida hayoti izdan chiqayotganida. Xo‘sh, nega? Axir, bu zahri qotil umr ildizlariga ziyon yetkazadi. Olib boradigan joyi xatar. Masalaning yana bir tomoni borki, bu narkobizneschilar uchun g‘oyat qo‘l keladi. Ya’ni, og‘uga ilakishgan odam xuddi o‘rgimchak uyasiga ilinib qolgan hashoratga o‘xshaydi. Xoh urinsin, xoh urinmasin, undan chiqib ketish amrimahol. To‘r esa borgan sari o‘ralib, domiga tortaveradi va oxir-oqibat, fojiaga olib keladi. Mana, jinoyatlar ildizi qayerda? Mulohaza qilib ko‘ring, axir shusiz hayotingiz tinch, mehnatingiz barakali bo‘lib, kuningiz bexavotir o‘tishi zavqli emasmidi?!
J.Arslanov,
jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudi raisi.