«Oq qo‘yim qani?»

Eshmat yo‘l qurilish tashkilotiga asfalt uchun bitum tashirdi . Bilasiz, kun issig‘ida qoramoy suyulib, to‘kkaningizdan keyin ham mashina kuzovida yopishqoq yuqi qoladi. Shanba kuni kechqurun ishdan qaytayotgan edi, yo‘lda qo‘y haydagan ikki yo‘lovchi qo‘l ko‘tarib to‘xtatishdi.

- Shofyor aka, iltimos, mana shu yigirmata qo‘yimizni bozor yo‘liga tashlab o‘ting, xizmat haqingizni to‘laymiz!

- Jon-jon, deb olib borib qo‘yar edimu, ammo mashina kuzovi asfalt qora moyi yuqi. Qo‘ylar bulg‘anib qoladi, - dedi Eshmat tushuntirib.

- Qo‘ylarga balo ham urmaydi, - yalinishdi yo‘lovchilar.

Eshmat ularning ra’yini qaytara olmay, noiloj rozi bo‘ldi. Manzilga yetib qo‘ylarni mashinadan tushirib, sanab ko‘rishdi: to‘ppa-to‘g‘ri – yigirmata. Ammo orasidagi oq qo‘y yo‘q. Egalari hayron bo‘lib bir-biriga qaradi. Voqeani tushungan Eshmat kulib yubordi. Oq qo‘y ham qoramoy va qoraqo‘ylarga ishqalanib qora tusga kirgandi.

Voqeani eshitib, o‘ylanib qoldim. Oq qo‘yniku tiqilinchda qora qo‘ylar ishqalanib qora qilgandir. Ba’zi odamlarchi? Kimningdir ortidan g‘iybat qilib, nomini qora qiladi va uchrashib qolishganda sir boy bermay apoq-chapoq bo‘lib ketaverishadi. O‘shalardan asrasin!

Jumaqul KARIM.