Oqdaryo iqtisodiyoti: Uchinchi toifaga kiritilgan tumanda sanoat va agrar soha rivoji qanday?
Oqdaryo tumanidagi 35 mahallada 165 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Tuman hududidan xalqaro yo‘l o‘tgan, viloyat markazigacha 33 kilometr masofada joylashgan. Bu geografik joylashuv mahsulot yetkazish, xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun ham juda qulay.
Hozir tumanda 410 ta sanoat korxonasi faoliyat yuritadi. Yil boshida hududlar toifalarga ajratilganda sharoiti nisbatan qoniqarli bo‘lganligi inobatga olinib, Oqdaryo viloyatimiz tumanlari orasida uchinchi toifada qayd etildi. Ammo bu barchasi joyida degani emas.
Prezidentimiz raisligida 2023 yilning 10 yanvar kuni sanoatni rivojlantirish hamda qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakat iqtisodiyoti va aholi bandligini ta’minlashda sanoat rivoji muhim ekanligini qayd etdi.
Iqtisodiy islohotlar natijasida keyingi besh yilda respublikamizdagi sanoat korxonalari barobar ko‘payib, 100 mingtaga yetdi, ishlab chiqarish hajmi 1,4 barobarga oshdi. Bu hududlar rivojiga ijobiy ta’sir qilmoqda. Jumladan, viloyatimizda ham metallni qayta ishlash bo‘yicha yangi va yirik loyihalar amalga oshirildi. Shu bilan birga natijalar imkoniyat darajasida emasligi, oziq-ovqat, charm-poyabzal, mebel ishlab chiqarish salohiyati yetarlicha ishga solinmagani qayd etildi.
Shu bois yig‘ilishda joriy yilda sanoatni rivojlantirish, sohaga investitsiyalarni ko‘paytirish va zaxiralarni ishga solish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari sanoat uchun yangi imkoniyatlar va qo‘shimcha moliyaviy resurslar berilishini ta’kidladi.
Birinchi imkoniyat – bank normativlari qayta ko‘rib chiqilib, tijorat banklarida korxonalarga kredit ajratish uchun qo‘shimcha 55 trillion so‘m resurs beriladi. Bu bitta tumanda o‘rtacha 20 million dollarlik qo‘shimcha investitsiyaga manba degani.
Ikkinchi imkoniyat - 2023 yilda sanoat zonalari va yirik investitsiya loyihalari infratuzilmasi uchun 1,7 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Qoraqalpog‘iston va Qashqadaryoda «Urgut» erkin iqtisodiy zonasining filiallari tashkil etiladi.
Uchinchi imkoniyat - 2023 yildan iqtisodiy rivojlanishi orqada bo‘lgan to‘rtinchi va beshinchi toifadagi 60 ta tumanga 27 turdagi soliq imtiyozi, subsidiya va preferensiyalar beriladi.
To‘rtinchi imkoniyat - gilamchilik, uy tekstili, charm va zargarlik tarmoqlari uchun taqdim etilayotgan yengilliklar. Unga ko‘ra, 2023 yilda to‘qimachilik loyihalariga qo‘shimcha 300 million dollar yo‘naltiriladi. Charm-poyabzal sanoatida 200 dan ortiq turdagi import xomashyo bo‘yicha bojxona imtiyozlari uch yilga uzaytiriladi. Zargar tadbirkorlarga xomashyoni chegirma bilan sotib olish imkoniyati hamda soliq, bojxona va bank imtiyozlari beriladi.
Prezidentimiz bu imkoniyatlarni aholi va tadbirkorlarga yetkazib, joylarda loyihalarni ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi.
Mutasaddilarga sanoat kooperatsiyasini kengaytirib, 6 milliard dollarlik mahalliylashtirish loyihalarini amalga oshirish, hududiy investitsiya dasturlariga kiritilgan 3 mingga yaqin loyihani vaqtida ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Umuman, barcha manbalar evaziga joriy yilda sanoatni 14 foizga oshirish imkoniyati borligi bildirildi.
Ishchi guruh o‘rgangach...
Berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, hududlarning sanoat salohiyatini oshirish va mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanishni ta’minlash maqsadida viloyat hokimi E.Turdimov Oqdaryo tumanidagi holat bilan tanishdi. Viloyat hokimi bir qator sohalar, jumladan, tumandagi drayver sohalarda kamchiliklar borligini, imkoniyatdan to‘laligicha foydalanilmayotganini bildirdi. Shu bois, bir necha kun davomida viloyat hokimligi ishchi guruhi tumanda sanoat, xizmat ko‘rsatish, savdo, investitsiya, qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik, ishlab chiqarish va boshqa sohalarni yanada rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, daromadni ko‘paytirish borasidagi yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘rganishlar olib bordi.
Tumanda jami 2770 ta korxona davlat ro‘yxatidan o‘tgan va hozirda ularning qariyb 200 ga yaqini faoliyat yuritmaydi. Sanoat, xizmat ko‘rsatish va savdo sohalarida 1821 ta korxona o‘rganilganda 322 ta korxona ishlab chiqarish (516 067,7 million so‘mlik) hajmini kamaytirgan, 1500 dan ortiq korxona «0» hajm bergan bo‘lsa, yana shuncha korxona ishchilar sonini 2 nafar va undan kam ko‘rsatgan, 1360 ta korxona soliq to‘lamagan.
Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, xizmat ko‘rsatish sohasida tumanda 488 ta korxona tomonidan 2022 yilda 786 milliard so‘mdan ortiq xizmatlar ko‘rsatilib, 2021 yilga nisbatan 13 foiz o‘sishga erishilgan. 923 ta savdo korxonasida 657 milliard so‘mlik tushum ta’minlanib, 2021 yilga nisbatan 107 foiz o‘sish ta’minlangan. Lekin bu eng yuqori natija emas, tuman imkoniyatlaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, soha faoliyatini rivojlantirish orqali o‘sishni 20 foizgacha oshirish mumkin. Xo‘sh, bunga qanday erishiladi?
- Buning uchun tumanni mahallabay, sektorbay sanoat, xizmat ko‘rsatish va savdo yo‘nalishlariga bo‘ldik, - deydi tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Elyor Ashurov. – Har bir mahallaga hokim yordamchisi va soliq inspektorini biriktirib, yuridik korxonalarning holatini monitoringdan o‘tkazyapmiz. Faoliyatni kengaytirish, rivojlantirish borasida to‘siqlar bo‘lsa, yordam ko‘rsatiladi. O‘rganishlar natijasida 488 ta korxonadan 399 tasi ikki nafardan kam ishchi ko‘rsatgani ma’lum bo‘ldi. Joriy yilda hajm kamaytirgan, «0» hajm topshirganlar, ikkita va undan kam ishchi ko‘rsatganlar va soliq to‘lamaganlar bilan ishlaymiz. 2022 yilda xizmatlar sohasida 915,8 milliard so‘mlik xizmat ko‘rsatilib, o‘tgan yildagidan 115 foizga oshgan. Bu ko‘rsatkichni yanada yaxshilash uchun joriy yilda qiymati 244,5 milliard so‘mlik 317 ta yangi loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Ya’ni, maishiy xizmat, mehmonxona, savdo, ta’lim, kafe va restoran, tibbiyot, avtotexxizmat, uy tadbirkorligi va uy tekstili sohalarida yangi loyihalar ishga tushadi. Ushbu loyihalarning amaliyotga tatbiq etilishi qariyb ming nafar aholini doimiy ish o‘rni bilan ta’minlaydi.
Bundan tashqari, xizmatlar sohasini rivojlantirish maqsadida yengil konstruksiyali shoxobchalar qurish uchun K-savdo elektron auksion tizimi orqali mahalla markazlari, xalqaro yo‘l yoqalari auksion savdolariga qo‘yiladi. Natijada, 2023 yil yakuni bilan tumanda xizmat ko‘rsatish sohasida 905 milliard so‘mdan ortiq savdo sohasida esa 764 milliard so‘mdan ortiq hajmga erishib, 15-16 foiz o‘sish kutilmoqda.
Xorijiy sarmoya iqtisodiyot rivojining asosi
Tumanda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb etish, sanoatni rivojlantirish borasida ham bir qator muhim choralar belgilangan.
- Viloyat hokimining topshirig‘i asosida sanoat salohiyatini oshirish uchun korxonalarni to‘rt guruhga bo‘lib o‘rganish belgilandi, - deydi tuman hokimining o‘rinbosari Nodir Mamatkarimov. – Bular - 178 ta to‘q qizil rangdagi hajm, soliq, ish o‘rni ko‘rsatmagan korxonalarni chuqur o‘rganish tavsiya etildi. Ikkinchi – qizil rangga kiruvchi 178 ta muammosi bor korxona. Ular soliqda ishchi o‘rin ko‘rsatgan, ammo hisobot topshirmagan. Uchinchi - sariq guruhdagi 14 ta korxona hajm, soliq hisobotlarini topshirgan, lekin ishlab chiqarish kamaygan. To‘rtinchi - yashil guruhdagi 40 ta salohiyatli hajmi ko‘rsatkichlar darajasi oshgan korxonaga ko‘maklashiladi.
Tumandagi sanoat korxonalari tomonidan 2022 yilda 619,9 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 926,1 milliard so‘mga, o‘tgan yil bilan solishtirilganda ishlab chiqarish hajmini 17,6 foizga oshirish belgilangan. Xo‘sh, bu natijaga qanday erishiladi?
- Birgina ishlab chiqarish emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb etishni ham rejalashtirganmiz, - so‘zida davom etadi N.Mamatkarimov. – Yuqorida aytganimdek tumandagi sanoat korxonalarida ishlab chiqarishni tizimli tashkil etib, ularning muammolariga yechim topib berish bilan ishlab chiqarishni o‘tgan yilga nisbatan 306,2 milliard so‘mga oshirish imkoni bor. Qolaversa, joriy yilda tumanda mahsulotlar eksportini 35,5 million dollarga yetkazish va o‘tgan yilga nisbatan 127 foiz o‘sish rejasi ishlab chiqildi.
Viloyat hokimining topshirig‘iga ko‘ra, 50 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etish bo‘yicha vazifalar belgilanib, tibbiyot, tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish, invitro usulida kartoshka urug‘chilik markazi tashkil etish bo‘yicha qiymati 11,3 million dollardan ortiq bo‘lgan 3 ta yirik loyiha shakllantirildi. Shuningdek, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hududiy dasturi doirasida sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida 864,4 million so‘mlik (2233 ta ish o‘rni) 462 ta loyiha ishlab chiqildi. Ushbu loyihalar uchun joriy yil aprel oyigacha tijorat banklari kredit mablag‘i ajratish va yilning uchinchi choragigacha barcha loyihalarni ishga tushirish vazifasi belgilandi. Buning natijasida joriy yilda qo‘shimcha 57 milliard so‘mlik ishlab chiqarish hajmi yaratilishi kutilmoqda.
O‘ktam Xudoyberdiyev.